320
Katanes: "O‘zbekiston terma jamoasi o‘z saviyasida o‘yin namoyish etdi". Aslida murabbiyning darajasi qanday?
O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo kubogidagi ishtirokini tahlil qilamiz. O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo kubogini tark etishiga turlicha qarash mumkin. Ayrimlarning fikricha, O‘zbekiston bundan ham uzoqqa borishi mumkin edi. Men ham xuddi shunday fikrdaman. Kecha biz ko‘rgan Qatarni mag‘lub etish mumkin edi.
Ba’zilar O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining haqiqiy saviyasini ko‘rsatdi va biz jamoaning chorak finalga chiqqani bilan kifoyalanishimiz kerak deb o‘ylashadi. Masalan, Srechko Katanes shunday fikrda: "Biz buni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Bu futbolning bir qismi. Nima sababdan odamlar buni ta’bi xira holatda qabul qilishayotganiga aqlim yetmaydi. Jamoamizda yuz bergan muammolarni inobatga olganda, Osiyo Kubogida ishtirok etdik. Odamlar natijadan qoniqishlari kerak. Futbolchilar o‘z imkoniyatlarini 100%, ba’zilari esa 120% ko‘rsatishdi".
Ammo Katanetsning o‘zi qanday darajada? Keling, buni aniqlashtirib olamiz.
Ish tajribasi va yutuqlari
60 yoshli mutaxassis murabbiylik faoliyati davomida Sloveniya yoshlar terma jamoasi (1996-1998), o‘z mamlakatining asosiy jamoasi (1998-2002, 2013-2017), "Goritsa" va "Olimpiakos" klublarida ham ishlagan. Shuningdek, Makedoniya, BAA va Iroq terma jamoalarini boshqargan. Ro‘yxatda ko‘z yugurtirsak, yomon emas, lekin yuqori top-darajadan yiroqda.
Srechko Katanetsning asosiy yutug‘i uning Sloveniya terma jamoasi bilan birga Yevro-2000 va JCH-2002 dagi ishtiroki hisoblanadi. Bularning barchasiga 20 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi va o‘shanda Sloveniya terma jamoasi ancha kuchli edi: mamlakat futbolchilari Angliya, Germaniya, Portugaliya, Avstriya va Belgiya chempionatlarida to‘p tepishardi.
O‘shandan beri Katanes bu kabi muvaffaqiyatlarga erisha olmadi. 25 yildan ortiq murabbiy sifatida u hech qanday sovrin qo‘lga kirita olmadi. To‘g‘ri, uning murabbiyligida BAA va Iroq terma jamoalari Osiyo Kubogi yo‘llanmasiga ega chiqishdi, biroq bu yutuqlar Sloveniya bilan Yevropa va jahon chempionatiga yo‘l olishga qaraganda kamtarona natija sanaladi.
Murabbiylik darajasi qanday?
Yuqori saviyadagi murabbiy haqida aytmasa ham, yaxshi murabbiy futbolchilarni kuchaytira olishi kerak. Uning qo‘l ostida futbolchilar o‘sishi va rivojlanishi kerak. Hech bo‘lmaganda murabbiy o‘yinchilarda mavjud bo‘lan qobiliyatlarni "siqib chiqarishi" kerak.
Shu bilan birga, klubda va terma jamoada ishlash bir-biridan ancha farq qiladi, buni ham hisobga olish kerak. Katanes bir necha bor futbolchining o‘z klubida o‘ynash muddati muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Biroq futbolchilar ko‘p vaqtini terma jamoalarda o‘tkazishadi. FIFA kunlari, rasmiy turnirlar, o‘rtoqlik o‘yinlari va hattoki CAFA Cup kabi turnirlar uchun o‘yinchilarni saralab olish imkoniyatini yaratadi.
Katanes O‘zbekiston terma jamoasini boshqarib kelayotgan 2,5 yil ichida terma jamoa yanada kuchaydi, deyish mumkinmi? Ehtimol, qaysidir ma’noda, ha deyish mumkin. Biroq natijalar va o‘yin sifati bo‘yicha katta yuksalish kuzatilmadi. To‘g‘rirog‘i, Katanes mavjud tarkibdan maksimal darajada foydalanishga va jamoaning tayanchini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu ham juda muhim.
Bosh murabbiy bugungi kunda natijaga erishishdan tashqari, jamoada avlodlar almashinuvi haqida ham o‘ylashi kerak. Katanes ham buni ma’lum darajada uddalay oldi: O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogida eng yosh jamoalardan biri bo‘ldi, 19 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan Husanov, Fayzullayev, Abdirahmatov va Xolmatovlar tarkibda paydo bo‘ldi. Albatta, boshqa yosh futbolchilar ham mavjud edi, lekin ular O‘zbekiston milliy terma jamoasi safidagi debyutini ertaroq o‘tkazishgan (masalan, 22 va 23 yoshga to‘lgan Erkinov va O‘runov).
Murabbiy kutilmagan qaror va harakatlari bilan raqibni lol qoldira olishi lozim. Ayniqsa, o‘yin jarayoni yaxshi davom etmayotgan va vaziyatni o‘nglash kerak bo‘lgan uchrashuvlarda bu muhim ahamiyatga ega. Katanes Qatar bilan o‘yinda buni uddalay olmadi. Qatar terma jamoasi bosh murabbiyi Markes Lopes o‘yindan so‘ng uning murabbiylar shtabi O‘zbekiston milliy terma jamoasini yaxshi o‘rganganini aytdi: “Biz ularning kamchiliklari va ustunliklarini bilardik. Raqibning ikki hujumkor o‘yinchisi (O‘runov va Fayzullayev) juda tezkor, biz uchun ularni “yopish” muhim edi. Agar bu ikki futbolchini zararsizlantira olsak, g‘alaba qozonishimizni bilardik”.
