20:44 / 25.05.2021
3 768

Ozodbek Nazarbekov: «Mendirman Jaloliddin»ga bildirilgan tanqidlar va filmning navbatdagi mavsumi qachon suratga olinishi haqida


Foto: Madaniyat vazirligi axborot xizmati
Jahon kinematografiyasidagi har qanday tarixiy filmda xatoliklar uchrashi tabiiy holat. Haqiqatni o‘rganish uchun kinoga murojaat qilinmaydi. Bu haqda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 24 may, dushanba kuni «Toshkent 5 tashabbus harakati» yoshlar festivali doirasida OAV vakillariga bergan intervyusida so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda «Daryo».
Nazarbekov jamoatchilikning «Mendirman Jaloliddin» filmiga e’tirozi va tanqidiy fikrlariga munosabat bildirdi.

«Bu kinoning tanqid qilinishi kutilgan edi, bu tabiiy hol. Biz bir tomonlama mulohaza qilishimiz qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi? Umuman, har bir muammoni yuzaga kelish sabablarini oldin o‘rganish kerak. Ushbu kino ziyolilar, ayniqsa, tarixchilar tomonidan ko‘p tanqidga uchrayapti. O‘zbekistondagi tarixchilar kino bilan hamkorlik nuqtai nazaridan necha yillik tajribaga ega?! Hamkorlik mutlaqo yo‘q! Hamkorlik bo‘lmaganidan keyin, tabiiyki, keskin qarama-qarshiliklar bo‘ladi va oxiri o‘rtacha bir yechimga kelinadi. Badiiy film badiiylikni, tarix esa faktlarni talab qilaveradi. Bizda hali tarixchilar va kinochilar o‘rtasida hech qanday hamkorlik yo‘q.

«Mendirman Jaloliddin» o‘z nomi bilan badiiy film. Bu uning har qanday to‘qima voqeadan farqi yo‘q, degani. Kinoni hadeb tarixiy faktlar tomon tortaverish kerak emas, bu badiiy film deyapmiz. Kinoda Jaloliddin obrazi bor, boshqa eng muhim obrazlar mavjud. Maqsadimiz — bizning Jaloliddin degan milliy qahramonimiz bo‘lganligi, uni qahramon o‘laroq ko‘rsata olsak bo‘ldi. Uning haqiqatini, kerak bo‘lsa, tarixiy manbalardan bilib olavering. Muhimi, biz sizning e’tiboringizni filmga torta oldikmi, bo‘ldi. Agar torta olgan bo‘lsak, u yog‘ini borib faktlardan o‘rganinglar.

Agar muxlis kinodan tarixiy faktlar o‘rganaman, desa xato qilgan bo‘ladi. Chunki dunyodagi jamiki har qanday tarixiy film sizni xatoga olib boradi, barchasida xatoliklar topiladi. Haqiqatni o‘rganish uchun kinoga murojaat qilinmaydi. Manbalar, tarixiy faktlarga murojaat qilinadi», — dedi Ozodbek Nazarbekov.

Madaniyat vaziri filmning davomi qachon suratga olinishi haqidagi savolga javob berarkan «Hozir biroz tanaffusdamiz. Keyingi mavsumlarni suratga olishga harakat boshlangan. Menimcha, bir oylardan so‘ng, tasvirga olish boshlansa kerak», dedi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozodbek Nazarbekov: «Mendirman Jaloliddin»ga bildirilgan tanqidlar va filmning navbatdagi mavsumi qachon suratga olinishi haqida