Chiqindi qopidan qariyb 19 ming dollar topgan erkak pulga egalik qildi

Chiqindi qopidan qariyb 19 ming dollar topgan erkak pulga egalik qildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Inchxon shahrida 60 yoshdan oshgan erkak chiqindi qopidan 25 million von (taxminan 18,7 ming dollar) topdi va olti oy davomida egasi chiqmagach, pulga egalik qilish huquqini oldi.
  • Huquq-tartibot organlari pul egasini aniqlash uchun barcha zarur choralarni ko'rgan, ammo muvaffaqiyatsiz chiqqan.
  • Janubiy Koreya qonunchiligiga ko'ra, topilgan mablag' egalik huquqi uni topgan shaxsga o'tdi, biroq undan soliq va e'lon xarajatlari uchun 5,77 million von ushlab qolingan.

Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida 60 yoshdan oshgan erkak chiqindi qopidan 25 million von (taxminan 18,7 ming dollar) topib oldi. Olti oy davomida pulning egasi aniqlanmagach, mablag‘ga egalik qilish huquqi uni topgan erkakka berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, erkak 10 fevral kuni Inchxon shahrining Jemulpo-gu hududi Gimgok-dongdagi turarjoy binosi yonida tashlab ketilgan 20 litrlik chiqindi qopidan eski kiyimlarni yig‘ib olayotgan paytda pullarni topgan.

25 million von kiyimlar ostiga yashirilgan bo‘lib, 50 ming vonlik kupyuralardan iborat beshta bog‘lamga joylangan. Har bir bog‘lamda 100 tadan banknota bo‘lgan va ular Koreya Banki nomi tushirilgan maxsus tasmalarga o‘ralgan.

Erkak topilma haqida darhol politsiyaga xabar bergan. Huquq-tartibot xodimlari pul egasini aniqlash uchun yaqin atrofdagi kuzatuv kameralarini tekshirgan, barmoq izlari tahlilini o‘tkazgan va hududdagi o‘nlab xonadonlarga murojaat qilgan.

Bundan tashqari, topilgan pul haqidagi ma’lumotlar milliy yo‘qolgan buyumlar portalida va mahalliy gazetada e’lon qilingan. Biroq olti oy davomida hech kim mablag‘ni talab qilib chiqmagan.

Janubiy Koreyaning yo‘qolgan buyumlar to‘g‘risidagi qonunchiligiga ko‘ra, yo‘qolgan mol-mulk egasi ommaviy e’lon berilganidan keyin olti oy ichida o‘z huquqini talab qilmasa, mulkka egalik qilish huquqi uni topgan shaxsga o‘tishi mumkin.

Shu sababli, avgust oyida politsiya topilgan mablag‘ni erkakka topshirgan. Biroq 25 million vondan 22 foizlik soliq hamda mahalliy gazetadagi e’lon xarajatlari uchun jami 5,77 million von ushlab qolingan. Natijada erkakning hisobiga 19,23 million von o‘tkazilgan.

Politsiya pulning jinoyat bilan bog‘liqligini ko‘rsatuvchi dalillar aniqlanmaganini bildirgan. Shuningdek, erkak pulni topgach, uni belgilangan tartibda politsiyaga topshirgani sababli egalik huquqini olishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar aniqlanmagan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar