date
views 429

Rossiya uchun O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘ynash qanchalik qiziq?

Rossiya uchun O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘ynash qanchalik qiziq?

Foto: Sports.uz

Siyosiy vaziyat tufayli qo‘llanilayotgan sanksiyalar futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasi va rus klublarining o‘yin o‘tkazish imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi. Buning oqibatida Rossiya terma jamoasi o‘tgan yili Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Qozog‘ison, Qirg‘iziston milliy terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi.

Xususan, Rossiya terma jamoasi o‘z tarixida ilk marotaba O‘zbekiston futbolchilariga qarshi saf tortdi. Toshkentdagi uchrashuvda hisob ochilmadi va kuchlar teng keldi.

Ayrim mutaxassislar va muxlislar Rossiya futbolchilarining mintaqamiz terma jamoalari bilan uchrashuv o‘tkazgani va o‘rtoqlik bahslaridagi o‘yin darajasini hamon tanqid qilib kelmoqda.

Moskvaning SSKA va Rossiya terma jamoasi yarim himoyachisi Konstantin Kuchayev o‘zbekistonlik futbolchi Abbosbek Fayzullayevning armiyachilar safiga qo‘shilgani va Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari bilan bo‘lgan o‘yinlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullayev 4 avgust kuni SSKA bilan shartnoma imzoladi. Bu futbolchimiz 2026 yilning yarmigacha moskvaliklar safida to‘p tepadi. Tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra, hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkin.

- Jamoalar uchun tarkibni kuchaytirib borish har doim muhim. Bu bizni yanada ko‘proq mehnat qilishga undaydi. Jamoada katta, lekin sog‘lom raqobat bo‘lishi kerak. Hech kim yangi o‘yinchilarning kelishiga qarshi emas, - dedi Konstantin Kuchayev.

Shuningdek, Rossiya terma jamoasi a’zosi o‘tgan yili Markaziy Osiyo mamlakatlari terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlar ahamiyati haqida ham gapirdi.

- Albatta, menga terma jamoada o‘ynash yoqadi. Terma jamoaga borishni istamagan birorta futbolchi bo‘lmasa kerak.

Ayrim odamlar “Kuchsiz raqiblarga qarshi o‘ynashning nima keragi bor?”, - deb malomat qilishyapti. Bu terma jamoaga jalb qilinmagan odamlarning gapi. Ular bu holatni terma jamoaga borish befoyda, deb izohlashga urinadi.

Rivojlanishni istagan o‘yinchi uchun terma jamoa juda zo‘r imkoniyat. Har holda bu o‘yinlar qo‘shimcha raqobat tug‘diradi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari kuchsiz raqib emas. Ular bilan raqobatlashish terma jamoamiz uchun qiziq, - dedi Konstantin Kuchayev.

Ta’kidlash joizki, avvalroq Qozog‘iston milliy terma jamoasini boshqarayotgan rossiyalik bosh murabbiy Magomed Adiyev Markaziy Osiyo mintaqasi terma jamoalari salohiyatini solishtirib, O‘zbekiston terma jamoasini ustun qo‘ygandi.

- Aslida men Osiyo futbolini kam tomosha qilaman. Qozog‘iston, Rossiya, Angliya va Italiya kabi Yevropa ligalari o‘yinlarini kuzatib borishga qiziqaman. Shuningdek, asosiy e’tiborimni terma jamoa uchrashuvlariga tayyorgarlikka qarataman.

Lekin shuni ta’kidlashim kerakki, O‘zbekistonda rivojlanish katta, bu terma jamoaning sifati yuqori va undan o‘yinchilar turli xorijiy mamlakatlar chempionatlariga yo‘l olmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonning mintaqadagi o‘rni alohida, deb o‘ylayman, - dedi Magomed Adiyev.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiya uchun O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘ynash qanchalik qiziq?