Alisher Qodirov: “Mahluq-pedofil qamoqda mehribon bo‘lib qolmaydi”

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov ayrim og‘ir jinoyatlar, jumladan, qasddan odam o‘ldirish, bola qotilligi va pedofiliya uchun o‘lim jazosini qayta qo‘llashni taklif qildi.
- Uning fikricha, bunday jinoyatchilarni umrbod jamiyatdan ajratishning o‘zi yetarli emas, chunki ularning hayotda qolishi kelajakda shu kabi jinoyatlarni sodir etish uchun motivatsiya bo‘lishi mumkin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov ayrim og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qayta qo‘llash masalasini ilgari surdi. U bu haqda Telegram-kanalidagi sahifasida yozdi.
Qodirovning fikricha, ayrim toifadagi jinoyatchilarni jamiyatdan umrbod ajratishning o‘zi yetarli emas. U, xususan, qasddan odam o‘ldirganlar, bola qotillari va pedofillarga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanishi kerakligini ta’kidlagan.
“Ajratib olishda xato qilish mumkin bo‘lmagan ayrim toifadagi jinoyatchilarning yashashi o‘ziyoq jamiyat halovati uchun xavfdir”, — deb yozgan deputat.
Qodirov uzoq muddat qamoqda saqlangan bunday shaxslarni keyinchalik jamiyatga qaytarish yangi jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
U o‘z postida pedofillarga nisbatan keskin fikr bildirib, “mahluq-pedofilni qamoqda mehribon pedagog bo‘lib qolishiga” ishonish qiyinligini yozgan. Shuningdek, qasddan odam o‘ldirgan, ayniqsa bola qotillari qanday jazo kutayotganini aniq bilishi kerakligini ta’kidlagan.
Deputatning ta’kidlashicha, insonni qasddan o‘ldirish ham diniy, ham dunyoviy qarashlarda eng og‘ir jinoyatlardan biri hisoblanadi. Bunday jinoyatlar uchun qanday jazo qo‘llash masalasida esa turli qarashlar mavjud.
“Beayb insonni qasddan o‘ldirgan, ayniqsa bola qotili va pedofillarning yashashda davom etishi keyingi shu shakldagi jinoyatlar uchun motivatsiyadir”, — deb yozgan Qodirov.
Qayd etish joiz, O‘zbekistonda o‘lim jazosi amaldagi qonunchilikda nazarda tutilmagan. Qodirovning bayonoti esa mazkur jazoni ayrim og‘ir jinoyatlar uchun qayta joriy etish masalasiga oid siyosiy taklif sifatida yangragan.
Ushbu fikrlar Namangan viloyatida 5 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi xabarlar ortidan bildirilgan. Mazkur ish bo‘yicha gumonlanuvchi ushlangan va qamoqqa olingan, tergov harakatlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…