Namangan aeroportida 175 million dollarlik yangi terminal qurilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi boshlandi. Davlat rahbari tashrifning dastlabki manzillaridan biri sifatida Namangan xalqaro aeroportida barpo etilayotgan yangi yo‘lovchi terminali qurilishi bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, aeroportlar imkoniyatini kengaytirish va yo‘lovchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Namangan xalqaro aeroportini kengaytirish loyihasi ham ana shu islohotlarning muhim qismlaridan biri hisoblanadi.
Qurilish ishlari Prezidentning 2021 yil 29 martdagi «Respublika aeroportlarini boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Namangan xalqaro aeroporti 1971 yilda foydalanishga topshirilgan. U 2013 yildan buyon xalqaro maqomda faoliyat yuritib kelmoqda. Ayni paytda aeroport orqali 9 ta aviakompaniya muntazam parvozlarni amalga oshiryapti.

Loyihani amalga oshirish uchun jami 175 million dollar investitsiya jalb qilingan. Rejaga ko‘ra, zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan yangi yo‘lovchi terminali 2026 yil yakuniga qadar ishga tushiriladi.
Maydoni 22,6 ming kvadrat metrni tashkil etadigan uch qavatli terminal soatiga 1,2 ming nafar, yiliga esa 3 million nafardan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu ko‘rsatkich aeroportning hozirgi quvvatini bir necha barobar oshirish, parvozlar sonini ko‘paytirish va yo‘lovchilarga yanada sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Yangi terminalda chegara va bojxona nazorati punktlari, viza xizmatlari, biznes-zal, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot punkti hamda Duty Free hududi tashkil etiladi.

Loyiha natijasida 550 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Bu esa aeroport infratuzilmasini rivojlantirish bilan birga, hudud aholisining bandligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, 2027 yil yakuniga qadar kunlik quvvati 50 tonna bo‘lgan zamonaviy kargo terminali foydalanishga topshiriladi.
Natijada Farg‘ona vodiysi uchun yagona zamonaviy yuk tashish tizimi shakllantirilib, mahalliy mahsulotlarni dunyoning 90 ta mamlakatiga eksport qilish imkoniyati yanada kengayadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirib, loyihaning sifatli va belgilangan muddatda amalga oshirilishi, yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilishi hamda aeroport infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdi.
Yangi terminal va kargo majmuasining ishga tushirilishi Namangan viloyatining transport, turizm, savdo va eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.































Izohlar 0
…