09:43 / 20.04.2021
5 126

Mirza Azizovning shogirdlari ustozi haqida yig‘lab gapirdi (video)


Foto: «Daryo»
O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov 16 aprel kuni 58 yoshida vafot etdi. Mirza Azizovning shogirdlari aktyor Rasulxon Qodirxonov hamda aktrisa Ma’rifat Ortiqova ustozining amalga oshmagan orzulari haqida yig‘lab so‘zlab berishdi.

Hammaga yaxshilik sog‘inadigan inson edilar.

"Bu dunyo kutilmagan vaziyatlarni, kutilmagan sinovlarni taqdim qilishi hech kimga sir bo‘lmagan haqiqat. Ba’zan sinovlari qattiq bo‘ladi. Bizning teatr, umuman, o‘zbek kino va teatr san’ati uchun juda katta yo‘qotish bo‘ldi. Rahbarimizdan, ustozimizdan ayrilib qoldik.

Xalqimizda har bir o‘tgan inson haqida yaxshi inson edi, deb eslanadi. Lekin ustozimiz teatrimiz, san’atimiz, kino uchun, shogirdlar uchun o‘zlarini fido qildilar. O‘zlarini ehtiyot qilib, shifoxonalarda yotib, davolanib yurmasdilar, doim harakatda yurardilar. Juda ko‘p mehnat qilardilar.

Teatrimizda ishlaydigan yoshlarning deyarli barchasi viloyatlardan kelgan, hammamiz chet-chetlardan kelgan yoshlarmiz. Har birimizning to‘ylarimizga borib, bosh-qosh bo‘lganlar. O‘zlarini ayamasdan, barchani rozi qilishga harakat qilganlar. O‘zimning to‘yimga borish-ku mayli, ukam aktyorlik maktabi ochganida Angren shahriga borib, o‘zlari katta umidlar bildirib, maslahat berib, katta ishonch bildirib qaytganlar. Hammaga yaxshilik sog‘inadigan inson edilar.

Teatrimizning 80 yilligini nishonlashimiz kerak edi, bu bilan bog‘liq ustozimizning katta rejalari bor edi. Kitoblarini chiqarish orzulari bor edi, bu amalga oshdi, ammo o‘zlari buni ko‘rmay ketdilar.
Ba’zan insonlar sizni hurmat qilmasligi, yoki hurmatini yashirishi mumkin. Shunday ijod qilinglarki, sizni ko‘ra olmaydigan, yomon ko‘radigan odamlar ham sizni hurmat qilishga, zo‘r ijodkor-da shu, deyishga majbur bo‘lsin, deb o‘rgatganlar", - deydi aktyor, xonanda Rasulxon Qodirxonov.

Davolaning derdik, davolanmas edilar.
"Poytaxtga endi kelgan vaqtimda ilk marta uchrashgan insonim, aktyorim Mirza Azizov bo‘ladilar. Ularni ‘Ko‘ngil’ seriali orqali barchamiz taniganmiz, yaxshi ko‘rib qolgandik. O‘sha vaqtlarda tog‘am rahmatli bo‘lib qolgan paytlar edi. Onam yolg‘iz katta qilgandilar, ular Urganchga o‘qishga topshir, degandilar. Men Toshkentda o‘qimoqchi bo‘lib, Toshkentga o‘qishga kiraman, deganman. Mirza Azizovni ko‘rganimda siz tog‘amga o‘xsharkansiz, deganman.

Aynan Mirza Azizovning tavsiyasi bilan musiqali drama fakultetiga topshirganman. Shunday insonning shogirdi ekanligimdan o‘zimni baxtli his qilaman, ammo menga berilgan imkoniyatdan juda ham yaxshi foydalana olmaganimdan afsuslanaman. Xom sut emgan bandamiz-da baribir.

Sahnaga chiqqanda qo‘rqoqlik odatim bor edi, qo‘rqmang, qo‘lingizdan keladi, siz eplaysiz, derdilar. O‘zingizga bo‘lgan ishonchni uyg‘otardilar. Meni ilk marta sahnaga olib chiqqan ustozim edilar.

Misrda 96 davlat ishtirok etgan katta gastrol konsertga bordik. ‘To‘da’ deb nomlangan spektaklni sahnalashtirgandilar. U spektaklda yaxshilikka undovchi Kamola ismli qiz rolini ijro etganman. Oliy o‘rinlarni olib qaytganmiz.

Hali qiladigan ishlari juda ham ko‘p edi. Teatr xodimlari ularning oilasi edi. Oyoqlari juda qattiq og‘rishini bilardim. Davolaning derdik, davolanmas edilar.

‘Qora bulutlar’ serialining s’yomka jarayonida mazalari yo‘qligi haqida eshitib qoldim. Bu xabarni eshitib, ustozga qayta-qayta telefon qildim, telefonni olmadilar. Keyin ayollariga Telegram’dan sms yozib yubordim. Ulardan javob keldi. Yaxshiman, Ma’rifatxon, ustozingizga sms yozsangiz, javob yozadilar, dedilar. Ustozga ovozli xabar yuborganimda «singlim, ancha yaxshiman», deb javob keldi. Barcha shogirdlaringiz sizni yaxshi ko‘radi, desam, Telegram’dan yaxshi degan belgini yubordilar.
Oilalariga sabr so‘rab qolaman, Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin, ilohim", - deydi aktrisa Ma’rifat Ortiqova.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Mirza Azizovning shogirdlari ustozi haqida yig‘lab gapirdi (video)