Muxtor Qurbonov Turkmaniston bilan o‘yin va terma jamoamizning raqobatga muhtoj chizig‘i haqida fikr bildirdi
OKMK jamoasi rahbariyatida faoliyat yuritayotgan, o‘z vaqtida terma jamoamiz libosida bir nechta uchrashuv o‘tkazgan Muxtor Qurbonov Turkmaniston va Eron bilan o‘yinlar, terma jamoamizning bugungi kuni va raqobat kerak bo‘lgan pozitsiyalari haqida gapirdi.
- Avvalgi va hozirgi futbolni solishtirish qiyiin. Ikki davr o‘rtasida taktik tomonlarda farq bor, deb o‘ylayman. Biz to‘p tepgan paytda mahoratli va kuchli driblingga ega futbolchilar ko‘p edi, deya olaman. Har bir klubda 5-6 nafar futbolchi ajralib turar edi. Hozirda pozitsiyasiga qarab barchasi bir xil. Terma jamoamiz bugungi kunda yaxshi shakllanib ulgurdi. Falsafa o‘zgardi. Murabbiy imzosi ko‘rinib turibdi. O‘yinni borishi ko‘proq yetakchilarga bog‘liq.
- Ahamiyat bergan bo‘lsangiz murabbiy o‘rtoqlik uchrashuvlarida ko‘proq himoyaga e’tibor berdi. Futbolchilarning potensialini tekshirib oldi. Nimalarga qodirligidan xabari bor. Futbolda himoya mustahkam bo‘lsa, hujumga qo‘rqmasdan o‘tsangiz bo‘ladi. Fikrimcha, ichki chempionatimizda ko‘p jamoalar to‘pni olib qo‘yish, tez qaror chiqarishda oqsashmoqda. Jahon chempionatiga chiqish uchun bir qadam qoladi. Mana endi ham mundialga chiqishimiz kerak.
- Turkmaniston bilan ikki xil saviyadagi jamoalar to‘qnash keladi. Taktik va jismonan tayyor bo‘lgan jamoalar futbolda yutmoqda. Turkmaniston ham anoyilardan emas. Mensimaslik yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Har bir raqibga jiddiy qarash lozim. O‘sha Hindiston, Tayvan, Tailand kabi jamoalar ham futbol o‘ynashni o‘rgandi.
- Havotirli tomoni, Turkmaniston bilan sun’iy maydonda o‘ynashimiz. Maydon talabga javob bermasligi natijasida kerak bo‘lmagan jarohatlar yuz berishidan havotirdaman. Ikkala o‘yinda ham ijobiy natija qayd etishimizga ishonaman.
- Menimcha, himoyamizda ozgina muammoyimiz bor. Hujumga tez o‘tishda ham kamchiliklarimiz ko‘zga tashlanyapti. So‘nggi o‘yinlardan kelib chiqib aytganda, darvozabon va gol uradigan hujumi yetishib chiqishi qiyin bo‘lyapti. Katanetsga ishonch bildirildi. 2 yil bu yetarlicha vaqt, deb o‘ylayman. Uchinchi yil qilingan ishlar samarasini ko‘ramiz, degan umiddaman.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring