
Saudiya Arabistonining mashhur Al Harir gazetasi O‘zbekistonda sayyohlikni rivojlantirish borasida ko‘rilayotgan ulkan chora-tadbirlar haqida maqola chop etdi. Unda mamlakat havo flotini yanada kengaytirish orqali xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan rejalar haqida so‘z boradi.
Gazetaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan maxsus yig‘ilishda mamlakatga sayyohlar oqimini oshirish uchun aviaparkni kuchaytirish bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilingan. Uchrashuv davomida Fransiya bilan muzokaralar natijasida jahonning eng zamonaviy Airbus samolyotlaridan 14 tasini xarid qilish, yana 5 tasini ijaraga olish haqida kelishuvga erishilgan.
Shuningdek, aviatsiya sohasida yetakchi hisoblangan Boeing kompaniyasi bilan ham muzokaralar boshlangan bo‘lib, yaqin istiqbolda mazkur ishlab chiqaruvchidan 12 ta yangi samolyot sotib olinishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilish yakunida turizm sohasiga mas’ul vazirlik va idoralarga aviaparkni yangilash va kengaytirish orqali yangi yo‘nalishlarga nechta parvozlarni amalga oshirish mumkinligi va bu orqali mamlakatga qancha sayyoh jalb qilish mumkinligi bo‘yicha aniq hisob-kitoblarni taqdim qilish topshirilgan.
Nashr o‘z maqolasida shu yilning boshida Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi rahbari Shuhrat Xudoyqulov 2 milliard AQSH dollariga 14 ta uzoq masofaga uchadigan Boeing 787-8 Dreamliner samolyotini sotib olish rejasini ommaga ma’lum qilganiga ham e’tibor qaratgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning aviatsiya sohasidagi ambitsiyalari 2022 yildayoq kuchaygani alohida qayd etilgan. O‘shanda mamlakat umumiy qiymati qariyb 800 million yevro bo‘lgan 17 dona Airbus va ATR samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalarni imzolagan edi. Bu esa respublikaning transport infratuzilmasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish bo‘yicha jadal qadam bo‘lgan.
Ekspertlarning fikricha, zamonaviy va qulay samolyotlarning O‘zbekistonga keltirilishi mamlakatda sayyohlikni yanada rivojlantirishga va xorijiy turistlar sonining keskin ko‘payishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu chora-tadbirlar respublika iqtisodiyoti uchun ham katta foyda olib kelishi mumkin.
O‘zbekistonda sayyohlik sohasini yanada kengaytirish va aviaparkni zamonaviylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan bu harakatlar xorijda ham katta qiziqish bilan kutib olinmoqda. Saudiya Arabistoni matbuoti buni respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan muhim loyiha sifatida baholamoqda.
O‘zbekistonSayyohlik RivojlanishiAviapark YangilanishiHavo FlotiTurizm StrategiyasiXorijiy Turistlar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar