21:33 / 11.03.2022
1 952

Halima Yulduz Usmonova jamoasidagi o‘rni haqida gapirdi

Halima Yulduz Usmonova jamoasidagi o‘rni haqida gapirdi
«Daryo» muxbiri Nargizaxon Murodova Yulduz Usmonovaning bu yilgi konserti oldidan o‘tkazilgan repetitsiya jarayonlarida ishtirok etdi. U xonandaning doimiy hamrohi aktrisa Halima Ibragimova bilan suhbatda bo‘lib, muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob oldi.

— Yulduz Usmonova bilan yurish faqat restoranlarga birga borish, yaxshi kunlarida yonida turish degani emas. Opa-singilchilik ham, ish ham o‘z yo‘liga. Yulduz Usmonova bilan o‘rtamizda ishonch ham bor. Ishonchni suiiste’mol qilmagan holda ishlashga harakat qilaman.

O‘tgan yilgi konsert arafasida opa muhim topshiriqni aytdilar. Konsert sahnasini ikki qismga ajratganmiz. Chap tomondan turib, Yulduz opam va raqqosalarning vaqtida sahnaga chiqishiga kamina mas’ulman. O‘ng tomonda esa chiroq, ovoz kuchaytirish va sozandalarning ishtirokini Mansur aka nazorat qilib turadi.

Oshxonada ovqat qilsangiz, odamlar mazali ovqatni ko‘rishadi. Ammo ungacha bo‘lgan jarayon va besaranjomlikni bilishmaydi. Men va Mansur aka ham sahna ortidagi tartibsizlikni xalqqa ko‘rsatmaslikka harakat qilamiz. Chunki sahna ortida ham kutilmagan vaziyatlar bo‘lib qolishi, kimdir qandaydir sabab bilan kech kelishi mumkin.

Yulduz opam juda mas’uliyatli ijodkor. Kecha ham 8 mart arafasida yangi qo‘shiq premerasi bo‘lishi kerak edi. Aksiga olib, restoran gaplashish esimizdan chiqib qolibdi. Hech qayerdan joy topolmadik. Shunda «Hammani uyga yig‘, o‘zim ovqat qilib beraman», deydi. Qanaqa charchamaydigan xotinsiz, deb rosa kuldik.

Yulduz Usmonovaning jamoasida hech kim «men chiroqchiman» yoki «men sozandaman» deb turmaydi. Hamma qo‘lidan kelgan ishni qilib, bir-biriga yordam beradi.

Ishning o‘z vaqtida bajarilishini yaxshi ko‘raman. Opa ham xuddi shunday. Ba’zan baqir-chaqir qilib bo‘lsa-da, ishni o‘z vaqtida bajarishlarini talab qilsam, Yulduz opa indamaydi. «Halimadan boshqa hech kim eplay olmasdi», deydi. Urishib, baqirib bo‘lsa-da, ishni o‘z vaqtida bajarishlarini talab qilaman.

Tegmaganga tegmayman, asabimga teggan inson bilan oxirigacha kurashaman. Yulduz opada ham xuddi shu fe’l-atvor bor. Shu jihatdan olib qaraganda fe’limiz bir-biriga o‘xshaydi. Ba’zan asabiylashsalar, «menga qo‘yib bering o‘zim gaplashib qo‘yaman», deyman.

Yulduz Usmonova bilan ishlash maza, faqat mashaqqatiga chidash kerak. Ba’zan internet orqali «har doim Usmonovaning yonidasiz, qiladigan boshqa ishingiz yo‘qmi?» degan gaplar ham yozishadi. Men jamoaning rasmiy a’zosiman. Konsertda ham rejissyor yordamchisi sifatida ishlayapman. Vaqti kelsa, qo‘shiqlar uchun taklif kiritaman, she’rlarni tavsiya qilaman. U insonni qattiq hurmat qilaman.

Menimcha, besh vaqt namoz o‘qib, Allohdan kuch-g‘ayrat so‘raganlari uchun shu darajaga yetyaptilar, deb o‘ylayman. Yulduz opa oddiy hayot kechiradi, men san’atkorman deb, o‘ziga ortiqcha e’tibor talab qilmaydi. Hatto ba’zida go‘zallik saloniga bormaydi. Qolgan kunlari hamma qatori yuradilar. Yulduz opa yoga bilan shug‘ullanadi, ruhiy jihatdan o‘zini tinchlantirishni yaxshi biladi, - deydi Yulduz Usmonova konsert dasturining rejissyor yordamchisi Halima Ibragimova.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Halima Yulduz Usmonova jamoasidagi o‘rni haqida gapirdi