Darhaqiqat, shiddatli o‘yinda O‘runov va Fayzullayevga o‘zlarining eng yaxshi fazilatlarini namoyon etishi qiyin bo‘ldi. Shunga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasi Qatarga qarshi yaxshi o‘ynadi va hattoki xavfli vaziyatlar ham yaratdi, biroq chinakam golli vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi.
Katanes O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari musobaqadan oldin va hatto musobaqa davomida ko‘p jarohat olganini bir necha bor aytib o‘tgan. Bu borada bahslashish qiyin: Shomurodov, Aliqulov, Sergeyev, Alijonov, Nasrullayev va Husanovlarga (diskvalifikatsiya tufayli) umid bog‘lay olmasangiz, vaziyat chigallashadi. Ammo, aytganimdek, Qatarga qarshi o‘yinda hammasi nisbatan yaxshi edi.
Xo‘sh, muammo nimada?
Menimcha, muammo Katanetsning haddan tashqari qaysarligida. U deyarli har doim uchta markaziy himoyachi bilan o‘ynaydi va bu sxemadan deyarli chetga chiqmaydi. Yagona istisno, kuchsizroq bo‘lgan raqiblarga qarshi o‘yinlarda (masalan, Hindiston) bunday holat sodir bo‘lishi mumkin. Bu yerda almashtirishlarni ham qayd etishimiz mumkin: biz na Amonovni, na Abdiholiqovni, na Iskanderovni maydonda ko‘rdik (Osiyo Kubogida u bor-yo‘g‘i 21 daqiqa o‘ynadi, bu arzimas vaqt).
Top darajadagi murabbiy moslashuvchan bo‘lishi talab etiladi, shu jumladan, taktika nuqtayi nazaridan ham vaziyatni o‘nglay olishi lozim. Shuningdek, unda har doim B reja, ba’zan S reja ham bo‘lishi kerak. O‘zbekiston terma jamoasining faqat bitta rejasi bordek tuyuldi: hujumda O‘runov, Fayzullayev va Masharipovning individual mahoratiga tayanish. Bu xato emas, lekin Qatarga qarshi o‘yinda bularning barchasi raqib tomonidan "bekitildi". Shu boisdan ham gol tayanch zonasini tark etib, kutilmaganda raqib jarima maydonchasida paydo bo‘lgan Hamrobekov tomonidan urildi.
Bundan tashqari, Katanes futbolchilar o‘rtasidagi psixologik muammolarni bir necha bor ta’kidlagan:
“Men ularga himoyalaning deb aytibmanmi? Men ularga ortga qaytib, himoyalaning deganim yo‘q. Dunyodagi biror murabbiy bunday demaydi. Bu futbolchilarga bog‘liq. O‘sha vaziyatdagi futbolchilarning ruhiy holatiga bog‘liq".
"Penaltilar har doim murakkab o‘tgan, siz bunga hamisha ruhan tayyor bo‘lishingiz lozim".
Futbolchilarning psixologik holatiga bosh murabbiy javob beradi. Unga sport psixologi yordam berishi mumkin edi, lekin bilishimcha, u O‘zbekiston terma jamoasida unday emas. Aynan bosh murabbiy futbolchilarni ruhlantirishi, qo‘shimcha kuch baxshida etishi, yoki aksincha, maqbul bo‘lsa ularni tinchlantirishi kerak.
Xulosa
Agar Katanetsning o‘z so‘zlari bilan gapiradigan bo‘lsak, u ham dunyodagi eng kuchli murabbiy emas. “Keling, bir oz kamtarinroq bo‘laylik: odamlar jamoada sodir bo‘layotgan hamma narsani bilishmaydi va biz dunyodagi eng kuchli jamoa emasmiz. G‘alaba qozonganimizdan xursand bo‘lishingiz kerak. Men Braziliya yoki Argentina terma jamoalariga murabbiylik qilmayman. Biz qo‘limizdan kelganini qilyapmiz”, - degandi Katanes Tailand ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng.
Agar futbolchilar 100% yoki 120% o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa, Katanes bu turnirda qanchalik yaxshi ishladi? Agar 100% bo‘lsa, u o‘z darajasini ko‘rsatdi. Agar 100% dan kam bo‘lsa, demak, u zaif ish olib borgan. Katanetsning o‘zi turnirdagi faoliyatini qanday baholashi qiziq.
Ma’lum bo‘lishicha, Katanes nisbatan O‘zbekiston terma jamoasining hozirgi darajasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, jamoamiz yuqori marralarni zabt etishini istasak, saviyasi yuqori murabbiy chaqirishimiz kerak. Boshqa najot yo‘q. Yoki borimiz bilan qanoatlanamiz yoki qanday qilib yaxshiroq holatga kelishimiz to‘g‘risida bosh qotiramiz.
Natija uchun barcha - jamoa ham, murabbiy ham birday javobgar. Bunda bir kishini aybdor hisoblash noo‘rin. Bu har doim bir yoki boshqa yo‘l tomon olib boradigan qarorlar va hodisalar zanjiri hisoblanadi. Jamoa saviyasini ham, murabbiyning saviyasini ham aql-idrok bilan baholashimiz kerak.
Umid qilamanki, Katanes bu maqola uchun mendan xafa bo‘lmaydi. O‘zbek matbuotini o‘qimayman desa-da, uning atrofidagilar unga nimanidir yetkaza oladi.
Nikolay Yegorichev tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi