O‘zbekistonlik 4 nafar olimga xalqaro akademiya mukofotlari topshirildi

To‘rt nafar o‘zbekistonlik yosh olimlar BMT huzuridagi Rivojlanayotgan davlatlar fanlar xalqaro Akademiyasi (TWAS)ning joriy yildagi mukofotlariga sazovor bo‘ldilar. Bu haqida «Pravda Vostoka» gazetasiga asoslanib, “12news.uz” nashri xabar bermoqda.
Xabarda yozilishicha, bu olimlarning uch nafari fan kandidati, Fanlar Akademiyasining bosh ilmiy xodimlari hisoblanishadi.
Umumiy va noorganik ximiya instituti xodimi Xayrulla Boboqulov “Zamonaviy yuqori samarali mineral o‘g‘itlar va agrosanoatning boshqa mahsulotlarini ishlab chiqqani uchun” ximiya bo‘yicha mukofotga sazovor bo‘ldi.
Yadro fizikasi instituti xodimi Ahmadjon Abdujabbarov “Tortish kuchi nazariyasi sohasidagi yutuqlari uchun” fizika bo‘yicha mukofotni qo‘lga kiritdi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astranomiya instituti vakili Yusufjon Tillaev “Maydanak observatoriyasining o‘ziga xos astroiqlimini zamonaviy texnologiyalar asosida batafsil tadqiq qilgani va shu mavzuda yaqinda kitob chop etgani” Astronomiya sohasidagi mukofotga uchun sazovor bo‘ldi.
Yaqinda doktorlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan Immunologiya instituti laboratoriyasi boshlig‘i Tatyana Xegayga esa biologiya bo‘yicha mukofot topshirildi.
Avvalroq, Ummon poytaxti Maskatda bo‘lib o‘tgan TWASning 25 umumiy yig‘ilishida yangi avlod o‘zbek olimlarining mashhur vakillaridan biri, biologiya fanlari doktori, Fanlar Akademiyasi, Qishloq va suv xo‘jalagi vazirligi hamda «O‘zpaxtasanoat» uyushmasining Genomika va bioinformatika markazi direktori Ibrohim Abdurahmonov ushbu tashkilotga a’zo qilib qabul qilingan edi.
Ibrohim Abdurahmonov 2010 yilda ushbu tashkilot tomonidan paxta genomikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlari uchun mukofotlangan.
Manba: kun.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing