23:32 / 13.10.2022
1 682

Ro‘ziqul Berdiyev: "Olti nafar himoyachi bilan o‘ynagandan keyin kimdir oldinga borib gol urishi kerak-da"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Olti nafar himoyachi bilan o‘ynagandan keyin kimdir oldinga borib gol urishi kerak-da"
Coca-Cola O‘zbekiston kubogi musobaqasining yarim final bosqichidan o‘rin olgan "Nasaf" - AGMK (2:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘yin haqida
- Avvalo shuni aytmoqchiman, bugungi o‘yinda muxlislarimiz daldasi va duolari bizga g‘alabani qo‘lga kiritishda katta yordam bo‘ldi. Biz muxlislarga ajoyib g‘alaba va final yo‘llanmasini taqdim etdik, bundan juda ham xursandmiz. Finalda ham albatta bosh sovrin uchun oxirigacha kurashamiz. O‘yin haqida aytadigan bo‘lsam, ko‘plab vaziyatlar yaratdik. Bugungi raqibimiz haqiqatdan juda kuchli edi. Aytish joiz, biz bugun kuchli raqibni ortda qoldira oldik. Birinchi bo‘limda ozgina e’tiborni yo‘qotdik va shuning evaziga gol o‘tkazib yubordik. Ikkinchi bo‘limda o‘zgarishlar orqali o‘yinimizga kuch qo‘sha oldik va yakunda g‘alabaga erishdik.

- "Nasaf" 8 marta O‘zbekiston kubogi finaliga chiqdi. Shuningdek, 2 marta mazkur musobaqada bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Buxoroda bo‘lib o‘tadigan finaldan ham muxlislarning umidi katta...
- Albatta, biz ham jamoamiz bilan bosh sovrinni yutishni istaymiz va bunga astoydil kurashamiz. Muxlislarni tushunaman, ular bizdan g‘alabalarni kutishadi. Kubokda oxirigacha kurashamiz va nasib bo‘lsa navbatdagi bosh sovrinni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz.

- Finalda "Navbahor" raqib bo‘lgani ma’qulmi yoki "So‘g‘diyona"mi?
- Men har ikki jamoaning imkoniyatlarini yuqori baholayman, kuchli jamoalar. Munosibi finalga yo‘l oladi.

- Bugungi o‘yindagi hakamlik haqidagi fikringiz qanday?
- Bugun o‘tgan o‘yindagi kabi vaziyatlar osonlik bilan hal qilindi. Hakamlar barcha vaziyatlar bo‘yicha futbol qoidalariga asosan qaror chiqarishdi deb o‘ylayman.

- Gollar asosan himoyachilar tomonidan kiritilmoqda. Hujumchilarga qachon navbat keladi?
- Maydonda jami 6 nafar himoyachi bilan o‘ynasangiz qaysidir biri borib gol urishi kerak-da! (kuladi). Hozirgi zamon futbolida bo‘ydor futbolchilarning standart vaziyatlarda o‘rni alohida bo‘layapti.

- Bahrom Abdurahimov qachon safga qaytadi?
- Mashg‘ulotlarga kirishdi. Yaqin orada bizga yordam bera oladi.

- Oybek Bozorovchi?
- Oybek bir oz qattiq jarohat olgan. Lekin suyaklari lat yemagan ekan. Mushaklarida jarohat bor. Bu o‘tib ketadigan jarayon, balki keyingi o‘yindayoq bizga yordam berishi mumkin.

- Sherzod va Dilshod biri 45 daqiqa, biri 55 daqiqa o‘ynadi. Ularning o‘yinidan qoniqish hosil qilmadingizmi?
- Bu sxemada o‘ynaganimizda ular ikki qanotlari yopishlari kerak bo‘ladi. Ular katta hajmdagi ishni bajarishdi va charchoq alomatlari ko‘rinib qoldi.

- Kubok o‘yinlarida ko‘proq darvozada Umidjon Ergashevga imkoniyat berilishining sababi nima?
- Albatta Abduvohid ham, Umid ham olimpiya terma jamoasiga nomzod futbolchilar sanalishadi. Shu sabab ularning ikkisiga ham imkoniyat berishga harakat qilayapmiz. O‘tgan o‘yinda Abduvohid bir oz xatoga yo‘l qo‘ygandek ko‘rindi. Shu sababdan bugun Umid Ergashevni maydonga tushirdik.

- Statistikaga qarasak, "Nasaf" ko‘proq safarda g‘alabaga erishayapti. Buxorodagi o‘yinda ham jamoangiz birinchi raqamli bo‘lib o‘ynaydimi?
- Qarshiga kelgan jamoalar biz bilan ko‘proq himoyaviy uslubda o‘ynashmoqda. Bu bizga yorib o‘tish uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda. Safardagi o‘yinlarda esa raqiblar hujumga o‘tishadi va bizda bo‘sh xududlar bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Olti nafar himoyachi bilan o‘ynagandan keyin kimdir oldinga borib gol urishi kerak-da"