10:33 / 01.11.2022
1 297

"Anchadan beri bu yilgi chempionatga o‘xshagan chempionat bo‘lmagandi"

"Anchadan beri bu yilgi chempionatga o‘xshagan chempionat bo‘lmagandi"
Chempionatimiz oxirgi manziliga yaqinlashib qoldi. Endi hammaning e’tibori chempionlik kurashiga qaratilgan. Qolaversa, Osiyo Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurash ham rosa avjida.

Superligani tark etishga ulgurgan “Dinamo”ga qaysi jamoa sherik bo‘ladi? Bu ham oxirgi turga borib hal bo‘lsa kerak. Ungacha da’vogarlar ochko to‘plashga harakat qilishyapti. “Turon” murabbiyi Anvar Berdiyev Superliganing 24-turi oldidan jamoalarning imkoniyatlarini baholadi.

2 noyabr (chorshanba)

“Olimpik” – “Metallurg”

- Ikkalasi ham futbol o‘ynashni yaxshi ko‘radigan jamoalar. To‘g‘risi, ajoyib o‘yin bo‘ladi. Ikkinchi davrada “Metallurg” ham mazmunli o‘yin namoyish etib kelmoqda. “Olimpik”ni bilamiz, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi negizini tashkil qiladi. Chiroyli o‘yin bo‘ladi va imkoniyatlar 50x50.

“Qizilqum” – “Qo‘qon-1912”
- “Qo‘qon-1912”ga juda qiyin bo‘ladi. Negaki, “Qizilqum” jamoasi chempionatni yaxshi o‘tkazyapti. Navoiyliklar ham Osiyo Chempionlar ligasi uchun oxirigacha kurashyapti. To‘g‘ri, qo‘qonliklarga ham ochko suv va havodek zarur. Ular Superligada jon saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan o‘ynaydi. Ularing tarkibi ham yomon emas. Ammo “Qo‘qon-1912”ni safarda to‘p surishidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, imkoniyatlar 55x45 “Qizilqum” foydasiga.

“Neftchi” – AGMK
- Yana bir ajoyib o‘yin bo‘ladi. “Neftchi” “Istiqlol” stadioniga qaytgach, birinchi o‘yinida mag‘lubiyatga uchradi. Jamoa Yaypanda o‘ynab keldi va yutuqlarga ham erishdi. Biroq farg‘onalik ishqibozlar Farg‘onadagi g‘alabalarni sog‘inib qolishgan. AGMK ham Osiyo Chempionlar ligasiga harakat qilyapti. Biroq “Neftchi” jamoasi o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida o‘ynaydi. Imkoniyatlarga kelsak, 55x45 “Neftchi” foydasiga. Baribir ular o‘z maydonida ishqibozlari qarshisida o‘ynaydi. Bundan oldingi turda yutqazgani uchun farg‘onaliklarga orqaga yo‘l yo‘q, deb o‘ylayman.

“Paxtakor” – “So‘g‘diyona”
- Ancha vaqtdan beri bu yilgi chempionatga o‘xshagan chempionat bo‘lmagandi. Hozir uchta jamoaning chempionlik uchun imkoniyati deyarli teng. Lekin “So‘g‘diyona” jamoasi uchun jiddiy. Ulug‘bek Baqoyev bir necha yildan beri ushbu klubda ishlab, yaxshi jamoani shakllantirdi. Futbolda omadsizlik ham bo‘lib turadi. Chunki “So‘g‘diyona” OFK Kubogi va O‘zbekiston Kubogi yarim finalida penaltilar seriyasida alamli tarzda mag‘lubiyatga uchradi. Ular o‘yin bo‘yicha hech kimga yutqazishgani yo‘q. Penaltilar seriyasi bu – lotereya. O‘sha mag‘lubiyatlar tufayli jamoa tushkunlikka tushib qolgan. Ammo o‘ylaymanki, Ulug‘bek Baqoyev yetakchilarga qarshi jamoasini qanday tayyorlashni biladi. “Paxtakor” – “So‘g‘diyona” juftligida imkoniyatlarni teng baholayman – 50x50. “Paxtakor” o‘z maydonida o‘ynasa ham raqib “So‘g‘diyona” ekanliligi uchun qiyin bo‘ladi.

3 noyabr (payshanba)

“Lokomotiv” – “Navbahor”

- “Lokomotiv” bu yil ancha qiyin ahvolga tushib qoldi. “Navbahor” O‘zbekiston Kubogi finalida mag‘lubiyatga uchradi. Endi ular uchun orqaga yo‘l yo‘q. Bor kuchini chempionlik uchun kurashga qaratishadi. Namanganlik muxlislar shu narsani talab ham qilishadi va buni futbolchilar his qilib turishibdi. Menimcha, Toshkentdagi uchrashuvda “Navbahor”ning imkoniyati balandroq – 40x60. “Lokomotiv” o‘z uyida o‘ynasa ham baribir qiyin bo‘ladi. Chunki tarkib bo‘yicha qarasak, “Navbahor” futbolchilari tajriba borasida yuqori.

“Nasaf” – “Dinamo”
- Bu juftlikda “Nasaf” katta ustunlikka ega. “Dinamo” Superliga bilan xayrlashdi. “Nasaf” Kubokni qo‘lga kiritganidan keyin futbolchilarda kayfiyat yuqori darajada. “Nasaf” bemalol g‘alaba qozonadi. “Dinamo”da tarkib bo‘yicha ham muammolari bor va qiynalib qoldi. Yirik hisob kutmayman-ku, ammo “Nasaf” jamoasi g‘alaba qozonadi.

“Bunyodkor” – “Surxon”
- “Bunyodkor”da murabbiy o‘zgarganidan keyin yosh jamoaning o‘yinida qanaqadir boshqacha o‘zgarish bo‘ldi. Ivan Boshkovich futbolchilarni yaxshi bilgani uchundir yoki ularga qanaqadir gap topa oldimi, baribir “Bunyodkor” xotirjamroq va o‘ziga ishongan holda o‘ynashni boshladi. Lekin unutmaslik kerakki, “Surxon” ikkinchi davrada yaxshi tomonga o‘zgardi. Ketma-ket g‘alabalarga erishib kelyapti. Jizzaxda “So‘g‘diyona”ni ham mag‘lub etdi. “Surxon” hozir ko‘tarilishda. Bu uchrashuvda imkoniyatlar 50x50.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Anchadan beri bu yilgi chempionatga o‘xshagan chempionat bo‘lmagandi"