
O‘zbekistonda moliyaviy tartibotni mustahkamlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va zamonaviy to‘lov infratuzilmasini joriy etish maqsadida jiddiy yangilanishlar kutilmoqda. 10 dekabr kuni imzolangan prezident farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan boshlab bir qator to‘lovlar faqat naqd pulsiz — bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Adliya vazirligi bu haqda rasman ma’lumot berdi.
Qaysi to‘lovlar faqat elektron shaklda bo‘ladi?
Yangi tartibga ko‘ra, 1 apreldan boshlab quyidagi yo‘nalishlarda mablag‘lar faqat naqdsiz usulda qabul qilinadi:
— davlat idoralari ko‘rsatayotgan xizmatlar;
— elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar;
— alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi;
— AZS va zaryadlash shoxobchalarida yoqilg‘i hamda elektr quvvati sotib olish;
— qiymati 25 mln so‘mdan yuqori tovar va xizmatlar;
— ko‘chmas mulk yoki ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtomobillar, maxsus texnika sotish va sotib olish.
Bu cheklovlar aholi va biznesda shaffoflikni ta’minlash, qalloblik xavfini kamaytirish hamda zamonaviy to‘lov tizimlarini ommalashtirishga qaratilgan.
2030 yilgacha yashirin iqtisodiyot keskin qisqarishi mo‘ljallangan
Farmonda ma’lum qilingan maqsadlarga ko‘ra:
— YAIMga nisbatan noqonuniy iqtisodiy faoliyat ulushi 1,3 barobarga qisqartiriladi;
— savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida naqdsiz to‘lovlar 75 foizga yetkaziladi.
Bu ko‘rsatkichlar mamlakat iqtisodiyotidagi shaffoflik darajasini oshirishga qaratilgan strategik vazifalardir.
Barcha tadbirkorlar uchun yagona QR kod majburiy bo‘ladi
2026 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistondagi barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun banklar tomonidan generatsiya qilingan yagona QR kodga ega bo‘lishi shart.
1 yanvardan boshlab QR orqali to‘lov qabul qilish amaliyotga kiritiladi,
1 iyuldan esa:
— QR koddan foydalanish majburiy talabga aylanadi;
— QRdan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.
Bu talablar cheksiz POS-terminalga bog‘liqlikni yo‘qotadi, to‘lov jarayonlarini soddalashtiradi va iste’molchining huquqlarini mustahkamlaydi.
Sertifikatlash va deklaratsiya uchun yangi tartiblar ham joriy etiladi
2026 yil 1 yanvardan:
— bir xil turdagi import tovarlar uchun ekologik va muvofiqlik sertifikati 1-yilgacha bir marta beriladi.
2026 yil 1 martdan esa:
— soliq organlari xodimlari,
— shuningdek Navoiy va Chirchiq shaharlarida yashovchi jismoniy shaxslar
tarafidan yillik daromad deklaratsiyasini taqdim etish tajriba-sinov sifatida yo‘lga qo‘yiladi.
Bu o‘zgarishlar soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yengillashtiradi va raqamli nazoratni kuchaytiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.