10:48 / 16.06.2022
1 259

Finalga hammani olib chiqqan yigitlarning asosiy kuchi nimada?

Finalga hammani olib chiqqan yigitlarning asosiy kuchi nimada?
Timur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston U23 jamoasi juda og‘ir kechgan bahsda Yaponiyalik tengqurlariga hech qanday imkoniyat qoldirmay final yo‘llanmasiga ega chiqdi. Bunisi o‘z yo‘liga, ammo bir omilga e’tiboringizni qaratmoqchi edim.

Yigitlar turnirdagi barcha o‘yinda raqiblariga nisbatan ruhan kuchli ekanligini isbotlab tashladi. Avvaliga juda og‘ir bahsda Turkmaniston taslim etildi, keyin Qatar "ruhan" sinib qolgan bo‘lsa, Eron bilan o‘yinda ikkinchi tarkibimiz forslarni guruhda qoldirib ketdi. Chorak finalda Iroq bilan nima bo‘lganini ko‘rdingiz. Yaponiya bilan imkoniyatlar teng edi, ammo o‘z vaziyatlaridan sovuqqonlik bilan foydalanganimiz uchun 2:0 natijasi bilan muammosiz final yo‘llanmasiga ega chiqdik.

Kuchli jamoalar ko‘p, ammo ularning barchasi ham ruhan "sinmaydigan" "qudratga" ega emas. Buni terma jamoamiz misolida ko‘p bor ko‘rganmiz. Musobaqaga 2 yosh kichik tarkib bilan kelgan, ammo hozir Osiyo kubogi finaliga chiqqan O‘zbekiston U23 a’zolari bundan mustasno.

Iroq bilan o‘yindan so‘ng, jonli efirda Abduvohid Ne’matov bilan telefon orqali suhbatlashdik. Uning aytgan bir jumlasidan qattiq ta’sirlandim. O‘sha ondayoq, bu yigitlar kuchli jamoa bo‘lib shakllanganini ich-ichimdan his qildim.

"Qizil kartochka ko‘rsatilgach, oldimda Jasur va boshqa yigitlar yetib kelib meni bag‘riga bosdi. Ular xotirjam maydonni tark etishimni, uning uchun ham o‘yinni qutqarib qolib, yarim finalga chiqishlarini aytishdi. Ochig‘i, chuqur shok holatida edim. Maydonni tark etishim bilan, meni doping testi uchun olib kirib ketishdi. Bahsni qolganini o‘sha xonada ko‘rdim. To‘g‘risi, yigitlarni bunday ahvolda qoldirganimdan, juda afsusdaman."

35 ming muxlis qarshisida 10-daqiqadayoq bir kishi kam bo‘lib, hisobda ortda borayotganiga qaramay, jamoadoshini yupatishga o‘zida kuch topgan ukalarimiz qalblarni larzaga soldi. Endigina professional futbolga kirib kelganiga qaramay, maydonda arslonlardek olishayotgan jamoamiz a’zolari yaxlit bir mushtga aylangani kishi ko‘zini quvontirmoqda. Mayli, g‘alaba va mag‘lubiyat o‘z yo‘liga. Asosiysi, bir-biri uchun maydonda "jang" qiladigan jamoa shakllanayotgani bizni yutug‘imiz.

Ularning bu qahramonligi mag‘lubiyatlardan zada bo‘lgan ishqibozlarimizni kelajakka jilmayib qarashga majbur qila oldi. Ularni yorug‘ kunlar borligiga ishontira olgan futbolchilarimizni ishqibozlar ham og‘ir kunida yolg‘izlatib qo‘ymadi. 15 mingdan ortiq fanat stadion tashqarisida Kapadze shogirdlari bilan yelkama-yelka turib berdi. Kechagina "O‘zbekistonda futbol o‘ldi" deb qo‘l siltagan vatandoshlarimiz bugun ulkan ekran oldida qarsak chalib turganini o‘zi Olimpiya terma jamoamizning ulkan g‘alabasi.

Bu go‘zal hikoyaning xotimasi ham chiroyli bo‘lishi shart. Oradan yillar o‘tgach, yigitlarimiz nabiralariga faxr bilan aytib berishiga loyiq voqealar bizni oldinda kutib turibdi! Faqat bu ularninggina emas, balki butun o‘zbek xalqining hikoyasiga aylanishidan umidimiz bor!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Finalga hammani olib chiqqan yigitlarning asosiy kuchi nimada?