date

Yengil sanoatga soliq yengilligi: ayrim tadbirkorlarga imtiyoz beriladi

Yengil sanoatga soliq yengilligi: ayrim tadbirkorlarga imtiyoz beriladi

2026–2029 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda yengil sanoat hamda unga bog‘liq yo‘nalishlarda ish yuritayotgan qator korxona va tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari hamda turli yengilliklar joriy etilishi belgilandi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini sotish mexanizmi ham bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Tegishli farmonga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab yengil sanoat korxonalarida quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalanib ishlab chiqarilgan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish tizimi amalga kiritiladi. Ya’ni korxona o‘z ehtiyoji uchun tok oladi, ortig‘ini esa bozorga chiqarib, qo‘shimcha daromad manbaiga aylantira oladi.

Sanoatning yana bir muhim bo‘g‘ini — paxta tayyorlash punktlari bo‘yicha ham yengilliklar nazarda tutildi. 2026 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha ushbu punktlar faoliyatining mavsumiyligi inobatga olinib, mol-mulk va yer soliqlari 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lanishiga ruxsat beriladi. Bu qaror, ayniqsa, mavsumdan tashqari davrda xarajatni “bosib” turuvchi punktlar uchun nafas rostlaydigan imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan 2029 yil 1 yanvarga qadar qator yirik imtiyozlar kuchda bo‘ladi. Xususan:

  • tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklari investorlarga realizatsiya qilinganda QQSdan ozod etiladi;
  • banklar balansidagi shu turdagi korxonalar mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga, korxonaning ishlab chiqarish faoliyatini 6 oyda to‘liq tiklash sharti bilan, 1 yil muddatga mol-mulk solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lash huquqi beriladi;
  • charm-poyabzal va mo‘ynachilik korxonalari, shuningdek chorva mollarini so‘yish hamda terini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun belgilangan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar muddati uzaytiriladi.

Qisqasi, hujjatdagi yo‘nalish aniq: yengil sanoatni “soliq bilan qiynab qo‘ymasdan”, investitsiyani ko‘paytirish, ishlab chiqarishni tezroq tiklash va kengaytirishga turtki berish. Ustiga-ustak, “yashil” energiyadan foydalangan korxonalar ortiqcha elektrni sotishi mumkin bo‘lsa, bu ham sanoat xarajatlarini yumshatadi, ham energiya bozorida yangi harakat paydo qiladi.

Endi eng asosiy savol — bu imtiyozlar amalda qanchalik tez ishlaydi va korxonalar uni real natijaga aylantira oladimi? Chunki imtiyoz qog‘ozda chiroyli, lekin sanoatda natija faqat ishlab chiqarish hajmi va ish o‘rinlarida ko‘rinadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yengil sanoatga soliq yengilligi: ayrim tadbirkorlarga imtiyoz beriladi