Erkin Keci / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Serblar ko‘pchilikni tashkil etadigan Shimoliy Kosovodagi vaziyat mahalliy ma’murlarning Serbiyadan keluvchilar uchun vaqtinchalik hujjat joriy etish rejasi, shuningdek serblarning avtomobil raqamlarini Kosovonikiga o‘zgartirish jarayoni boshlanishi tufayli keskinlashdi.
Kosovo bosh vaziri Albin Kurti Kosovo shimolida yashovchi serblarga Serbiyada berilgan avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat raqamlarini Kosovonikiga almashtirish haqidagi buyruq «javob chorasi» ekanini aytib, Kosovo davlatchiligini tan olmaydigan Serbiya o‘z hududiga kirib keluvchi kosovoliklarga xuddi shunday talablar qo‘yganiga e’tibor qaratdi.
Kosovoda yangi choralar 1 avgustdan kuchga kirishi kerak edi. 31 iyul kuni kechqurun yuzlab etnik serblar Serbiya chegarasidagi Yarine va Brnyak nazorat-o‘tkazish punktlariga olib boruvchi ikkita asosiy yo‘lni to‘sib, barrikadalar o‘rnata boshladi. Reuters agentligi yozishicha, Kosovska-Mitrovitsada uch soat mobaynida sirenalar chalingan.
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich kosovolik serblar uchun vaziyat «juda murakkab» ekani va mojaro kelib chiqsa, unda «Serbiya g‘alaba qozonishi»ni aytdi. «Biz hech qachon bugungidan ko‘ra murakkab vaziyatda bo‘lmaganmiz. Prishtinadagi rejim o‘zini jabrdiyda sifatida ko‘rsatib, dunyodagi vaziyatdan foydalanishga urinmoqda, [Kosovo bosh vaziri] Albin Kurti qiyofasidagi yangi Zelenskiy gegemonizmga qarshi kurash haqida aytmoqda», — deya uning so‘zlarini keltirgan TASS.
Vuchich Kosovo hukumati yarim tunda «serb hujjatlarini taqiqlash aksiyasi»ni boshlamoqchi ekanini va shuning uchun har ehtimolga qarshi nazorat-o‘tkazish punktlariga o‘zining maxsus bo‘linmalarini keltirib qo‘yganini aytdi. Rossiyaning ayrim nashrlari prezidentning so‘zlarini o‘zicha talqin etdi va «Vuchich Kosovo armiyasi tunda Serbiyaning shimoliy qismiga hujum qilishni rejalashtirayotganini aytdi» qabilidagi sarlavha bilan postlar tarqatildi.
Serbiya prezidenti «qanday qilib bo‘lmasin tinchlikni saqlash»ni istashini qayd etdi, ammo «agar serblarni ta’qib qilishga jur’at etishsa, serblarni o‘ldirishga jur’at etishsa, Serbiya g‘alaba qozonajagi» haqida gapirdi. RF TIV Serbiyaning yonini oldi va Prishtinaning harakatini «serblarni Kosovodan quvib chiqarishga qaratilgan navbatdagi qadam» deb baholadi. «Prishtinani va uning ortida turgan AQSH hamda YEIni provokatsiyani bas qilish va Kosovodagi serblar huquqlarini hurmat qilishga chaqiramiz», — deyilgan vazirlik xabarida.
Yakshanba kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda otishma ovozlari eshitilgan roliklar tarqalgandi. Kosovo politsiyasi Serbiya bilan chegaradagi ikkita nazorat-o‘tkazish punktini ham yopdi va 31 iyul kuni kechqurun politsiyachilar tomonga ham o‘q uzilgani, ammo «xayriyat, hech kim jabrlanmagani»ni ma’lum qildi.
Kosovska-Mitrovitse shahridagi serblar va albanlar yashovchi hududlarni ajratib turuvchi Ibar daryosi ustidagi ko‘prikda Kosovo hududida xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan NATO boshchiligidagi xalqaro kuchlar (KFOR) paydo bo‘ldi. Missiya rasmiy bayonot e’lon qilib, tinchlikparvar kuchlar vaziyat «keskinlashuvi»ni diqqat bilan kuzatib borayotgani va barqarorlikka tahdid yuzaga kelsa, vaziyatga aralashishga tayyorligini ma’lum qildi.
1 avgustga o‘tar kechasi Kosovo rasmiylari o‘zgarishlarni bir oyga kechiktirishini ma’lum qildi — faqat barrikadalar olib tashlanishi sharti bilan. Reuters nashri yozishicha, Prishtina bu qarorga Yevroittifoq va AQSH bilan maslahatlashuvdan keyin kelgan; Amerikaning Kosovodagi elchisi Jeffri Hovenyer Serbiyada berilgan Serbiya raqamlari va hujjatlariga ega avtomobil egalariga nisbatan chora ko‘rishni bir oyga kechiktirishni so‘ragani, chunki bu masala atrofida «juda ko‘plab yolg‘on ma’lumot va tushunmovchiliklar» yuzaga kelganini aytib o‘tdi. Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Kosovo ma’muriyatining Serbiyada ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarni Prishtinada berilgan yangi davlat raqamlari uchun majburiy qayta ro‘yxatdan o‘tkazish rejasini amalga oshirishni 1 sentabrgacha kechiktirish qarorini olqishladi va barrikadalar «zudlik bilan olib tashlanishi»ni kutayotganini aytdi.
1 avgust tongida Serbiya davlat nashri RTS to‘siqlar hamon o‘z joyida qolayotgani, Yarine va Brnyakdagi nazorat-o‘tkazish punktlari hamon yopiqligi, Merdaredagi ishlab turgan nazorat-o‘tkazish punktida serblar bergan hujjatlar bilan kirib kelayotganlarga vaqtincha hujjatlar berilayotgani haqida xabar qildi.
Avtomobil raqamlari tufayli 2021 yil kuzida ham xuddi shu kabi keskinlik kuzatilgandi. O‘shanda kosovolik politsiyachilar serbcha raqamli mashinalar haydovchilarini ularni almashtirishga majburlagan; mahalliy serblar yo‘llarni to‘sishga kirishgan. O‘shanda ham, Deutsche Welle nashri yozishicha, Kosovo o‘z harakatini «aks ettiruvchi chora» deb atagan, chunki Serbiya kosovoliklarning avtomobil raqamlari o‘z hududida almashtirilishini talab qiladi. Bir necha kunlik qarama-qarshilikdan keyin tomonlar ikki davlat haydovchilari ikkinchi davlatga kirishda o‘z mamlakati ramzlarini yopishtirib olishiga kelishgandi. Belgrad va Prishtina vakillari keyingi yarim yil davomida bu borada bir to‘xtamga kelishi ko‘zda tutilgandi, ammo bir yil o‘tib ham yechim topilmadi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas