17:31 / 12.08.2024
387

Parij—2024. O‘zbekiston sportida yangi sahifa ochgan musobaqa tafsiloti

Parij—2024. O‘zbekiston sportida yangi sahifa ochgan musobaqa tafsiloti
Parij Olimpiadasi O‘zbekiston delegatsiyasi uchun omadli keldi. Birinchidan, O‘zbekiston delegatsiyasi birinchi bor o‘z tarixidagi eng katta tarkib bilan musobaqalarga kirishdi.

Foto: Olympic
Bundan tashqari, o‘z tarixida birinchi bor jamoaviy sport turlarida Olimpiadaga yo‘l oldi. O‘zbekiston U-23 jamoasi Osiyo chempionatida finalga yo‘l olib mamlakat tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston ushbu Olimpiadada 13 ta medalga ega chiqdi. 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Olimpiyachilar umumjamoa hisobida 13-o‘rinni qayd etdi. Ushbu natija ham Olimpiadalar tarixidagi eng yaxshisi hisoblanadi.

Bungacha o‘zbekistonliklarning eng yaxshi natijasi Rioda qayd etilgan. O‘shanda mamlakatimiz 21-o‘rindan joy olgan edi.

Foto: Google Images
O‘zbekiston bokschilari jahonda tengsiz

O‘zbekiston boks terma jamoasi mamlakatga beshta oltin medalni olib keldi. Bu natija ham tarixiy ahamiyatga ega. Hali hech qaysi jamoa bunday kichik tarkib bilan 5 ta oltin medalni qo‘lga kiritmagan.

Foto: Olympic
O‘zbekiston boks delegatsiyasi Rioda ham yetakchilikni qo‘lga kiritgan edi, bu safar ham O‘zbekiston boks dunyosida tengsiz ekanini isbotladi.

O‘zbek ayollaridan navbatdagi rekord

Hozirgacha o‘zbek ayollari hech qachon Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritmagan edi. Diyora Keldiyorova bu noxush an’anani yo‘qqa chiqardi va eng kuchli sportchilarni mag‘lub etib, diyorimiz uchun oltin medalni taqdim etgan birinchi ayol sportchiga aylandi.

Svetlana Osipovaning taekvondo bo‘yicha musobaqadagi kumush medali esa o‘zbek ayol sportchilarining Olimpiadalar tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etishga yordam berdi.

Yangi sport turlaridagi debyut

Yuqorida qayd etilganidek jamoaviy sport turi hisoblangan futbolda O‘zbekiston birinchi bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari suvga sakrash, kamondan otish va ayollar kurashi bo‘yicha mamlakat sportchilari ilk bor 4 yillikning eng nufuzli musobaqasida qatnashish imkoniga ega bo‘ldi.

Ikki karra chempionlar

Boks bo‘yicha musobaqalarda Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘stmatov va taekvondochi Ulug‘bek Rashitov Olimpiadada o‘zlarining ikkinchi oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Shu paytgacha eng yaxshi natija Artur Taymazovga tegishli edi. U O‘zbekiston safida 1 ta oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritgan.

Yangi tarix yaratildi

O‘zbekiston delegatsiyasi jahonda 13-o‘rinda qayd etildi. Ushbu natija MDH mamlakatlari, Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiy davlatlar ichida eng yaxshisi hisoblanadi.

Foto: Olympic
MDH davlatlari ichida Ozarbayjon (2+2+3) hamda Qozog‘iston (1+3+3) kuchli uchlikni yakunlab berdi. Rossiya va Belarus delegatsiyasi musobaqalarda qatnashmadi.

Markaziy Osiyoda O‘zbekistondan keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston (1+3+3) hamda Qirg‘iziston (0+2+4) jamoalari egalladi.

Osiyo mamlakatlari orasida to‘rtinchi o‘rin: O‘zbekiston Osiyo mamlakatlari orasida faqat Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin, 4-o‘rinni egalladi.

Esda qolgan vaziyatlar

Musobaqaning dastlabki kunlaridan o‘zbek sportchilari musobaqaning kun mavzusiga aylanib oldi. Diyora Keldiyorova 5 yildan beri mag‘lub bo‘lmagan Uta Abeni mag‘lub etib, yakunda oltin medalni qo‘lga kiritgani dzyudo, umuman sport olamidagilarni hayron qoldirdi.

Futbol musobaqasida O‘zbekiston U-23 jamoasiga omad kulib boqmadi, ammo o‘zbek futbolchilari ko‘pchilikning mehrini qozondi.

Sitora Turdibekova 2023 yil Jahon chempionati bahslaridan chetlatilgan Lin Yu Tinga qarshi bahs olib bordi. Jangdan so‘ng Xalqaro boks federatsiyasi Iman Halif va Lin Yu Tinga qarshi jang qilgan bokschilarga 50 ming AQSH dollari pul mukofoti e’lon qildi.

O‘zbekiston boks jamoasi Parijga yig‘ilgan barchaning ko‘nglidan joy oldi. Terma jamoaning har bir a’zosi boshqa yurt vakillari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi, ko‘chalarda ular bilan rasmga tushishdi, dastxatlar olindi.

Foto: Getty Images
O‘zbekiston delegatsiyasiga ruhiy dalda berish uchun katta jamoa Parijga yetib keldi va ular Fransiyani “zabt etishdi”. Ko‘chalarda o‘zbek kuy-qo‘shiqlari yangradi. O‘zbek muxlislari bayram qilayotgani tarmoqlarda aylandi va boshqalarga o‘rnak sifatida ko‘rsatildi.

Ulug‘bek Rashitov jarohat olgan holda bo‘lsa-da, final uchrashuvida ajoyib qatnashdi va oltin medalni o‘ziniki qildi.

Dzyudochi Gulnoza Matniyozova, Sharofiddin Boltaboyev, yunon-rum kurashchisi Rustam Assakalov faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Olimpiadaning ikki karra chempioni Bahodir Jalolov professional boksga o‘tganini e’lon qildi.

O‘zbekiston boks terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev yurak xurujiga uchradi. Buyuk Britaniya shifokorlari vaqtida yordam berib hayotini saqlab qoldi.

Foto: Olympic

Foto: Olympic
Parij Olimpiadasi yopilish marosimida Ulug‘bek Rashitov O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori vazifasini bajardi. 11 avgust kuni tunda o‘zbekistonliklar uchun har tomonlama omadli kelgan Olimpiada yakuniga yetdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Parij—2024. O‘zbekiston sportida yangi sahifa ochgan musobaqa tafsiloti