Toshkentda talabalar yotoqxonadan nega chiqarildi? Vazirlik sababini tushuntirdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Toshkentdagi davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyi hali rasman foydalanishga topshirilmagani, kadastr hujjatlari va zarur ruxsatlar rasmiylashtirilmagani sababli talabalar undan chiqarildi.
- Tadbirkor tomonidan ayrim talabalar tegishli yo‘llanmasiz va Toshkent davlat texnika universitetiga aloqador bo‘lmagan boshqa OTM talabalari ham ushbu yotoqxonaga joylashtirilgani aniqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat texnika universiteti talabalarining talabalar turar joyidan chiqarib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi munosabat bildirdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi Talabalar shaharchasida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan mazkur talabalar turar joyi hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Obyektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan, undan foydalanish uchun zarur ruxsatlar ham olinmagan. Shu sababli talabalarni unga rasmiy tartibda joylashtirish mumkin bo‘lmagan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun talaba Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali ariza topshirib, belgilangan tartibda yo‘llanma olishi kerak. Biroq tadbirkor tomonidan ayrim talabalar mazkur obyektga tegishli yo‘llanmasiz joylashtirilgani aniqlangan. Shuningdek, Toshkent davlat texnika universitetiga aloqador bo‘lmagan boshqa OTM talabalari ham ushbu yotoqxonaga joylashtirilgan.
Holat aniqlangach, talabalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ularning barchasi obyektdan chiqarilgan. Toshkent davlat texnika universiteti talabalari universitetning mavjud bo‘sh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirilgan. Boshqa OTM talabalari esa tegishli mas’ullar orqali o‘z ta’lim muassasalariga qaytarilgan.
Vazirlik xorijiy talabalarni ham tegishli ruxsat hujjatlarisiz foydalanishga topshirilmagan obyektga joylashtirish mumkin emasligini ma’lum qildi. Shu sababli ular ham xavfsizlik choralari doirasida yotoqxonadan chiqarilgan.
Ayni paytda obyektning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari, binoda issiq suv va isitish tizimlari hali to‘liq ishga tushirilmagan.
Vazirlikning bildirishicha, mazkur obyektning rasmiy ochilish marosimi ham hali o‘tkazilmagan. Qurilish ishlari belgilangan muddatda to‘liq yakunlanmagani sababli avgust oyidagi ochilish tadbirlari doirasida undan foydalanish boshlanmagan.
Barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli ruxsatlar olingach, obyekt foydalanishga topshiriladi va talabalarni joylashtirish amaldagi tartib asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, avval mazkur obyektga joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan 100 foiz miqdorida qaytarib berilgan.
Vazirlik universitet va o‘zi talabalar ushbu obyektga belgilangan tartibga rioya qilinmagan holda joylashtirilganidan oldindan xabardor bo‘lmaganini bildirdi. Holat aniqlanganidan so‘ng talabalar xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.






























Izohlar 0
…