2 119
Eldorning agenti Mourinoning Shomurodovga ikki e’tirozi, Rimda nega qolgani va kelajagi haqida
«Roma» klubi hujumchisi Eldor Shomurodovning agenti Qahhor Mo‘minov Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashriga bergan intervyusida o‘zbekistonlik hujumchining Italiyadagi muammolari, Rimni nega tark etmagani, unga qiziqqan klublar, Mourino bilan munosabati va uning kelajagi haqida gapirdi.
— O‘zbekistonda ikkinchi Shomurodov bormi?
— Ikkinchi ham, uchinchisi ham bor.
— Kimlar?
— «Nijniy Novgorod»da yigitcha bor – Ibrohimxalil Yo‘ldoshev. Iqtidorli, kelajagi bor o‘yinchi. Unga Rossiyada moslashish uchun yarim oycha vaqt kerak bo‘ldi va yaxshi o‘ynab ketdi. Ayni damda Yo‘ldoshev oldida Rossiya Premer-ligasining ikki klubidan aniq taklif bor. Shuningdek, Osiyo klubidan ham qiziqish mavjud.
Yana biri Yo‘ldoshevning tengquri, «Torpedo»da o‘ynayotgan Hojimat Erkinov. U Kamerunga qarshi o‘yinda milliy jamoasida gol kiritdi. Bu yigitlar hali o‘sishda davom etishadi. O‘zbekistonda sobiq ittifoq murabbiylar maktabining o‘ziga xos an’analari saqlanib qolingan, davlat ham infrastukturaga katta mablag‘lar sarflamoqda. Faqat viloyat markazlari emas, tuman markazlarida ham so‘nggi 20 yilda yangi stadionlar qad rostlagan. Yoshlarning futbolga oqimi ulkan – birgina «Bunyodkor» akademiyasida qariyb 2000 nafar bola futbol bilan shug‘ullanmoqda. Bu esa o‘z mevasini bermoqda.
— «Roma» Shomurodovni yozda qo‘yib yubormadi, shunga qaramay u zaxirada qolayapti. Bu nima bilan bog‘liq?
— Eldorga «Torino» va «Bolonya» tomonidan jiddiy qiziqish mavjud edi. Uni Turkiyaning barcha yetakchi klublari, Saudiya jamoalari o‘z saflarida ko‘rishni xohlashgandi. Ammo «Roma» uni o‘z tarkibida olib qolishga qaror qildi. Bu masalada Joze Mourino, klub bosh direktori bilan suhbatlashdik. Portugaliyalik murabbiy matbuotni o‘qimaslikni maslahat berdi.
— Nega?
— U Shomurodovni hech kim klubdan haydamayotgani va boshqa jamoaga ham berib yuborilmasligini aytdi. Faqatgina unga aqlbovar qilmas taklif tushsa, aytaylik Osiyodan, klub transfer masalasini o‘ylab ko‘rishi mumkinligini aytishdi.
— Shomurodovni A Seriya klublaridan biriga ijaraga berib yuborish yaxshiroq emasmidi?
— Mourino Eldorga: «Quloq sol, «Bolonya»dagi 10-15 o‘yindan ko‘ra, «Roma»dagi 5ta o‘yin ham sen uchun yaxshiroq», dedi.
Oldimizda Berluskoni nazoratidagi «Monsa»ga o‘tish varianti bor edi. «Monsa» Roberto de Dzerbi bilan muzokara o‘tkazayotgan, italiyalik murabbiy esa bu klubdan eng avvalo Shomurodovni sotib olish shartini qo‘ygan edi. Ammo bu amalga oshmadi (Dzerbi Potter o‘rniga «Brayton» bosh murabbiyiga aylandi). Oxir-oqibat Mourino, «Roma» rahbariyati va Italiyadagi hamkorlarimiz bilan maslahatlashib, Rimda qolishga qaror qildik. Bilasizmi, «Roma» baribir top-klub, bu – brend, firma. Shomurodov Yevropaning kuchli beshlik chempionatlaridan birining top-klubida faoliyat olib bormoqda. Buni qadriga yetishimiz kerak. Qolaversa, Mourinoning o‘zi har gal «Ela»da imkoniyat berilishini ko‘p marta takrorlamoqda.
— «Atalanta» bilan o‘yinda Shomurodovga imkoniyat berildi, u esa yaxshi vaziyatdan foydalana olmay, jamoasini qutqarmadi...
— Ha. O‘sha vaziyatda Eldor gol ursa qahramon bo‘lardi. Top-klublarda o‘ta kuchli raqobat bo‘lishi tabiiy hol. Shomurodov ham hozir shunaqa vaziyatda. Ammo biz «Roma»ga hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz shart. Ayrim hamkasblarimiz har doim negativ izlashadi: murabbiy aybdor, klub aybdor deb...
