1 dekabr oqshomida Namanganda so‘nggi turning markaziy to‘qnashuvlaridan biri bo‘lib o‘tadi. Gap “Navbahor” hamda “Neftchi” klublari o‘rtasidagi bahs haqida ketmoqda. Vodiy derbisi nomi bilan mashhur bo‘lgan jamoalar bellashuviga qiziqish har qachongidek katta. Doim ham bu klublar chempionatning oxirgi turida to‘qnash kelavermaydi.
Bu safargisiga turlicha ta’riflarni bersa bo‘ladi. Lekin fakt shundaki, 26-turga kelib “Navbahor” ham, “Neftchi” ham chempionlikdan rasman umidini uzishgan va “uloq”ni “Paxtakor” allaqachon ilib ketdi. Namangandagi bahsda jamoalar 2- va 3-o‘rinlar uchun ayovsiz kurash olib borishlari shubhasiz.
Oxirgi turga kelib “Nasaf”, “Navbahor”, “Neftchi” va OKMK klublari medallar uchun kurashishyapti. Olmaliqda OKMK aynan “Nasaf”ga qarshi maydonga tushadi. Rosti, hamma matematik hisob-kitoblarga berilib ketgan. Ayniqsa, ushbu klublar va uning muxlislari bu borada faol bo‘lsa ajab emas.
Vaziyat shundayki, 5-o‘rindagi “Neftchi” chempionatni bronza medal bilan tugatishi, “Navbahor” esa medallarsiz qolishi va 5-pog‘onada tugatishi ham mumkin. Shuning uchun to‘rttala jamoaning natijalari o‘zaro bir-biriga uzviy bog‘liq.
“Navbahor” 28 noyabr kuni Namanganda Osiyo Chempionlar ligasi 5-turida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubini qabul qilib 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. Ammo Samvel Babayan jamoasida hali guruhdan chiqish uchun imkoniyat bor. “Neftchi” bilan bahsdan keyin ular darhol Hindiston tomon yo‘lga otlanadilar. Chunki “Mumbay Siti”ga qarshi guruh bosqichidagi oxirgi uchrashuv kutyapti. Aytmoqchimizki, “Navbahor” anchadan beri tig‘iz grafik asosida o‘yinlarini o‘tkazyapti. Bu esa jamoaga qiyinchiliklar tug‘dirayotgani aniq. “Al-Hilol”ga qarshi og‘ir uchrashuvdan so‘ng Babayan o‘z futbolchilarini endi “Neftchi”ga qarshi navbatdagi qiyin o‘yinga tiklashga urinayotgani bor gap. Vitaliy Levchenko boshchiligidagi farg‘onaliklarda esa vaqt yetarli bo‘ldi va raqibining OCHLdagi o‘yinini ham diqqat bilan kuzatdilar.
Aslida namanganlik muxlislar va rahbariyat jamoadan chempionlikni kutgandilar. Lekin Superligada o‘ylaganlari amalga oshgani yo‘q. Endi 2-o‘rin uchun da’vogarlik qilmoqda. Ammo boya ta’kidlaganimizdek, mag‘lubiyat jamoani medallarsiz qoldiradi. O‘yin harorati esa juda baland bo‘ladi, bu aniq. Babayan va “Navbahor” hech bo‘lmaganda medallardan birini qo‘lga kiritish ilinjida. “Neftchi”da esa bronza uchun imkoniyat paydo bo‘lib qolgani sababli Levchenko shogirdlari ham bor kuchini ishga solishi shubhasiz. Shundoq ham “Navbahor” va “Neftchi” qanday o‘rinda va darajada bo‘lishidan qat’iy nazar vodiy derbisidagi shiddat va kurashni tasavvur qilish qiyin emas.
O‘zbekiston chempionati tarixida bu klublar 57 bor kuch sinashishgan. Raqamlar “Neftchi” jamoasida ustunlik borligini ko‘rsatyapti. Chunki “Navbahor”da 14 ta g‘alaba bor, “Neftchi”da 26 ta. Yana 17 ta o‘yinda kuchlar teng kelib qolgan. To‘plar nisbati 56\81 farg‘onaliklar tarafida.
Bu yil birinchi davrada “Istiqlol” stadionidagi bahsda hisob ochilmagan – 0:0. Bu jamoalarning Namangandagi o‘yinlarida oxirgi paytlarda duranglar kuzatilgan va “Navbahor”ning g‘alabalari ham bor. “Neftchi” Namanganda so‘nggi bor qachon yutganini bilasizmi? Bunga 12 yil bo‘ldi. 2011 yilning 20 iyunidagi uchrashuvda “Neftchi” safarda 0:2 hisobida g‘alaba qozongan.
“Neftchi” 12 yildan beri Namanganda “Navbahor”ni mag‘lubiyatga uchratishda muammolarga duch kelayotgani uchun ham maqsadiga erisha olmay kelyapti. Ko‘ramiz, “Navbahor” o‘z uyida mavsumning oxirgi uchrashuvida muxlislarini xursand qila oladimi yoki “Neftchi” uzoq yillik noxush ana’asiga chek qo‘yadimi? Bu to‘qnashuvni aslo o‘tkazib yubormang!
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring