11:53 / 17.10.2023
300

Timur Kapadze: "Hakamlar bu o‘yinga mos emasdi"

Timur Kapadze: "Hakamlar bu o‘yinga mos emasdi"

O‘zbekiston U23 hamda Misr U23 o‘rtasidagi o‘rtoqlik bahsidan (1:2) so‘ng Timur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Timur Kapadze: "Afsuski, mag‘lubiyatga uchradik. Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Misrni ko‘zdan kechirdik, yaxshi jamoa ekan. Biz ham yomon o‘ynamadik. Qizil kartochkadan so‘ng ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Bu biz uchun sinov bo‘ldi. Lekin charchaganimiz bilinib qoldi. Shunga qaramasdan yigitlar yaxshi o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishdi. Nega ikkinchi golimiz hisoblanmadi? Bilmayman. Keyin chetlatish bo‘ldi va barchasi o‘zgarib ketdi. Bularning baridan to‘g‘ri xulosa chiqaramiz. Keyingi uchrashuvlarda albatta xursand qilamiz. Misr jismoniy tomondan kuchli jamoa ekan. Ular Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgan, nasib bo‘lsa ular bilan Olimpiadada uchrashamiz".

- Jamoangiz to‘p nazoratiga tayangan hujumkor futbolni namoyish etadi. Lekin himoyada xatoliklar ko‘p. Bugungi uchrashuvda qizil kartochkadan so‘ng hisobni saqlab qola olmadik. Kelajakdagi bahslarda himoyaviy o‘yinni sinab ko‘rishni xohlamaysizmi?

- Biz kerak paytda himoyalanib, kerak paytda hujumga o‘tyapmiz. Osiyo o‘yinlarida rejali o‘yin ko‘rsata oldik deb o‘ylayman. Zahira yo‘qligi tufayli shunday bo‘ldi deb o‘ylayman. Ibrohim Halil kasal, Azamat kasal... Bugungi bahsda ishtirok eta olishmadi. Shunga qaramay yaxshi o‘ynay oldik. Uzoqdan urilgan golda darvozabon xato qildi. Hisob 1:1 ekanligida ham hujumga o‘ta oldik. Raqib birinchi bo‘limda hech narsa qila olmadi, hatto ochiq futbol namoyish etsak ham. Hammasi qizil kartochkadan keyin boshlandi. Ko‘p mehnat qildik, alam qiladi bunday mag‘lubiyat. Hakamlar bu o‘yinga mos emasdi. Ko‘p vaziyatlarda yaxshi hakamlik qila olishmadi. Bunday o‘yinlarda munosib referi ishlashini xohlardim. Ikkinchi golimiz haqida gapirishni xohlamayman... Tushunmadim u vaziyatga. To‘g‘ri, yoqimsiz holat. Mayli... Buni to‘g‘ri qabul qilamiz. Bayram bo‘lishi kerak edi... Kamchiliklar ustida ishlaymiz.

- Klublarida o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan futbolchilardan xavotir olmayapsizmi?

- Xavotirdaman. Chunki Jiyanovni qanday formada jo‘natgan edik, hozir u o‘ziga kela olmayapti. Uning jismoniy holati va o‘yin tonusiga savollar bor. Hojimat kirishib keta oldi, lekin barqarorlik yo‘qligi bilinib qoladi. Futbolchi o‘ynashi kerak. Agar u yerda bo‘lmasa, boshqa joyga borib harakat qilishi lozim. Ular formada bo‘lmasa, maydonga tushishmasa boshqalarni ko‘rib chiqishimiz mumkin.

- Misr va Ispaniya terma jamoalari orasidagi farq haqida nima deya olasiz?

- Ispaniya texnika, taktika va kombinatsiya tomonidan yaxshi shakllangan jamoa ekan. Misr ham kuchli, biroq pressingdan chiqishda misrliklarda muammolar bor ekan. Shunga qaramay Misrning jismoniy holati yaxshi. Biroq texnika va fikrlash jihatdan Ispaniya bir bosh ustun.

- Otabek Jo‘raqo‘ziyev almashtirilganidan so‘ng maydonni o‘zi tark eta olmadi va uni olib chiqib ketishdi. Uning holati haqida ma’lumot bera olasizmi?

- Uning oyoqlarida butsaning izlarini ko‘rdim. Maydonni narigi tarafida turib, o‘sha to‘qnashuvning ovozini eshitdim. Hakam bunga ahamiyat bergani yo‘q. U qizilga tortadigan vaziyat. Jarohat jiddiy. Hakam esa sariq beraymi, yo‘qmi deb ikkilanyapti. Referi bu bahsda raqibga yordam berdi demohchi emasman. Hakam bu bahsga munosib emas ekan.

Ikkala o‘yin ham bizga foyda berdi, ammo bu bahslarga charchagan holda keldik.

- Navbatdagi FIFA kunlarida nomdor jamoalar bilan o‘ynash rejasi bormi?

- Noyabrdagi FIFA kunlaridan foydalanmaymiz. Milliy jamoaning o‘yinlari bor, ko‘p futbolchilar o‘sha yerga ketishyapti. Osiyo o‘yinlari tufayli Superliga bahslarini o‘tkazib yubordik. Yigitlar dam olishadi. Keyingi yildagi FIFA kunlariga tayyorgarlik ko‘ramiz. 2024 yilda bizni Osiyo Kubogi kutib turibdi. Dekabr, yanvar yoki fevralda ham yig‘in o‘tkazishimiz mumkin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze: "Hakamlar bu o‘yinga mos emasdi"