— Sizlar-chi?
— O‘zimizga doim hisobot beramiz. Tushuning, «Roma» Eldor uchun «Jenoa»ga katta mablag‘ to‘laganini unutmaslik lozim. Rimliklar short-listida doimo juda ko‘p nomdor, kelajagi porloq o‘yinchilar bo‘ladi, ular esa aynan Eldorni tanlashgan. Bu bejizga emas. Klub hech qachon unga boshqacha qaragani yo‘q. Shomurodovga «Sen bizga keraksan. Qani bo‘l, kurash», degan.
— Eldor italyan tilini o‘zlashtirdimi?
— Mourino boshida aynan shu masalada e’tiroz qilgandi. Har holda Joze tilshunos, tarjimon – sakkizta tilni biladi. Shu bois Eldor til o‘rganishda sustlashgani uchun murabbiyning biroz jahli chiqqandi. Mourinoga Eldor taktikani to‘liq tushunmayotgandek ko‘ringan. Ammo hozirda vaziyat tubdan o‘zgardi. Shomurodov allaqachon yevropalikka aylangan va italyanchada zo‘r gaplashadi. Uni barcha jamoalarda yoqtirishadi. Ajoyib yigit. Darvoqe, «Roma» u bilan xayrlashishni istamagani sabablaridan biri ham aynan shu. Chindanam butun jamoa uni yaxshi ko‘radi.
— «Roma» Shomurodov uchun o‘z darajasidan balandroq cho‘qqi emasmi?
— Xo‘sh endi nima qilish kerak – yugurib, o‘zini cho‘qqidan tashlasinmi? «Roma»ning o‘zi Eldorni tanladi-ku, klubdan hech kim uni sotib olishga majburlagani yo‘q. Axir, kimni futbolchi uchun qariyb 20 million sarflashga majburlash mumkin?
— Shomurodovning o‘zi aytaylik, Abraham bilan raqobat qilishga tayyor ekaniga ishonch hosil qildimi?
— Mourinoning til muammosidan keyingi ikkinchi e’tirozi aynan shu masalada edi. Murabbiy Eldordan o‘zini haqiqiy bo‘ri, go‘shtxo‘r, yirtqichdek his qilishini istamoqda. Undagi yumshoqlik, tug‘ma kamtarlik, andishali ekani maydonda pand berayapti. Osiyolik futbolchilarda ijobiy jihatlar ko‘p – intizomli, yuqori texnikaga ega, oddiylik. Taqqoslash uchun, Janubiy Amerikadan kelgan futbolchilar yangi klubga o‘tishdan oldin har bir tiyingacha tortishsa, o‘zbeklar umuman boshqacha. Ular eng avvalo ishni nimadandir boshlash kerak deyishadi. Ammo maydonda o‘zingdan katta, nomdor bo‘lganga haddan tashqari hurmat ko‘rsatish ham aslida kamchilikdir.
— Bu borada Eldorda o‘zgarish sezildimi?
— Sekin-asta o‘zgaryapmiz. U bu masalada o‘sdi. Yaqinda Kamerunga qarshi o‘rtoqlik bahsida u Erkinovga ajoyib golli uzatma berdi. Hojimat esa bo‘sh darvozaga to‘pni yo‘llashi qolgandi. O‘yindan keyin Eldorga «O‘sha vaziyatda o‘zing ham gol urishing mumkin edi» desam, u «Bilasanmi, 27 yoshda aynan golli uzatmalardan zavqlanayapman», dedi.
Eslasangiz, Yevro-2008dan keyin Jirkov, Pavlyuchenko, Arshavin Angliyaga yo‘l olgan, ammo ingliz tilini deyarli o‘rganishmagandi. Doim xo‘mraygan, jiddiy, kamgap ko‘rinishardi. O‘zbeklar esa bu borada ancha ochiqko‘ngil. Qolaversa, Shomurodovga Rimda, Genuyada e’tibor katta. Italiyada u bilan ko‘cha aylanayotganda har 200 metrda odamlar uni tanib, suratga tushishni so‘rashar, minnatdorchilik bildirishardi. Bu yigit maydonga 7-10 daqiqa to‘p surishiga qaramay, muxlislarning unga munosabati ancha iliq.
— Shomurodov faoliyatining o‘sish rejalari qanday?
— Albatta, biz «Roma»ning libosi darajasi bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Shu qishdayoq barchasini taroziga qo‘yamiz. Agar qandaydir oldinga siljish bo‘lmasa, bir to‘xtamga kelamiz. U hali 27 yoshda, Yevropada o‘ynashni istamoqda. Keyinchalik esa Osiyoning kuchli klublaridan birida to‘p surish niyatini yashirayotgani yo‘q. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin