O‘zbekistonda mahkumlarga onlayn xarid qilishga ruxsat berilishi mumkin

O‘zbekistonda mahkumlarga onlayn xarid qilishga ruxsat berilishi mumkin

O‘zbekistonda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar va ularning yaqinlariga ruxsat etilgan oziq-ovqat hamda zarur buyumlarni onlayn xarid qilish imkoniyatini berish taklif etilmoqda. Bu tartib hozircha loyiha sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi tayyorlagan loyihaga ko‘ra, buyurtmalarni muassasa ichidagi infokiosklar, maxsus veb-sayt yoki mobil ilova orqali rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

Bunda buyurtmani nafaqat mahkumning o‘zi, balki uning yaqin qarindoshlari ham amalga oshirishi mumkin. Shu bilan birga, amaldagi posilka yuborish va uchrashuvlar vaqtida buyumlarni topshirish tartibi ham saqlab qolinadi.

Onlayn xaridda faqat muassasaga olib kirishga ruxsat etilgan mahsulot va buyumlarga buyurtma berish mumkin bo‘ladi. Ular qatoriga oziq-ovqat, kiyim-kechak, shaxsiy gigiyena vositalari, kanselyariya va ayrim boshqa zarur buyumlar kiritilmoqda.

Mahsulotlarning turi, miqdori va qadoqlanishi belgilangan talablarga mos bo‘lishi kerak. Bu qoidalarga rioya etilishini jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati nazorat qiladi.

Agar buyurtma qilingan yoki topshirilgan mahsulotlar belgilangan me’yordan oshib ketsa, ular avtomatik ravishda musodara qilinmaydi. Ortiqcha buyumlar tegishli dalolatnoma asosida muassasa omboriga saqlash uchun joylashtirilishi mumkin.

Loyihaga ko‘ra, manzil-koloniyalarda jazo o‘tayotgan mahkumlar uchun ayrim mahsulotlarni sotib olish va saqlash bo‘yicha oylik vazn hamda miqdor cheklovlar tatbiq etilmaydi.

Hujjat hozircha yakuniy kuchga kirgan qoida emas. U jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, taklif va mulohazalarni qabul qilish jarayoni 3 sentyabrga qadar davom etadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar