date

Britaniya O‘zbekistonda 3-6 yosh bolalarga ijtimoiy ta’lim joriy qiladi

Britaniya O‘zbekistonda 3-6 yosh bolalarga ijtimoiy ta’lim joriy qiladi
Londonda joylashgan Think Equal xalqaro nodavlat tashkiloti O‘zbekistonda ijtimoiy-emotsional ta’lim dasturlarini amalga oshirish niyatida. O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasida tashkilot asoschisi va ijrochi direktori Lesli Udvin bilan o‘tkazilgan uchrashuv aynan shu masalaga bag‘ishlandi.

Uchrashuv davomida Lesli Udvin Think Equal loyihasining maqsadi, metodologiyasi va xalqaro miqyosdagi natijalari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, mazkur ta’lim tashabbusi 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yosh avlodda empatiya, hissiy savodxonlik, muloqot ko‘nikmalari, ijobiy munosabat va muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan qobiliyatlarni shakllantirishni maqsad qiladi.

Think Equal dasturining o‘quv metodikasi 30 hafta davomida har hafta 3 marotaba, har biri 30 daqiqadan iborat mashg‘ulotlar orqali o‘tiladi. Darslar bolalarning yosh xususiyatlariga mos maxsus illyustratsiyalangan kitoblar, o‘yin elementlari va amaliy topshiriqlar yordamida olib boriladi. Bu o‘quv jarayoni nafaqat bolalarni ijtimoiy muhitga moslashtiradi, balki ularning ruhiy holatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muloqot chog‘ida Lesli Udvin tomonidan ta’kidlanishicha, ushbu dastur ayni vaqtda Hindiston, Keniya, Kanada, Avstraliya, Janubiy Afrika, Meksika, Singapur, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarda amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, xalqaro hamkorlik asosida samarali natijalar bermoqda. Dastur, shuningdek, pedagoglar uchun ham maxsus o‘quv kurslarini o‘z ichiga oladi va o‘qituvchilarning psixologik savodxonligini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida Think Equal vakillari hamda O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rtasida alohida hamkorlik uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirildi. Bu esa O‘zbekistonda ilk bor tizimli ijtimoiy-emotsional ta’lim dasturlarini joriy etishning ilk qadami bo‘lishi mumkin.

Ushbu hamkorlik orqali kelajak avlodni ijtimoiy barqaror, ruhiy barkamol va emotsional jihatdan yetuk shaxslar etib tarbiyalash uchun muhim poydevor yaratiladi. Think Equal tashabbusi mamlakatda maktabgacha ta’lim sohasini xalqaro andozalar asosida boyitadi va o‘qituvchilarga innovatsion metodikani sinovdan o‘tkazish imkonini beradi.

Ayni paytda ushbu dastur Toshkentda tajriba sifatida joriy etilishi va undan keyin butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich kengaytirilishi rejalashtirilmoqda. Mutaxassislar bunday ta’lim yondashuvi bolaning yoshligidan axloqiy qadriyatlar, sabr-toqat, do‘stlik, tenglik va tinchlik kabi universal tamoyillarni ongiga singdirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

Mazkur tashabbus bolalarni erta yoshdan axloqiy va ijtimoiy jihatdan shakllantirishga, ijtimoiy tenglikni ta’minlashga va jamiyatdagi zo‘ravonlik, adolatsizlik kabi illatlarning oldini olishga xizmat qilishi mumkin. O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun bu o‘ziga xos yangi sahifa bo‘lishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Britaniya O‘zbekistonda 3-6 yosh bolalarga ijtimoiy ta’lim joriy qiladi