date

O‘zbekiston davlat qarzi bir yilda keskin oshdi

O‘zbekiston davlat qarzi bir yilda keskin oshdi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan so‘nggi hisobotga ko‘ra, joriy yilning 1 iyul holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 43 milliard 376 million dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich mamlakat iqtisodiy ko‘rsatkichlari va moliyaviy barqarorligi bo‘yicha muhim raqam sifatida qayd etildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, umumiy qarzning 36 milliard 414 million dollari tashqi qarz, 6 milliard 962 million dollari esa ichki qarz hisobiga to‘g‘ri keladi. Yalpi ichki mahsulotga nisbatan qarz ulushi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 foizga ko‘tarilib, 34,2 foizni tashkil etmoqda.

Qiyoslanganda, 2024 yilning 1 iyul holatida mamlakatning davlat qarzi 37 milliard 241 million dollar edi. Demak, oradan bir yil o‘tib qarz miqdori 16,5 foizga oshgani qayd etilmoqda.

Tashqi qarzning asosiy qismi yirik moliya institutlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Jumladan:

  • Jahon banki – 7,8 milliard dollar,

  • Osiyo taraqqiyot banki – 7,4 milliard dollar,

  • Xalqaro evrobondlar orqali jalb qilingan mablag‘ – 5,7 milliard dollar,

  • Xitoy moliya tashkilotlari – 3,8 milliard dollar,

  • Yaponiya moliya institutlari – 3,2 milliard dollar,

  • Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki – 1,7 milliard dollar,

  • Fransiya moliya tashkilotlari – 1,1 milliard dollar,

  • Islom taraqqiyot banki – 935 million dollar,

  • Koreya moliya institutlari – 750 million dollar,

  • Xalqaro valyuta jamg‘armasi – 642 million dollar,

  • Germaniya davlat banki – 481 million dollar,

  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki – 401 million dollar,

  • Boshqa manbalar – 2,5 milliard dollar.

Hisobotda ta’kidlanishicha, umumiy tashqi qarzning qariyb yarmi — 47 foizi, ya’ni 16,9 milliard dollar davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, 5,9 milliard dollar yoqilg‘i-energetika sohasiga, 3,1 milliard dollar qishloq va suv xo‘jaligiga, 2,9 milliard dollar transport infratuzilmasiga, 3 milliard dollar esa uy-joy kommunal xo‘jaligiga ajratilgan.

Shu tariqa, davlat qarzining keskin o‘sishi mamlakat iqtisodiy siyosatini qayta ko‘rib chiqish, tashqi mablag‘larni samarali yo‘naltirish va ichki barqarorlikni ta’minlash zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston davlat qarzi bir yilda keskin oshdi