Komilov tushuntirdi: O‘zbekiston "Tinchlik kengashi"ga nega qo‘shildi?

Prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning Tinchlik kengashiga qo‘shilish qarori ortida nima turganini ochiq aytib berdi. Uning ta’kidlashicha, bu qadam, eng avvalo, xavfsizlik omillari va tashabbus maqsadlarining mamlakat tashqi siyosat ustuvor yo‘nalishlariga mosligi bilan bog‘liq.
Komilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida qarorga uchta asosiy omil ta’sir qilganini sanab o‘tgan:
- birinchi — milliy manfaatlar nuqtayi nazaridan xavfsizlik,
- ikkinchi — Kengash maqsad va vazifalarining tashqi siyosat prinsiplariga mosligi,
- uchinchi — Yaqin Sharq mintaqasida O‘zbekistonning hayotiy muhim manfaatlari borligi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus kun tartibidagi eng muhim yo‘nalishlardan biri G‘azo sektoridagi harbiy-iqtisodiy inqirozni bartaraf etish va vaziyatni tartibga solish hisoblanadi. Komilov bu tashabbus AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilganini ham qayd etgan.
Maslahatchi Yaqin Sharqqa e’tibor faqat diplomatik yoki iqtisodiy manfaatlar bilan cheklanmasligini, bu yerdagi o‘zgarishlar mintaqaviy, global va milliy xavfsizlikka bevosita bog‘lanishini urg‘ulagan. Xususan, ekstremizm tahdidlari sabab O‘zbekiston uchun bu yo‘nalish doimiy ahamiyat kasb etishi aytilgan: ayrim fuqarolar turli ekstremistik guruhlarga qo‘shilib, keyin mamlakatga qaytgan holatlar kuzatilgan, davlat esa ularning qaytishi va jamiyatga moslashuvi uchun sharoit yaratgan.
Komilov bu yondashuv xalqaro darajada ham e’tirof etilganini bildirib, BMT rahbariyati O‘zbekistonning gumanistik siyosatini yuqori baholaganiga ishora qilgan.
Intervyuda yana bir muhim nuqta bor: Yaqin Sharqdagi keskinlik Afg‘oniston xavfsizligiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Komilovga ko‘ra, muammolarni yumshatish uchun xalqaro hamjamiyat — AQSH, arab va musulmon davlatlari bilan birga Markaziy Osiyo mamlakatlari ham birgalikda harakat qilishi zarur.
Shu kontekstda O‘zbekiston rahbarining sammitdagi ishtiroki siyosiy va ramziy jihatdan muhim ekani ta’kidlangan: bu mamlakatga bo‘lgan ishonch va uning xalqaro maydondagi nufuzini anglatadi, degan mazmunda fikr bildirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 22 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida Donald Tramp bilan Tinchlik kengashi bo‘yicha kelishuvni imzolagan.
Hulosa shu: Toshkent bu masalaga “trend” uchun emas, xavfsizlik va milliy manfaat logikasi bilan kiryapti. Bu yo‘l xavfsizlikni oldindan mustahkamlash degani. Siyosatda ham xuddi futboldagidek — o‘yinni keyin emas, avval o‘qish yutqazmaslikka yaqinroq qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!