1 439
Mourino bozorda jekpotni yulib oldi. A Seriya yulduzi serjanjal portugaliyalik oldiga boradi
Foto: Global Look Press
«Yuventus» sobiq futbolchisi Paulo Dibala «Roma» bilan shartnoma imzolashi kutilmoqda. Bu yozning eng kutilmagan transferi bo‘lishi mumkin. Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashri Dibalaning «Roma»ga o‘tishi bilan bog‘liq voqealarni jamladi.
Paulo Dibalaning «Roma»ga o‘tishi hozircha yozning eng kutilmagan transferlaridan biri bo‘lib turibdi. 28 yoshli argentinalik «Yuventus» bilan yangi shartnoma borasida kelisha olmay, Turinni erkin agent sifatida tark etgandi. O‘z davrining eng iqtidorli futbolchilaridan birining «Inter»ga o‘tishiga hech kim shubha qilmayotgandi. Chunki, bir paytlar Pauloni «Palermo»dan «Yuventus»ga olib kelgan va hozirda «neradzurri» bosh direktori bo‘lgan Beppe Marotta tezda futbolchining o‘zi va uning atrofidagilar bilan kelishib oladigandek tuyulgandi.
«Dibala «Inter» bilan muzokara o‘tkazdi», «Dibala «Inter» bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib oldi», «Inter» Dibalaning transferini keyingi haftada e’lon qiladi» kabi sarlavhalar vaqti-vaqti bilan paydo bo‘lib turdi. Ammo haftalar o‘tsaki, hech narsa o‘zgarmadi.
Argentinalik futbolchi ismi-sharifi yonida boshqa jamoalarning ham nomlari paydo bo‘la boshladi – «Atletiko», «Manchester Yunayted», «Chelsi», «Arsenal», «Nyukasl». Ammo bular ko‘proq uydirma va taxminlarga o‘xshar edi.
Oxir-oqibat, iyul oyi boshida nufuzli insayder Fabritsio Romano so‘nggi haftalarda «Inter» va Dibala muzokaralarda hech qanday muvaffaqiyatga erishmaganini yozdi.
«Dibala – erkin agent. U transfer variantlarimizdan biri edi va shunday bo‘lib turibdi. Ammo hujum chizig‘imizda allaqachon ajoyib o‘yinchilar to‘plangan», dedi Marotta. Uning bu shamasi yanada shaffofroq bo‘ldi.
Oqibatda «Inter» o‘yindan chiqdi. Buning sabablaridan biri sifatida futbolchining agenti Xorxe Antun tomonidan haddan tashqari yuqori talablar qo‘yilgani ko‘rsatildi.
Iyul oyi o‘rtalarida esa Dibalaning jiddiy da’vogarlari orasida faqat «Napoli» va «Roma» qoldi. Insayder Janluka di Marsioning so‘zlariga ko‘ra, ikki klub ham Dibalaga aniq taklif bilan chiqqan. Ammo rimliklarning qat’iyati yuqoriroq bo‘lgan.
Dibalani hatto Totti ham ko‘ndirishga urindi
Muzokaralarda bosh murabbiy Joze Mourino ham ishtirok etdi. Klub xo‘jayini Den Fridkin esa shaxsan Dibalaning Turindagi uyiga borib, futbolchini «Roma»ga o‘tishga ko‘ndirishga harakat qildi. Franchesko Totti ham chetda turmadi, rimliklar afsonasi argentinalikning muxlisi ekanini hech qachon yashirmagan.
«Dibala bilan ba’zi narsalar haqida, jumladan, «Roma»ga o‘tish haqida ham gaplashdim. O‘ylaymanki, biz bir-birimizni tushundik. Biroq, kelajagi haqidagi qarorni uning o‘zi qabul qilishi kerak», - degan edi Totti iyun oyi boshida.
La Gazzetta dello Sport nashri yozganidek, bir necha hafta oldin Totti va Dibala Milanda uchrashishgan. «Roma»ning sobiq sardori argentinalikka avval o‘ziga tegishli bo‘lgan 10-raqamni olishni taklif qilgan. Buni eng saxovatli ishora deyish mumkin – Totti 2017 yilda faoliyatini yakunlaganidan keyin hech kim 10-raqamni olmagandi.
Franchesko «Roma» klubida ishlamasa-da, uning Fridkin bilan munosabatlari avvalgi xo‘jayinlar bilan bo‘lganiga qaraganda ancha yaxshi. Shu tufayli, uning roziligisiz hech kim «Roma» uchun «muqaddas» hisoblangan 10-raqamni so‘ramaydi yoki taklif qilmaydi.
