09:35 / 28.08.2022
1 264

Bu o‘yin oddiy o‘tishi mumkin emas! Yoxud "qaynoq" haroratdagi olishuvlar bitta turda

Bu o‘yin oddiy o‘tishi mumkin emas! Yoxud "qaynoq" haroratdagi olishuvlar bitta turda
Bugun Superliganing 17-turi boshlanadi. “Dahshatli” o‘yin bilan start oladigan bu turdan ham ko‘p narsa kutilyapti. Namanganda “Navbahor” – “Paxtakor” uchrashuviga qiziqish o‘z-o‘zidan katta. Har bir juftlikda o‘ziga yarasha qiziq jarayonlar bor.

28 avgust (yakshanba)

“Navbahor” – “Paxtakor”

Bu o‘yinga afisha shart emas. Gap nima haqida ketayotganini barchamiz yaxshi tushunib turibmiz. Bir-biri uchun ikki azaliy raqib to‘qnashuvi. Odatda, “Navbahor” va “Paxtakor” o‘yini turli voqealarga boy bo‘ladi, keyin turli gap-so‘zlar kelib chiqadi. Bu safargi uchrashuv ham bundan mustasno bo‘lmasa kerak. Chunki bunday katta klublar ishtirokidagi bahs shunchaki oddiy o‘tishi ham mumkin emas. Chempionlik maqsadi yo‘lida kurashayotgan jamoalar bir-birini mag‘lub etishni juda xohlashyapti.

Aniqki, stadion to‘ladi va bu “Navbahor”ga katta kuch beradi. Samvel Babayan uchun “Paxtakor” juda qadrli klub. Ammo bu allaqachon tarixda qolgan. Endi u “Navbahor”da o‘zi istagan jamoani quryapti. Maksim Shatskix va uning jamoasini nimalar kutayotganini tasavvur qilish qiyin emas. Chempionatimizda murabbiy sifatida yaqindan beri ishlashni boshlagan murabbiy matbuot anjumanlarida hakamlar haqida bir necha bor keskin gapirdi. Bugun ham o‘yindan keyin undan nimadir kutish qiyin emas. Lekin bu uchrashuvni ko‘rmasangiz bo‘lmaydi. Natijasi o‘yindan keyin...

“Dinamo” – “Bunyodkor”
Vadim Abramov sobiq jamoasiga qarshi. Juda qiyin vaziyatda qolgan “Dinamo”ni bir ochko ham qoniqtirmaydi. Xohlasa ham, xohlamasa ham yutishga majbur. Aksiga olib, “Bunyodkor”dagi vaziyat ham shunga o‘xshash. Viktor Karpenko boshchiligidagi klub hali ikkinchi davrada yutgani yo‘q. Rosti, bu o‘yin ham muhimligi bo‘yicha boshqalardan qolishmaydi. Lekin Abramovdan baribir samarqandliklar bir nima kutishyapti-da!

29 avgust (dushanba)

“Nasaf” – “Lokomotiv”

O‘zbekiston Kubogida xuddi “Navbahor” – “Paxtakor” qarama-qarshiligi kabi “Nasaf” – “Lokomotiv” juftligi ham bor va ular chempionatda ham kuch sinashishadi. “Lokomotiv”ga Server Jeparov bosh murabbiy etib tayinlandi va bu uning ilk o‘yini. Lekin debyuti “Nasaf”ga qarshi bo‘lishini hisobga olsak, unga havas qilib bo‘lmaydi. “Nasaf” esa “Loko”ni yutishni yoqtiradi. Hammadan ko‘ra, Jeparov murabbiy sifatida yangi jamoasida qanday o‘yinni qurishini ko‘rish qiziq.

AGMK – “Surxon”
Biroz barqarorlik yetishmayotgan AGMK endi “Surxon”ni qabul qiladi. Ispaniyalik Anxel Lopes jamoasi oxirgi turlarni muvaffaqiyatsiz o‘tkazyapti. Natija ikkala jamoa uchun juda muhim ekanini hisobga olsak, balki kichik hisobda o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin.

“Neftchi” – “Qizilqum”
Farg‘onaliklar uchun ortga yo‘l yo‘q. Yangi bosh murabbiy Vitaliy Levchenko hali yutgani yo‘q. Qanday bo‘lmasin “Neftchi” g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga soladi. “Qizilqum” ham sovrinli o‘rinlar uchun astoydil kurashyapti. Vitaliy Levchenko ham, Nikola Lazarevich ham Tojikistondagi faoliyati orqali bir-biriga yaxshi tanish. Bu ham yaxshi o‘yin bo‘ladi. Ammo “Neftchi” yana yutmasa, bormi?! “Qizilqum” ham anoyi emas-da...

“Olimpik” – “So‘g‘diyona”
“Olimpik”ning sarguzashtlari davom etyapti. Endi “So‘g‘diyona”ni sinovidan o‘tkazadi. Balki “So‘g‘diyona” “Olimpik”ni sinovdan o‘tkazadi, deyishingiz mumkin. Lekin Timur Kapadze boshchiligidagi “Olimpik” faqat 3 ta yutqazdi xolos. “So‘g‘diyona” ham shunaqa. Yoshlarga qarshi yoshi kattalar. Albatta, “So‘g‘diyona” tajriba va natija uchun qanday o‘ynashni biladi. “Olimpik”ni o‘yini boshqacha. O‘yin uslubi bir-biriga mutlaqo boshqacha bo‘lgan jamoalar o‘rtasidagi bahsni kuzating. Balki gollarga boy bo‘lishi ham hech gap emas.

30 avgust (seshanba)

“Metallurg” – “Qo‘qon-1912”

Davron Fayziyev “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi bo‘lganidan beri ikkinchi davrada ketma-ket 3 ta durang qayd etdi. Umumiy hisobda esa oxirgi 5 ta turdan beri faqat durang natija qayd etyapti. “Metallurg” – “Qo‘qon-1912” uchrashuvida sobiq futbolchilar to‘qnashuviga ham guvoh bo‘lamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bu o‘yin oddiy o‘tishi mumkin emas! Yoxud "qaynoq" haroratdagi olishuvlar bitta turda