23:36 / 27.03.2023
604

Shomurodov kelasi mavsum Benzema bilan yonma-yon o‘ynashi mumkin!

Shomurodov kelasi mavsum Benzema bilan yonma-yon o‘ynashi mumkin!
Ispaniya va Italiya poytaxtlari sharafini himoya qilayotgan “Real” va “Roma” jamoalarida yozda juda katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
 
“Real” bosh murabbiy Karlo Anchelottidan qutilmoqchi. Shuningdek, madridliklar jamoaning qariya yulduzlari – Karim Benzema, Luka Modrich va Toni Kroos bilan xayrlashishga tayyor. Rahbariyat ularga yangi bitim bermaydigan bo‘lyapti.
 
“Qirollik klubi” asosiy e’tiborni yosh, tezkor, kurashuvchan tarkib shakllantirish va futbolchilarni maksimal darajada samarali o‘ynata oladigan, rahbariyat bilan mojaroga bormaydigan murabbiy olib kelishga qaror qilgan.
 
“Real”ning keyingi yillardagi eng zo‘r to‘purari Karim Benzemani “Roma” o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Bu haqda Calciomercatoweb va  La Repubblica nashrlari xabar tarqatdi.
 
Joze Mourino “Oltin to‘p” sohibini Rim uchun o‘ynashga ko‘ndirishda  fransiyalik hujumchi bilan hamkorlik qilayotgan Adidas kompaniyasi yordamiga tayanadi.
 
Bundan tashqari, Joze Mourino "Real"ni boshqargan paytda Karim Benzemaga ustozlik qilgan va hujumchining imkoniyatlarini yaxshi biladi.
 
Portugaliyalik mutaxassisning bu urinishlari bejiz emas. U kelasi yozda “Roma” hujum chizig‘ini tubdan isloh qilishni mo‘ljallayapti. Yanvarda jamoadan Nikolo Dzanolo ketdi. Temmi Abraxamning o‘yinida pasayish davom etmoqda va 25 yoshli forvard o‘z vataniga qaytish payida yuribdi. Mourino uni teginib bo‘lmas futbolchilar ro‘yxatidan chiqargan.
 
“Roma”ning eng asosiy quroliga aylangan Paulo Dibalaga “Manchester Yunayted”va “Inter” kabi katta klublardan chorlov bo‘lyapti. Argentinalik jahon chempionining ham ketib qolish ehtimoli yo‘q emas.
 
Tarkibdagi hujumchilardan Andrea Belotti va Stefan El-Shaaravining shartnomasi tugayapti. Klub ularga yangi bitim bermoqchi emas.
 
Ijaraga jo‘natilganlardan Karles Peres va Jastin Klyuyvert uchun Rim eshiklari yopiq. Mourino faqatgina Eldor Shomurodovdan to‘liq voz kechmagan. Portugaliyalik mutaxassis legionerimizni vaqtinchalik malaka oshirish uchun “Spetsiya”ga jo‘natdi. Yozda Shomurodov yana Rimga qaytadi.
 
Agar Shomurodov kelasi mavsumni Rim klubida boshlasa, hujum chizig‘ida kimlar bilan o‘ynashi mumkin?
 
Ayni paytda Mourino mana shu savolga javob qidiryapti. Joze yaqinda “Roma” rahbariyati oldiga tarkibga yangi o‘yinchilarni olish bo‘yicha shart qo‘ydi.  Ma’lumotlarga qaraganda, asosiy yangilanish hujum chizig‘ida bo‘ladi.
 
Yevropa matbuotining yozishicha, portugaliyalik mutaxassis taniqli yulduzlarni nishonga olgan. U o‘z jamoasiga Karim Benzemadan tashqari, Romelu Lukaku, Roberto Firmino va Mauro Ikardini chorlamoqda. Bu futbolchilarning uchalasi ham jamoasini o‘zgartirishga tayyor. Chunki Lukakuning “Chelsi” va “Inter”dagi kelajagi mavhum, Ikardi PSJga kerak bo‘lmay qolgani uchun “Galatasaroy”da yuribdi, Firmino “Liverpul”dan ketishini aytib bo‘ldi.
 
Demak, yozda “Roma” yuqorida nomi keltirilgan yulduzlarni Rimga olib kelishga harakat qilib ko‘radi. Buning uchun eng avval – Joze Mourino jamoani Chempionlar ligasiga olib chiqib, rahbariyatning ishonchini oqlashi va shu orqali transferlarga pul undirishi talab etiladi. “Benazir” laqabli murabbiyda hozircha buning imkoni bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov kelasi mavsum Benzema bilan yonma-yon o‘ynashi mumkin!