Yaqinda Argentinada 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi vakillariga Yevropa jamoalari eshigini ochib bermoqda.
Argentinadagi mundialda o‘z salohiyati va mahoratini namoyish qila olgan yosh o‘yinchilarimiz jiddiy klublardan taklif ola boshladi.
Xususan, professional futbolchilik faoliyatini Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida o‘tkazib kelgan Abduqodir Husanov terma jamoadagi o‘yinlari tufayli kuchli beshlik ligalari jamoalari e’tiboriga tushdi. Oxir-oqibat 19 yoshli futbolchimiz faoliyatini Fransiya chempionati vitse-chempioni “Lans”da davom ettiradigan bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasining yana bir yetakchisi – Abbosbek Fayzullayev Rossiyaning SSKA klubi transfer qilishni istayapti. Tomonlar bu transfer bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladi.
Ayni paytda Samarqandning “Dinamo” jamoasini boshqarayotgan taniqli murabbiy Vadim Abramov Abbosbek Fayzullayevning imkoniyatlariga baho berdi.
- Fayzullayev juda iqtidorli va salohiyati katta futbolchi. Bo‘yi baland emas, lekin tezligi va driblingi bor. Qo‘rqmay aldamchi harakatlarni amalga oshiradi, maydonda kutilmagan va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati bilan ajralib turadi. Zo‘r futbolchi bo‘lib o‘sishi uchun barcha sifatlarga ega.
Rossiyada futbol jismoniy kuchga asoslangani esa, boshqa masala. Hammasi uning jamoadoshlari qanday usulda o‘ynashi va bosh murabbiy Vladimir Fedotov unga qanday talablar qo‘yishiga bog‘liq bo‘ladi.
Abbosbek Ispaniya chempionatida aniq o‘ynab ketgan bo‘lardi. Lekin Rossiya va SSKadagi faoliyati o‘xshaydimi, buni bilmayman. Hatto, Messi ham PSJda bor imkoniyatini namoyish qila olmadi. 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokidagi jahon chempionati SSKAning qiziqishiga sabab bo‘lgani aniq. Bu musobaqa ko‘rik vazifasini o‘taydi va hamma u yerdagi futbolchilarni kuzatadi. Himoyachimix Abduqodir Husanov “Lans”ga o‘tib ketdi. Terma jamoadagi muvaffaqiyatli ishtirok futbolchilarga bo‘lgan talabni oshiradi.
Agar Fayzullayev SSKAla o‘ynab keta olsa, klub Yevrokuboklarda o‘ynamasa ham, Yevropaga transfer qilish imkon bo‘ladi. Rossiya chempionati ham juda yaxshi afisha. O‘ylashimcha, Yevropa seleksionerlari Rossiya Premer-ligasi uchrashuvlarini kuzatib boradi. Har qanaqasiga olib qarasak, Rossiyaning o‘zi ham Yevropa.
Eldor Shomurodov “Rostov” bilan Yevrokuboklarda o‘ynamagan, lekin “Roma”ga o‘tdiku. Agar Fayzullayev ham o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olsa, u ham ketadi.
Darvoqe, bir necha kundan keyin Samarqandning “Dinamo” jamoasi O‘zbekiston kubogi doirasida Abbosbek o‘ynaydigan “Paxtakor”ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Hozir men Fayzullayev Rossiyaga ketmasidan bo‘lajak bahsda unga qarshi samarali o‘yin uslubini topishim kerak, - dedi Vadim Abramov “VsyoProSport” nashri jurnalisti Daniil Borozdinga bergan intervyusida.
19 yoshli Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Iste’dodli futbolchi 2021 yilning boshida asosiy tarkibga qabul qilingan.
Abbosbek shu paytga qadar klublar miqyosida O‘zbekiston Superligasida jami 33 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini yetti marotaba ishg‘ol qilgan va uch marta jamoadoshlariga golli ras uzatgan.
Shuningdek, Fayzullayev Osiyo chempionlar ligasida beshta bahsd maydonga tushib, o‘z nomiga bitta gol rasmiylashtirgan.
O‘zbekiston kubogi musobaqasida 19 yoshli futbolchi uchta o‘yinda ikki bor gol urishga muvaffaq bo‘lgani qayd etilgan.
Abbosbek Fayzullayev bir necha pozitsiyada to‘p tepa oladi. Asosiy ampluasi o‘ng qanot hujumkor futbolchisi bo‘lishiga qaramay, qarama-qarshi qanotda va maydon markazida ham ishonchli o‘yin namoyish qiladi.
Iste’dodli hujumkor fubolchimiz 2023 yilning iyun oyidan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb qilina boshladi. Hozircha, Fayzullayev uchta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!