21:32 / 28.09.2021
2 445

Prezident kinofestival ishtirokchilarini qutladi

Prezident kinofestival ishtirokchilarini qutladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Ipak yo‘li durdonasi» XIII Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan mashhur aktyor va rejissyorlar, operator va rassomlar, prodyuserlar, kinoshunos olimlar, taniqli madaniyat arboblarini samimiy muborakbod etdi. Bu haqda davlatimiz rahbari Matbuot xizmati xabar bermoqda.

"Hurmatli festival qatnashchilari!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!

Avvalo, «Ipak yo‘li durdonasi» XIII Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan siz, qadrli ishtirokchilarni – mashhur aktyor va rejissyorlar, operator va rassomlar, prodyuserlar, kinoshunos olimlar, taniqli madaniyat arboblarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sharq darvozasi, azim Toshkent shahriga, qadimiy va betakror O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz!

Bugungi global dunyoda eng ommaviy va ta’sirchan san’at turi bo‘lmish kinoning yer yuzidagi turli xalqlar va madaniyatlarni o‘zaro yaqinlashtirish, tinchlik, do‘stlik va gumanizm g‘oyalarini targ‘ib etish borasidagi o‘rni va ahamiyati ortib bormoqda.

Biz barpo etayotgan yangi O‘zbekistonda jahonning uzoq va yaqin davlatlari bilan barcha sohalar qatori madaniy jabhada ham samarali hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda.

O‘zining 50 yildan ziyod tarixi va an’analariga ega bo‘lgan Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklanib, «Ipak yo‘li durdonasi» degan yangi nom bilan «Tinchlik, ma’rifat va taraqqiyot uchun» shiori ostida o‘tkazilayotgani shu yo‘ldagi ulkan amaliy qadamdir.

Hech shubhasiz, dunyoning qariyb 50 mamlakatidan 300 dan ziyod san’at ustalari, jahon kino yulduzlari ishtirok etayotgan ushbu anjuman sohadagi bugungi rivojlanish jarayonlari, ijodiy izlanish va tajribalarni atroflicha tahlil etib, hamkorlik istiqbollarini belgilab olishda o‘ziga xos muloqot maydoni, yosh ijodkorlar uchun mahorat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Bir asrdan ziyod boy tarix va an’analarga ega bo‘lgan o‘zbek kino san’ati o‘zining milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi asosida yaratilgan yetuk asarlari bilan jahon kinematografiyasida munosib o‘rin egallashi sizlarga yaxshi ma’lum.

Mamlakatimizda keyingi paytda barcha sohalar qatori kinematografiya tizimi rivojiga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ijod erkinligi, sog‘lom ijodiy raqobat, xususiy mulk daxlsizligi kabi demokratik tamoyillar ushbu sohaga ham dadil joriy etilmoqda.

Kinostudiyalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ularga imtiyoz va preferensiyalar berish, yuksak didli tomoshabinlarning talablariga javob beradigan badiiy yetuk kartinalar yaratish, jamiyatimizda kino san’atini keng ommalashtirish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Muhtaram festival ishtirokchilari!
Bugungi kunda shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda ijtimoiy voqelikka, jumladan, madaniyat va san’atga qarash va mezonlar tinimsiz yangilanib borayotgani barchamiz uchun ayon haqiqatdir. Bu jarayonlar hayotni yaxlit bir holda, jamiki ziddiyat va murakkabliklari bilan haqqoniy aks ettiradigan kinematografiya rivojiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi tabiiy, albatta.

Aminmanki, qayta tiklangan, o‘z tarixida yangi sahifa ochayotgan Toshkent xalqaro kinofestivali zamonning o‘zi talab qilayotgan ana shunday yuksak badiiy mezonlar ruhida o‘tadi.

Ishonchim komil, XIII Toshkent xalqaro kinofestivali ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi uchun chinakam san’at bayramiga aylanib, yangi nom va iste’dodlarni kashf etadi, kinoijodkorlar va kino ixlosmandlari xotirasida yorqin taassurotlar qoldiradi.

O‘ylaymanki, sizlar festival doirasida mamlakatimizning qadimiy va zamonaviy shaharlarida bo‘lib, turli soha vakillari bilan uchrashib, Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli o‘zgarishlardan bevosita xabardor bo‘lasiz.

Siz, azizlarni yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy yutuqlar, festival ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman", — dedi Prezident.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Prezident kinofestival ishtirokchilarini qutladi