Srechko Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati saralash bahslariga tayyorgarlikni boshladi.
Bugundan Toshkentda yig‘inga kirishgan terma jamoamiz ixtiyoriga legionerlarimiz ham kelib qo‘shilmoqda. Italiyaning "Kalyari" klubi hujumchisi Eldor Shomurodov bo‘lajak o‘yinlar oldidan fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Terma jamoa yig‘ini boshlandi. Muhim uchrashuvlar oldidan tayyorgarlik qanday ketmoqda?
- Kayfiyat yaxshi. Rasmiy o‘yinlar boshlanmoqda. Rasmiy uchrashuvlarda nimaga qodir ekanligimizni bilib olamiz. Barcha tayyor.
- Raqiblarimiz Turkmaniston va Eron haqida gapirib o‘tsangiz. O‘zingiz ham ushbu terma jamoalarga qarshi ko‘p marotaba o‘ynagansiz. Turkmaniston terma jamoasi darvozasiga gol ham urgansiz.
- Ikkala raqibga qarshi ham bir xil tayyorgarlik ko‘ramiz. Turkmanistonga qarshi sun’iy maydonda o‘ynaymiz. Terma jamoa yig‘inidagi "Paxtakor" futbolchilari bilan sun’iy maydon haqida gaplashdik. Maydon bo‘yicha savollar bor. Birinchi uchrashuvda g‘alaba qozonish juda ham muhim.
- Klubdagi faoliyatingiz haqida gapirib o‘tsangiz.
- Jamoamda hammasida joyida. Sekin astalik bilan optimal formaga qaytmoqdaman.
- Meksikaga qarshi kechgan uchrashuvda terma jamoa shifokorlari sizga sun’iy maydonda o‘ynamaslikni maslahat bergan edi. Turkmanistonga qarshi kechadigan uchrashuv jahon chempionatiga saralash bahsi bo‘lgani uchun maydonga tushasizmi?
- Albatta. Turkmanistonga qarshi rasmiy o‘yin kutib turibdi. Meksikaga qarshi esa o‘rtoqlik uchrashuvi edi va shu sabab tavakkal qilmadik. Turkmanistonga qarshi maydonga tushaman.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring