date

Shavkat Mirziyoyev aeroport qurilishini ko‘zdan kechirdi

Shavkat Mirziyoyev aeroport qurilishini ko‘zdan kechirdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni poytaxtda qurilayotgan va katta strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “Toshkent-Sharqiy” aeroportining rekonstruksiya jarayonlarini borib ko‘rdi. Bu yangi aeroport nafaqat zamonaviy aviatsiya infratuzilmasining namunasi, balki iqtisodiy faollik, xalqaro aloqalar va turizm rivoji uchun muhim platforma sifatida ko‘rilmoqda.

Prezident matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy o‘sish sur’atlari va xalqaro maydonda ortib borayotgan jozibadorlik tashqi savdo, sarmoya va tashriflar hajmining oshishiga olib kelmoqda. Shu bois transport infratuzilmasini har tomonlama yangilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Shu ma’noda, "Toshkent-Sharqiy" aeroportining zamonaviy qiyofa kasb etishi, zamon talablariga mos qurilmalarga ega bo‘lishi va eng muhim transport markazlaridan biriga aylanishi uchun keng ko‘lamli qurilish va modernizatsiya ishlari olib borilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi qayta ta’mirlanmoqda va bu yo‘lak eng yirik va og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa aeroportning texnik imkoniyatlarini jahon standartlari darajasiga olib chiqadi.

Bugungi kunda ushbu hududda yuqori darajadagi mehmonlar va xususiy aviatsiya uchun mo‘ljallangan 2 ta alohida terminal, perron va texnik xizmat ko‘rsatish angarlari qurilmoqda. Bundan tashqari, ICAO III-A toifasidagi eng so‘nggi rusumdagi radiotexnik va meteorologik asbob-uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilgan. Bu texnologiyalar noqulay ob-havo sharoitlarida ham xavfsiz va aniqlikda parvozlar amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, samolyotlar yopiq angarlarda texnik xizmat va saqlov uchun zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlanadi. Bu esa texnika xavfsizligi, energiya tejash va xizmat muddatining uzayishiga xizmat qiladi.

“Toshkent-Sharqiy” aeroportining geografik joylashuvi ham uning afzalliklaridan biridir. Bu hudud Toshkent shahri bilan bir qatorda Yangi Toshkent va Toshkent viloyatiga ham xizmat qiladi. Shuningdek, bu loyiha hududiy turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik tashriflari va xalqaro anjumanlar sonini ko‘paytirishga ham xizmat qiladi.

Aeroport orqali xorijiy investorlar uchun sarmoya kiritish imkoniyatlari yanada kengayadi, zamonaviy servislar va logistika markazlari paydo bo‘ladi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, xizmat ko‘rsatish sohasining kengayishiga va umuman mamlakat iqtisodiyotining jadallashishiga olib keladi.

Shavkat Mirziyoyev loyihaning texnik jihatlari, arxitektura dizayni va amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib chiqdi. U qurilish ishlarini yanada jadallashtirish, terminal va perronlarda servis sifati va qulayliklar darajasini oshirish, barcha ishlar xalqaro me’yorlar asosida olib borilishini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Yaqin yillarda “Toshkent-Sharqiy” aeroporti xalqaro biznes markazlariga, turistik yo‘nalishlarga va strategik aviatsiya tizimlariga xizmat qiluvchi muhim havo transport uzeliga aylanishi kutilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning transport, sarmoya va muloqot maydonidagi salohiyatini sezilarli darajada oshiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev aeroport qurilishini ko‘zdan kechirdi