
Parij Olimpiadasining dzyudo musobaqalaridagi eng yorqin uchrashuvlardan biri xotin-qizlar oʻrtasidagi 52 kilogram vazn toifasida yaponiyalik Uta Abe va oʻzbekistonlik Diyora Keldiyorova ishtirokida boʻldi.
Uta Abe Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida 2024 yilgi jahon chempionatida qatnashmagan edi. Mundialda kumush medalga ega chiqqan Diyora shu bois, Olimpiada qur'asida birinchi raqamda saralandi.
Yapon va jahon dzyudosida Abelar oilasining mavqei juda baland. Aka-singil Xifumi va Uta Abelar bir necha yillardan beri jahon chempionatlari va Olimpiya oʻyinlarida oʻz mamlakatlari terma jamoalari jamgʻarmasini oltin medal bilan toʻldirib keladi.

Bu gal ham aka-singil Kunchiqar yurtga bir juft oltin medal bilan qaytmoqchi edi. Lekin bunga oʻzbek qizi Diyora Keldiyorova yoʻl qoʻymadi. Polvon qizimiz besh yildan beri magʻlubiyat nimaligini bilmay kelayotgan raqibasini yapon kurashi – dzyudo usulida sof gʻalaba – ippon bilan engdi.
Yaponiya matbuot alamli gʻalaba haqida nimalarni yozmoqda?
JAPANTODAY.COM sayti:
Aka-singil Abelarning bir kunda Olimpiya oʻyinlari oltin medallarini qoʻlga kiritish orzusi armonga aylandi. Uta Abe nimchorak final bosqichida Oʻzbekiston dzyudochisi Diyora Keldiyorovadan qaqshatqich magʻlubiyatga uchradi.
Uta ham, akasi Xifumi ham “Tokio-2020” uy Olimpiadasida shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan, soʻnggi yillarda har bir jahon chempionatida oltin medalga ega chiqayotgan edi. Bu gal bunday boʻlmaydi.
Diyora hisobda oldinda borayotgan Utani ajoyib usul qoʻllab, ippon bahosi bilan engdi. Alamli magʻlubiyatdan keyin Abeni yupatish oson boʻlmadi. Bu sportchi 52 kilogramm vazn toifasida ancha yillardan beri gegemonlik qilib kelayotgan edi.
Uta Abe Olimpiya oʻyinlari boshlanishidan oldin Xalqaro Olimpiya qoʻmitasining olympics.com rasmiy saytiga intervyu berib: “Men hammaning koʻz oʻngida engilmas dzyudochiga aylanmoqchiman”, degan edi. Amalda bunday boʻlib chiqmadi.
MAINICHI.JP sayti:
Uta Abe magʻlubiyatdan shokda. Musobaqaga amaldagi Olimpiya chempioni sifatida kirishgan dzyudochi 52 kilogramm vazn toifasida oʻzbekistonlik Diyora Keldiyorovadan ikkinchi davrada magʻlubiyatga uchradi.
2023 yilgi jahon chempioni boʻlgan Uta Abe magʻlubiyatiga chiday olmadi, anchagacha koʻz yosh toʻkdi, boshini koʻtara olmay qoldi.

- Uta bellashuvning birinchi yarmida vazari bahosi bilan oldinga chiqib olgan va gʻalaba yoʻlidan borayotgan edi. Raqibasi juda qattiq qarshilik koʻrsatdi va kichkinagina imkoniyatdan foydalana oldi.
52 kilogrammgacha vazn toifasida juda zoʻr dzyudochilar koʻp. Diyora Keldiyorova juda tezkor. Men bu bellashuv juda ogʻir oʻtishini bilardim, lekin Uta odatdagidek gʻalaba qozonish yoʻlini topa olishiga umid qilgandim, - dedi Yaponiya xotin-qizlar terma jamoasi bosh murabbiyi Katsuyuki Masuchi.
Umuman olganda, Diyora Keldiyorova oltin medal uchun kurashdagi eng jiddiy raqibasini magʻlub etganidan keyin ham kuchli dzyudochilar bilan tatamiga chiqishiga toʻgʻri keldi. Diyora keyingi bahslarda jahon va Evropa chempionatlari sovrindori germaniyalik Masha Bolxaus, jahon chempionati sovrindori va xalqaro turnirlar gʻolibasi frantsiyalik Amandin Bushar, Evropa chempionatlari sovrindori, jahon va amaldagi olimpiya chempioni kosovolik Distriya Krasnichini engib, oltin medalga sazovor boʻldi.

Diyora Keldiyorova dzyudo boʻyicha Olimpiya oʻyinlari chempioni boʻlgan birinchi sportchimiz sifatida nomini tarixga muhrlab qoʻydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!