08:10 / 22.04.2017
5 264

O‘zbekistonda yana bir qo‘mita qayta tashkil etiladi

O‘zbekistonda yana bir qo‘mita qayta tashkil etiladi
O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi negizida yangi tashkilot — Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashkil etiladi. Bu haqdagi farmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonda belgilab qo‘yilgan.

Qo‘mita respublikada ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog‘ligiga zararli ta’sirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizasiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan.

Davlat qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.

Qo‘mita faoliyatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvi;

atrof-muhitning qulay ekologik holatini, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslar va alohida ob’ektlar muhofaza qilinishini, ekologik sharoitning sog‘lomlashtirilishini ta’minlash;

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan mustahkam hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizasiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida ta’sirchan tizimni tashkil etish;

er, er osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratni o‘rnatish;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish, tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash borasida yagona siyosatni amalga oshirishga oid amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini yuritish, shuningdek, yovvoyi hayvonlarni, yovvoyi o‘simliklarni ko‘paytirish va saqlash pitomniklarini, zoologiya va botanikaga oid kolleksiyalarni davlat tomonidan ro‘yxatga olish;

ekologik tarbiya, targ‘ibot va ta’limni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.

Farmonga muvofiq quyidagi tuzilmalar tashkil etiladi:

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining markaziy apparatlarida Chiqindilarning hosil bo‘lishi, ularni to‘plash, saqlash, tashib ketish, utilizasiya qilish, qayta ishlash, ko‘mish va realizasiya qilish bo‘yicha nazorat inspeksiyalari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida «Toza hudud» davlat unitar korxonalari va mamlakatimiz shaharlarida, shuningdek, tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining chiqindilarni olib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan uchastkalari negizida ularning filiallari;

tabiatni muhofaza qilish respublika va mahalliy jamg‘armalari negizida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha jamg‘arma tashkil etiladi, jamg‘arma mablag‘lari birinchi navbatda atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlariga, jumladan, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarga va bioresurslarni saqlash va qayta tiklashga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza va monitoring qilish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazishga, targ‘ibot va ma’rifiy ishlarni tashkil etishga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashga yo‘naltiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining O‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Bioxilma-xillikni muhofaza qilish va undan foydalanish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tuziladi va uning hududiy inspeksiyalari tashkil qilinadi.

Xorijiy mamlakatlarning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari faoliyatini tashkil qilishga oid tajribasidan kelib chiqqan holda mamlakatimiz qonunchiligiga Davlat ekologiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oldida hisobot berib borishi yuzasidan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligini kuchaytirish, bu borada chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima sanksiyalari miqdorini oshirish, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Er osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunlariga ko‘p joyda uchraydigan foydali qazilmalarni qazib olishning belgilangan tartibini buzganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan o‘zgartish kiritiladi.

Mazkur qarorning amalga oshirilishi juda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, quyidagi natijalarga erishish imkonini beradi:

birinchidan – atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat nazorati va boshqaruvi organlarining tizimli ish olib borish samaradorligini oshiradi;

ikkinchidan – ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi idoralararo samarali hamkorlikni ta’minlaydi;

uchinchidan – atrof-muhitning ekologik holati, ekologik tizim, tabiiy komplekslar va alohida ob’ektlarni qo‘riqlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)