22:18 / 25.04.2021
2 856

Zarnigor G‘aniyeva Mirza Azizovning «Qodirxon» serialidagi ish jarayonlarini xotirladi (video)

Zarnigor G‘aniyeva Mirza Azizovning «Qodirxon» serialidagi ish jarayonlarini xotirladi (video)

Aktrisa Zarnigor G‘aniyeva Mirza Azizovning so‘nggi filmi bo‘lib qolgan «Qodirxon» serialidagi jarayonlar, o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydigan rolni Mirza Azizovning maslahati bilan o‘ynagani, ustozining unga bergan maslahatlarini xotirladi.

Aktrisa bu haqda YouTube’dagi YashinTV’ga bergan intervyusida gapirib berdi.
‘Qodirxon’ serialidagi o‘ynagan joyim juda xunuk, o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmagani sababli s’yomka jarayonida qiynalardim. Rejissyor ‘yelkasiga bosh qo‘ying, quchoqlab oling, deganlarida ‘Mirza aka, mening oilam yo‘q, lekin sizning oilangiz, Tojibar opam serialni ko‘rib, rashk qilib, arazlab qolmaydilarmi?» deganman. ‘Yo‘q, bu san’at, san’atda hamma narsa bo‘ladi, jinnini ham, o‘g‘rini ham, to‘g‘rini ham o‘ynab berishingiz kerak’, degandilar.

‘Xijolat qilayotgan bo‘lsangiz, meni otangizdek ko‘ring, otangizdek yelkamga boshingizni qo‘ying, qiziga dadasi moshina olib bersa, yugurib borib dadasini quchoqlaydi, siz shunaqa tasavvur bilan ijro qiling, derdilar. ‘Fikringizni hech qachon noto‘g‘ri qilmang, siz fikringizni noto‘g‘ri qilsangiz, xalqning ham fikri buzulishi mumkin’, derdilar. ‘Zarnigor, siz bilan rol o‘ynab qiynalmadim, xursandman siz bilan rol o‘ynaganimga’, degandilar.

O‘tgan yili, karantin paytida ‘Qodirxon’ serialida barcha jamoamiz bir dachada 15—20 kun qolganmiz. Mirza akaning jamoamizda borligiga shukr qilganmiz. To‘g‘ri, qattiq gapirgan vaqtlari ham bo‘lgan, ammo ular bilganlarini, tajribasidan kelib chiqib gapirganlari uchun xafa bo‘lmas edik.

‘Mirza aka, ‘Qodirxon’dagi rolimdan keyin hamma meni ‘birovni erini quchoqlayapti’, deyishadi. ‘O‘g‘illarim ham qabul qilmasa kerak’, deganimda ‘agar boshqa insonlarning fikri bilan yursak rol o‘ynolmaymiz, ‘Tubanlik’dagi rolimdan so‘ng bozorda yuzimga narsa otishgan’, dedilar.

‘Ular hayotda qanday insonligimizni, yuragimizdagini bilishmaydi, o‘ynagan rolimizga qarab yomon ko‘rishadi’, dedilar. Shu gaplaridan so‘ng kuchli inson bo‘lishga harakat qilganman.

Ularning vafot etganlarini s’yomkada eshitib, dovdirab, g‘alati bo‘lib qoldim. Shok holatga kelib qolib, rol o‘ynashga qo‘lim ham bormadi. Hayotimda nimanidir yo‘qotgandek bo‘ldim, - dedi aktrisa, xonanda Zarnigor G‘aniyeva.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Madaniyat » Zarnigor G‘aniyeva Mirza Azizovning «Qodirxon» serialidagi ish jarayonlarini xotirladi (video)