23:50 / 30.04.2024
250

Otabek G‘ulomxo‘jayev: "Tarixiy g‘alaba orqali o‘zbek xalqiga xursandchilik ulashgan yigitlarga rahmat"

Otabek G‘ulomxo‘jayev: "Tarixiy g‘alaba orqali o‘zbek xalqiga xursandchilik ulashgan yigitlarga rahmat"
O‘zbekiston OTJ Parij Olimpiadasiga yo‘llanma olgani butun O‘zbekistonning yutug‘iga aylandi. Bu mavzuda hammada turlicha fikrlar yangrayotgani bor gap. Biz esa yoshlar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan, o‘z vaqtida mazkur yosh toifasidagi terma jamoani boshqargan Otabek G‘ulomxo‘jayevning fikrlari bilan qiziqdik.

— Avvalambor, tarixiy g‘alaba bilan barchani tabriklayman. O‘zimda yo‘q xursandchilik. Ichki hissiyotlarni ta’riflab berishim qiyin, chunki ozmi yoki ko‘p bu terma jamoa bilan o‘z vaqtida ishlaganman. O‘ylaymanki, Yaponiya bilan o‘yinda ham g‘alaba qozonib vazifani oxiriga yetkazib qo‘yishadi.

— Bu terma jamoa ochilganida birinchi murabbiy Dilshod Nuraliyev edi. Keyin Usmon Toshev CAFAda qisqa vaqt boshqardi. O‘sha vaqtda yig‘ilgan terma jamoadan 60 foizi hozir saqlanib qolingan. Yoshlardan Abbos Fayzullayev, Zafarmurod Abdirahmatov, Abduqodir Husanov qo‘shilishdi. Bu muvaffaqiyatda barcha murabbiylar, akademiyalarida tarbiyalagan ustozlarining hissasi bor.

— O‘zbekistonda yetishib chiqayotgan har bir avlod yutuqlarga erishishini tilab qolaman. Bu boshlanishi. Olimpiadalarga chiqish davomli bo‘lsin. Endi hozirgi avlodga kelsak, o‘sha vaqtdayoq kuchli seleksiya olib borilgan. "Bunyodkor", "Paxtakor", "Nasaf" akademiyalarida yaxshi seleksiya qilingan. Murabbiylar ko‘ra bilib olib kelgan. Ikkinchidan mazkur avlodning o‘zi omadli chiqdi. Yoshligidan poydevor mustahkam qo‘yilgan. Ichki muhiti ham a’lo darajada. Bir-birini o‘zaro hurmat qilishi, tarbiyasi muvaffaqiyatda katta rol o‘ynadi.

— Guruh bosqichida xotirjam edim. Ulardan ko‘nglim to‘q edi. So‘nggi ikki o‘yinda nafaqat men, balki hamma hayajonda o‘tirdi. Saudiya Arabistoni bilan alohida hisob-kitob bor edi. Bu narsa 2019 yilda boshlangan. Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan o‘yinda bir kishi kam qolgandik. Keyin finalda mag‘lubiyatga uchrashdi. Faqat bir narsadan xavotirda edim, yigitlar haddan tashqari alamga berilib ketishlari. Baribir qasos olishdi. Indoneziyaga qarshi uchrashuvda dastlab hisobni raqiblar ochishdi. Yaxshi ham VAR bor edi, chunki juda qiyin vaziyat edi. 1:0dan keyin menda g‘alabaga shubha qolmadi. Murabbiylarning taktikasi, strategiyasi ish berdi. Ikkinchi bo‘limda o‘zgarishlar orqali Indoneziyadan ikki bosh ustun o‘ynashdi.

— Yigitlar Parijgacha katta yo‘lni bosib o‘tishdi. Bunda ota-onasi, murabbiylariga, akademiyalarda tarbiyalagan oddiy tarbiyachi, oshpazgacha mehnati turibdi. Xalqning, o‘zlarining yuzi yorug‘ bo‘ldi. Shu pallada Diyor Rahimqulovni ham eslab o‘tishni joiz deb bilaman. Diyorga bergan va’dasini ustidan chiqishdi. Uning ruhi shod bo‘lsin. Olimpiadaga chiqishda Diyorning ham hissasi bor. Shu yigitlar bilan birga ishlagan, shug‘ullangan.

Muallif: Iskandarov Abdulaziz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek G‘ulomxo‘jayev: "Tarixiy g‘alaba orqali o‘zbek xalqiga xursandchilik ulashgan yigitlarga rahmat"