Chempionatni 45 ochko bilan 5-o‘rinda yakunlagan “Neftchi” klubi allaqachon yangi mavsum uchun qizg‘in tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan.
Farg‘onaliklarning 2024 yilgi birinchilikdagi vazifalari yanada jiddiyligi aniq. Superliga ishtirokchilari orasida “Neftchi” eng birinchilardan bo‘lib, seleksiyada faollikni boshladi.
Bosh murabbiy Vitaliy Levchenko tarkibini yanada kuchli va raqobatbardosh darajaga keltirishni maqsad qilgan. Saytimizni kuzatayotgan bo‘lsangiz, har kuni “Neftchi” klubiga doir yangi transferlarni hamda yetakchilari bilan shartnomalar uzaytirilayotgani xususida rasmiy xabarlarni berib bormoqdamiz. Klubdagi bunday shiddatli yangiliklardan keyin jamoa ustozi Vitaliy Levchenko bilan bu xususida suhbatlashmasak bo‘lmasdi.
- Vitaliy Grigorevich, “Neftchi” seleksiyani juda faol boshladi. Lekin bu hali boshlanishi ekanligini bilamiz. Sizning ro‘yxatingizda yana kimlar bor?
- Biz uchun mavsum tugagani yo‘q, chunki seleksiya ishlarini boshlab yuborganmiz. Ayni paytda aniq ism-shariflarni ayta olmayman, bunga tayyor emasman va buni to‘g‘ri qabul qilasiz, deb o‘ylayman.
- Odil Hamrobekovni “Neftchi”da ko‘rmoqchi ekanligingiz haqida eshitdim. U bilan muzokaralar qaysi bosqichda?
- Biroq siz meni noqulay ahvolga solib qo‘yyapsiz. Bilasizmi, seleksiya sokinlikni yoqtiradigan ish sanaladi.
- Yaqinda uch nafar o‘yinchi klubdan ketdi. Yana kimlar tark etmoqda?
- Klubni kim yo kimlar tark etadi... Buni jamoa saytidan bilib olasiz. Negaki, saytimiz bunday ma’lumotlarni berib boradi.
- Shuningdek, Lutfulla To‘rayev bilan Sharof Muhitdinovni “Neftchi”dan ketganini eshitdim...
- Bularning bari mish-mishlar xolos. Asl haqiqat esa boshqa yerda.
- “Neftchi” yangi mavsumda faqat chempionlik uchun kurashadi, shundaymi?
- “Neftchi” o‘z an’ana va qadriyatlariga ega bo‘lgan klubdir. Shu bois uning oldiga doimo katta vazifalar qo‘yiladi.
- Jamoaga xorijlik yangi futbolchilar ham kelsa kerak-a?
- Legioner futbolchilar bilan bog‘liq masalalar ochiq va bu masalada ishlar olib borilmoqda.
- Jamoangiz 18 dekabrdan mashg‘ulotlarni boshlaydi. Keyingi rejalar qanday?
- Bu xususida sizga shuni aytishim mumkinki, bizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarimiz Toshkent va Turkiyada bo‘lib o‘tadi.
- Darvoqe, sizni Turkiyaga ketdi deyishdi. Har kuni muzokaralar olib boryapsizmi?
- Yo‘q, Toshkentdaman. Ishlar esa haftasiga 24 soatdan olib borilmoqda.
- “Neftchi”ning yangi a’zolari – Norxonov hamda Qodirqulov xususida nima deya olasiz?
- O‘sha futbolchilar haqida menda yetarlicha ma’lumotlar bor. Ular bizga yordam bera oladilar.
“Neftchi” ustozining javoblaridan shuni bilish mumkinki, u sira sir boy bergisi kelmayapti. Shuning uchun javoblari orasida birorta ham familiyani tilga olgani yo‘q, hatto aniq bo‘lgan va ketganlarni ham. Ammo shunisi aniqki, Levchenko tinmayapti va har kuni izlanish, seleksiya bilan band, bunisi aniq. U faqat to‘ydan oldin nog‘ora chalishni istamayapti, chog‘i. Mayli, voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring