
O‘tgan yozda kuchli beshlik ligalaridan biri – Fransiya chempionati vakili “Lans” safiga qo‘shilgan Abduqodir Husanov sekin-asta jamoa asosiy tarkibiga kirib bormoqda.
19 yoshli futbolchimiz joriy mavsum Yevropa Chempionlar ligasining guruh bosqichida o‘ynagan yagona o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ldi. Legionerimiz yosh bo‘lishiga qaramay, Liga 1 va Chempionlar ligasida ham o‘ziga ishongan holda to‘p tepdi.

Iste’dodli himoyachimiz milliy chempionat va Yevropa Chempionlar ligasida jami sakkizta o‘yinda qatnashdi va umumiy hisobda 439 daqiqadan ko‘proq o‘ynadi.
Husanov Liga 1 tur o‘yinlarida “Mes”, “Lill”, “Klermon”, “Reyms” va “Nitssa”ga qarshi bahslarni boshlang‘ich tarkibda boshladi va ulardan uchtasini to‘liq o‘tkazdi. 15-turda “Monpele” maydonida kechgan bellashuvda 65-daqiqada zaxiradan o‘ringa qo‘shildi.
Abduqodir Chempionlar ligasidagi debyutini Londondagi “Emireyts” stadionida “Arsenal”ga qarshi kechgan uchrashuvda nishonladi.
Yevropadagi yurishini muvaffaqiyatli boshlay olgan o‘zbek futbolchisining transfer narxi ham uch baravardan ko‘proq ko‘tarildi. “Lans”ga kelganida 400 ming yevroga baholangan futbolchimizning bugungi kundagi transfer summasi 1,5 million yevroni tashkil qilyapti.
Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES) Husanovni dunyoning eng istiqbolli yosh himoyachilari reytingida kuchli yigirmatalikka kiritdi.
Fransiya matbuoti Abduqodir Husanov O‘zbekistonda 2023 yilning eng yaxshi yosh o‘yinchisi sovrini bilan taqdirlangani haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. “Lans” muxlislari bu yangilikni muhokama qilmoqda.
Sports.uz portali fransiyalik futbol ishqibozlarining Husanov haqidagi fikrlarini o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga havola qiladi.
loupiot28: Husanov kelajakda katta futbolchiga aylanadi. U hozirdan jamoaga yordam beryapti.
508GT: Abduqodir kuchli futbolchi ekan.
hervede62: Shubhasiz, Husanov jamoaning ajralmas qismiga aylanadi. Balki bu kelasi mavsum yuz berar. Nima bo‘lgan taqdirda ham Abduqodirni tabriklayman.
Teitur62: Husanov to‘pni raqibdan olib qo‘yishga juda usta.
Dael87: Husanov salohiyati yuqori, zo‘r o‘yinchi. Men “Lans” uni o‘z safida ushlab qolishiga umid qilaman. Tez orada bu futbolchi boshlang‘ich tarkib o‘yinchisiga aylanadi.

Carpediem: Husanovni jamoada saqlab qolishimiz shart. Men o‘zim ko‘rgan o‘yinlarda uning kelajagi borligini bilib oldim. Kevin Danso jamoani tark etadigan bo‘lsa, Abduqodir unga munosib o‘rinbosar bo‘la oladi.
Bu legioner hali 20 ga ham kirmagan, lekin o‘zini ko‘rsatishdan qo‘rqqani yo‘q. Agar fransuz tilini ham o‘zlashtirib olsa, keyin nimalar bo‘lishini ko‘rasizlar. “Lans” juda zo‘r o‘yinchi topgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar