O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Toshkent Ozarbayjon va Turkmanistondan parom xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi, deb Kursiv.media xabar berdi.
Uning aytishicha, mazkur davlatlarda kema qurish zavodlari faoliyat yuritmoqda. Sotib olinadigan paromlar Kaspiy orqali yuk tashish ishlariga yo‘naltiriladi.
O‘tgan yil kuzida Vesti.az portali Toshkent va Boku parom ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Bu maqsadlar uchun 150 mln dollargacha mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgandi.
Joriy yil iyul oyi boshlarida esa Mahkamov loyiha uchun Turkiyadan ham sheriklar jalb etilishi mumkinligini aytdi. Transport vazirligi huzuridagi Transport rivojlanishi masalalarini o‘rganish markazi fikricha, o‘z floti yuk tashish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!