Xabaringiz bor, futzal bo‘yicha ilk bor o‘tkazilgan “CAFA Futsal Cup 2023” chog‘ida terma jamoamiz munosib ishtirok eta olgani yo‘q. Musobaqadagi so‘nggi o‘yin oldidan esa, hatto 5 ta futzalchimizni termadan chetlatilgani haqidagi xabar ham paydo bo‘ldi. Yana ayrim manbalar ishga bukmeykerlik idoralari aralashgani haqida ham yozdi. Vaziyatni oydinlashtirish maqsadida, terma jamoamiz sardori Dilshod Rahmatov bilan bog‘landik.
- Tojikistonda nima bo‘ldi? Nega birdaniga 5 futzalchini terma jamoadan chetlatishdi?
- Futzalda CAFA musobaqasi birinchi marta bo‘lishi! Bizga federatsiya tomonidan yaxshi sharoit yaratib berildi. Mashg‘ulotlarimiz yaxshi bo‘lgan edi.
5 futzalchi chetlatilmadi va xech qanday totalizator bo‘lmagan. Bu gapni terma jamoa a’zosi va terma jamoa ichidagi muhitni xar qanday muxlisdan va ayrim qo‘shtirnoq ichidagi aqlli jurnalistlardan ko‘ra yaxshiroq bilganim uchun aytyapman!
2-3 yil futzalni ko‘rib, o‘zini futzalni juda yaxshi bilaman deb tushunadigan aqllilar bilan tenglashib o‘tirmoqchi emasmiz! Nasib qilsa, biz yaxshi natijalar bilan javob qaytaramiz! Oxirgi 10 yilda Osiyo chempionatida deyarli barcha musobaqada medal oldik! 2 marta jahon chempionatida o‘ynadik. Bu o‘zidan-o‘zi bo‘lmagan! Bu natijalarni kechagina futzal ko‘rishni boshlagan yosh muxlislar bilishmaydi va tushunishmaydi.
- Nega aynan yetakchilar ketdi? Jamoani tark etgan yigitlarni ketishiga Bahodir Ahmedovning aloqasi bormi? Bu narsaga murabbiy qanday reaksiya bildirdi?
- Bizni ishqibozlarimiz futzaldan doim eng yaxshi natijani kutadi. Ularni bunga haqqi bor. Yetakchilardan esa, o‘z-o‘zidan ma’lumki doim yaxshi o‘yin talab etiladi. Afsuski, musobaqada biz o‘zimizni eng yaxshi o‘yinlarimizni namoyish eta olganimiz yo‘q. Murabbiy bizdan kutgan natijaning yarimini ham ko‘rsata olmadik. Mana shundan kelib chiqsak, Qirg‘iziston bilan bahsda bizga dam berishdi.
- Yurtimizda bo‘lib o‘tadigan futzal bo‘yicha jahon chempionati oldidan, bu voqealar ichki muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?
- Qaytarib aytaman. Hech kim terma jamoadan haydalgani yo‘q. JCH bu chinakam ulkan voqea! Uni munosib qabul qilishimiz lozim. Termada ham, eng kuchlilar o‘ynaydi. Unda hech kim o‘zi uchun joyni kafolatlamagan. Jamoadoshlarimni vatan sha’ni uchun maydonda jang qilishiga shubham yo‘q. “CAFA Futsal Cup 2023” esa, shunchaki bizga "tarsaki" bo‘ldi.
- Yaqinlashib kelayotgan Futzal bo‘yicha JCH uchun munosib tayyorgarlik boshlandi deb hisoblaysizmi?
- JCH boshlanishiga qadar vaqtimiz ko‘p emas. Shu bilan birgalikda, kam ham emas. Bu vaqtdan unumli foydalanishimizga ishonaman. Federatsiya bizga kerakli bo‘lgan kuchli raqiblar bilan o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil etib bermoqda. Ochig‘i, bu kunlarni orzu qilib kutganman. Agar uni qadriga yetmasak, qo‘pol qilib aytganda “ko‘r bo‘lishimiz” aniq.
- Bahodir Ahmedov o‘rniga xorijdan kuchliroq murabbiy olib kelish kerak degan fikr ko‘p yangramoqda. Bunga munosabatingiz qanday?
- Menda boshqacharoq variant bor. Masalan, biror bir xorijlik murabbiy Bahodir Ahmedov bilan tandemda ishlasa, biz uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar eshigi ochilishi mumkin. Masalan, o‘sha biz bilgan Mendesni olaylik. Uning hozir termaga taklif etilishi, xuddi avval bo‘lgani kabi hozir ham yaxshigina plyus bo‘lishi turgan gap.