Zelenskiy Ukraina uchun kelasi yilga 115 mlrd yevro talab qildi: mablag‘ qayerga sarflanadi?

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatning kelgusi yildagi ehtiyojlari uchun xalqaro hamkorlardan 115 milliard yevro (taxminan 126 milliard dollar) mablag‘ zarurligini ma’lum qildi. Bu haqda u 19 noyabr kuni Berlinda «Ixtiyoriy koalitsiya» davlatlari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin jurnalistlarga gapirdi. Kiyev uchun bu mablag‘lar urushni davom ettirish, mudofaa salohiyatini saqlash va davlatning moliyaviy barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina o‘z ehtiyojlari haqida Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamkorlarga ma’lum qilgan. Prezident bu juda katta summa ekanini tan olgan, biroq mamlakat urush sharoitida ekanini eslatgan.
«Pul haqida gapirishga majbur bo‘layotganimiz uchun uzr, ammo biz urushdamiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi Kyiv Independent.
Ukraina rahbari kelgusi yil uchun zarur mablag‘larning bir qismi ta’minlanganini, qolgan qismini topish ustida ham ish olib borilishini bildirgan.
115 milliard yevro qayerdan paydo bo‘ldi?
Zelenskiy ma’lum qilgan 115 milliard yevro — Ukrainaning kelgusi yil uchun xalqaro hamkorlardan kutayotgan umumiy moliyaviy ehtiyojidir. Bu mablag‘lar harbiy yordam, davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash va urush sharoitida mamlakatning asosiy tizimlari faoliyatini ta’minlash uchun zarur.
Yevropa komissiyasi 2027 yilda Ukrainaga qo‘shimcha 45 milliard yevro ajratish bo‘yicha taklif kiritgan. Ushbu mablag‘ning 25 milliard yevrosi harbiy yordamga, 20 milliard yevrosi esa budjet xarajatlarini qoplashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining Ukrainaga mo‘ljallangan 90 milliard yevrolik qo‘llab-quvvatlash krediti ham mavjud. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yil uchun zarur mablag‘larning asosiy qismi ta’minlanishi kutilmoqda, biroq qo‘shimcha resurslarni topish vazifasi hali dolzarbligicha qolmoqda.
«Ixtiyoriy koalitsiya» nima va uning maqsadi qanday?
Berlindagi uchrashuv «Ixtiyoriy koalitsiya» doirasida tashkil etildi. Bu — Rossiya bilan urushda Ukrainaga yordam berish va harbiy harakatlar tugaganidan keyin mamlakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro hamkorlik formati.
Koalitsiyaning «ixtiyoriy» deb atalishi bejiz emas. U majburiy a’zolikka asoslangan xalqaro tashkilot emas. Davlatlar o‘z siyosiy pozitsiyasi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, Ukrainaga harbiy, moliyaviy, diplomatik yoki boshqa yo‘nalishlarda ko‘mak berishda ishtirok etadi.
Formatga Fransiya va Buyuk Britaniya hamraislik qiladi. Germaniya esa asosiy ishtirokchilardan biri sifatida jarayonda faol qatnashmoqda.
2026 yil 19 noyabr kuni Berlinda Germaniya kansleri Fridrix Mers mezbonligida koalitsiyaning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda 40 dan ortiq ishtirokchi shaxsan va onlayn tarzda qatnashdi. Uchrashuvda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Byornem, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va boshqa davlatlar vakillari ishtirok etdi.
Ukraina uchun puldan tashqari yana qanday yordam kerak?
Berlindagi muzokaralarda moliyaviy masalalar bilan bir qatorda Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish, energetika infratuzilmasini himoya qilish va kelajakdagi xavfsizlik kafolatlari ham muhokama qilindi.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiyaning ballistik raketalar va reaktiv dronlardan foydalangan holdagi hujumlari kuchaygani sababli Ukraina shaharlari, energetika obyektlari, ko‘priklar va logistika tizimini himoya qilish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
Uchrashuvda AQSH prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner ham ishtirok etdi. Yevropa davlatlari vakillari esa kelgusi tinchlik muzokaralarida Yevropa hamda Ukrainaning manfaatlari hisobga olinishi zarurligini ta’kidladi.
Koalitsiya ishtirokchilari Ukrainaga uzoq muddatli harbiy va moliyaviy yordamni davom ettirish, havo mudofaasini kuchaytirish hamda xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Berlindagi uchrashuvdan keyin e’lon qilingan qo‘shma bayonotda ham Ukrainaga harbiy, moliyaviy va diplomatik yordamni davom ettirish majburiyati tasdiqlandi.
Shu tariqa, Kiyevning kelgusi yil uchun 115 milliard yevro talab qilishi Ukraina oldida turgan muammo faqat frontdagi vaziyat bilan cheklanmasligini ko‘rsatmoqda. Mamlakat uchun harbiy himoya bilan birga iqtisodiyotni saqlab qolish, davlat budjetini moliyalashtirish va urushdan keyingi xavfsizlik tizimini shakllantirish ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…