07:52 / 02.01.2024
219

Javohir Qahramonov: "Klubda chempionlik uchun hamma narsa bor"

Javohir Qahramonov: "Klubda chempionlik uchun hamma narsa bor"

Bir necha yilni Jizzaxning “So‘g‘diyona”sida o‘tkazgan yarim himoyachi Javohir Qahramonov u yerda oxirgi paytlarda jamoa sardori sifatida to‘p surdi. Bu yil esa “Neftchi” sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. Bu xususida futbolchi Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Javohir, "Neftchi" klubiga ko‘chib o‘tdingiz. Bu qaroringiz faoliyatingizda nimani o‘zgartiradi, deb o‘ylaysiz?

- To‘g‘risi, “Neftchi”ga o‘tganimdan xursandman. Bu jamoa bilan nasib qilsa, yuqori o‘rinlarni olishni istayman.

- Bir necha yil mobaynida "So‘g‘diyona" uchun o‘ynadingiz. U yerda kumush medalni qo‘lga kiritganingiz eng yaxshi natijangiz bo‘lsa kerak va OFK Kubogida ham ishtirok etdingiz. Siz bundan ortig‘ini kutmagan bo‘lsangiz kerak, nima deya olasiz?

- Ha, “So‘g‘diyona”da zo‘r davrlar o‘tkazdik. Faqat 2023 yilda nimadirlar o‘xshamadi. Jamoa muxlislari hamda rahbariyatiga rahmat aytib qolaman va ularga omad tilayman.

- Umuman aytganda, "So‘g‘diyona"dan nima uchun ketdingiz? Yoki uzoq yil bir joyda o‘ynab zerikdingizmi?

- To‘g‘risini aytsam, boshqa klubda o‘zimni yana bir bor sinab ko‘rgim keldi. Shu bois o‘zgartirishga qaror qildim.

- “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich bilan "Neftchi" ustozi Vitaliy Levchenko o‘rtasida qanday farq bor?

- Ivan Boshkovich yaxshi murabbiy. Albatta, unga ham minnatdorlik bildiraman. Vitaliy Levchenko ham juda tajribali. Ammo ularning farqini hali unchalik yaxshi bilmayman. “Neftchi”ga tez orada qo‘shilaman.

- Sir bo‘lmasa, oldingizda yana qanday takliflar bor edi? Bilishimcha, chetga legioner bo‘lib ketishingiz ham mumkin edi. Nega bu imkoniyatdan foydalanmadingiz?

- Ha, variantlar chiqdi. Lekin O‘zbekistondan ham yaxshi taklif bo‘lgani uchun “Neftchi”ni tanladim.

- "Neftchi" chempionlik uchun kurashyapti. "Paxtakor"dan chempionlikni tortib olishiga qanchalik ishonyapsiz?

- “Neftchi” klubida chempionlik uchun hamma narsa bor. Nasib qilsa, yangi mavsumda yanada kuchliroq “Neftchi”ni ko‘rasizlar.

- Qaysi raqamni tanladingiz va sizdan katta natijalarni kutayotgan farg‘onalik muxlislarga nima degan bo‘lardingiz?

- Hali raqam tanlamadim. Yangi yil bayrami bilan hammani tabriklayman. Muxlislarimizga yangi yilda omad tilayman. Xudo xohlasa, barchasi yaxshi bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Javohir Qahramonov: "Klubda chempionlik uchun hamma narsa bor"