Dibalaning talablari hammani cho‘chitdi, ammo u «Roma»da kamroq maosh oladi
Dibalaning transfer dostonidagi asosiy jihatlardan biri – moliyaviy masala. «Yuventus» bilan so‘nggi shartnomasiga ko‘ra, argentinalik futbolchi yiliga «toza» 7,3 million yevro maosh olgan. Bu jamoadagi ikkinchi ko‘rsatkich edi. Faqat Mateys de Ligt undan ko‘proq maosh olardi – 8 million yevro.
Argentinalik forvard oz bo‘lsa-da, maoshining oshirilishini istadi, tomonlar bu haqda deyarli kelishib olishgandi. Ammo keyinroq «Yuventus» boshqacha qaror qabul qildi.
«Biz futbolchini har tomonlama baholadik. U bizga maydonda, uning tashqarisida nima berayotganini o‘rgandik, loyihamizga qo‘shayotgan hissasini hisobladik. Uning talablari yuqori, bu tushunarli, chunki u aql bovar qilmas futbolchi. Ammo biz bunday talablarni qondirishga tayyor emasligimizni his qildik. Shu sababli yo‘limiz ayro bo‘lishi tabiiy», - dedi klub rahbarlaridan biri Pavel Nedved.
«Inter» bilan muzokaralar haqidagi xabarlarda yiliga 8 million yevro raqami yuzaga chiqib turdi. La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, «Roma»ning birinchi taklifi yiliga 4 million yevro bo‘lgan. Yakunda 6 million yevro va bonuslar haqida kelishib olishdi.
Uch yillik shartnomada futbolchining tovon puli juda past qilib belgilangan. Dibalani atigi 20 million yevroga sotib olish mumkin. Futbolchi vakillarining talabi shunday bo‘ldi, klub esa bunga e’tiroz bildirmadi.
Umuman olganda, «serial» g‘alati tarzda yakunlandi: Dibala dastlab Chempionlar Ligasida o‘ynaydigan jamoaga qo‘shilishni va shunga mos maoshni istagandi, oxir-oqibatda u Yevropa Ligasida o‘ynaydi va «Yuventus»dagidan ham kamroq oladi.
Agar «Roma» Chempionlar Ligasiga chiqolmasa, bu jiddiy muvaffaqiyatsizlik deb baholanadi
Hozir «Roma» juda foydali transferni amalga oshirgandek tuyulmoqda. Juda katta media salohiyatga va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z muxlislari bazasiga (47,9 million obunachi) ega bo‘lgan yulduzni erkin agent maqomida qo‘lga kiritdi. Klub xo‘jayini Den Fridkin atrofidagi muhit ham juda ijobiy: bir yil oldin u Mourinoni Rimga taklif qildi, keyin u Konferensiyalar Ligasida g‘olib chiqdi, endi esa jamoaga top o‘yinchini jalb qildi.
Amerikalik tadbirkor 2020 yildan beri «Roma»ga 370 million yevro sarmoya kiritdi va endi daromad kutmoqda. Fridkin «jalorossi»ni yirik xalqaro sport brendiga aylantirmoqchi, bu esa Chempionlar Ligasida doimiy ishtirok etish shartligini anglatadi (rimliklar so‘nggi marta u yerda 2017 yilda ko‘rinish berishgan). Dibala transferi bu ambitsiyalarni tasdiqlamoqda – bu nafaqat kuchli futbolchi bilan shartnoma, balki aniq bayonot ham. Demak, Mourino kelasi mavsumda astoydil ishlashiga to‘g‘ri keladi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Nima uchun badavlat insonlar doim oddiy kiyinadi?
Vengriya hukumati Ukrainaga noqonuniy qurol yetkazib berishning oldini olganini ma’lum qildi
Yuk mashinalari haydovchilari uchun yangi tartib kuchga kirdi
Leonid Kuchma: Rossiya bilan urushmaslik uchun Ukraina oldida ikki yo‘l bor edi
O‘t qopidagi toshlar qanday va qayerdan paydo bo‘ladi?
Hande Erchel turk madaniyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlandi
Toshkentning uch tumanida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi
“Oltin to‘p” tashkilotchilari nima uchun mukofot Vinisiusga emas, Rodriga berilganini tushuntirdi