15:13 / 28.08.2024
95

Olimpiada qahramonlariga mukofotlar topshirildi

Olimpiada qahramonlariga mukofotlar topshirildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashdi.

Tadbirda Milliy Olimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.

Ma’lumki, ushbu Olimpiya o‘yinlari 26 iyuldan 11 avgustgacha Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda 200 dan ziyod davlatdan 11 ming nafarga yaqin eng kuchli atletlar qatnashdi. O‘zbekiston 19 ta sport turi bo‘yicha 90 nafar sportchi bilan ishtirok etdi. Bu nufuzli musobaqa O‘zbekiston uchun tom ma’noda rekordlar, mislsiz yutuqlarga boy bo‘ldi.

Davlat rahbari sportchilarni ushbu ulkan tarixiy g‘alaba bilan tabriklab, nutq so‘zladi.

Sizlar g‘oyat keskin bellashuvlarda yuksak jasorat va matonat ko‘rsatib, 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritganingiz mamlakatimizning taraqqiyot borasidagi yuksak salohiyatini ifoda etadigan yorqin natijadir. Bu tarixiy g‘alaba Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etdi. Mamlakatimiz ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 4-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Barchamizni quvontirgan bu natijalar O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon bo‘lmagan yutuqlardir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun sportchi va murabbiylarga barcha sharoitlar yaratildi. Sportchilarni tayyorlashga yondashuv o‘zgartirilib, izlanish va e’tibor kuchaydi. 2021 yil avgustda bo‘lib o‘tgan shunday uchrashuvda kelgusi Olimpiadada kuchli o‘n beshta davlat qatoriga kirish maqsad qilib qo‘yilgan edi. Bu sharaf bilan uddalanib, mamlakatimiz dunyoda 13-o‘rinni egalladi.

Britaniyaning Financial Times nashrida yozilishicha, Olimpiya medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildiradi.

Haqiqatan ham, Olimpiada o‘yinlaridagi har bir natijaning o‘rni, mohiyati va ahamiyati beqiyosdir. Chunki to‘rt yilda bir marta o‘tadigan bu yirik xalqaro musobaqada zo‘rlarning zo‘ri qatnashadi, u mamlakatning sport sohasiga e’tibori, xalqning jismoniy va ma’naviy salohiyatini namoyon etadi.

Musobqada ilk oltin medalni Diyora Keldiyorova qo‘lga kiritdi. Bu ham dzyudo bo‘yicha, ham ayollar o‘rtasida yurtimizning Olimpiadadagi birinchi oltin medali bo‘lib tarixga kirdi.

Yana bir jasur qiz – Svetlana Osipova esa taekvondo bo‘yicha birinchi kumush medalni egallab, ayollar sporti tarixida yangi sahifa ochdi.

O‘zbekiston taekvondo bo‘yicha birinchi marta Olimpiya o‘yinlarida 2 ta medalni qo‘lga kiritdi. Terma jamoamiz o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etib, umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi. Ulug‘bek Rashitov Olimpiya harakati solnomasida taekvondo bo‘yicha eng yosh toifada ikki karra Olimpiya chempioni bo‘ldi.

O‘zbekiston dzyudo bo‘yicha o‘z tarixida Olimpiadada eng ko‘p medal oldi. Erkin kurash bo‘yicha 12 yillik tanaffusdan so‘ng yana oltin medal qo‘lga kiritildi.

Boks bo‘yicha milliy terma jamoa oltin medallar soni bo‘yicha mamlakat tarixida Olimpiya o‘yinlari rekordini yangiladi va umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Erkaklar o‘rtasida yettita oltin medalning beshtasini o‘zbekistonlik bokschilar oldi.

Umuman, Yevropaning qoq markazida sportchilar sharafiga O‘zbekiston madhiyasi 8 karra yangrab, mamlakat bayrog‘i 13 marta baland ko‘tarildi.

Prezident bu yuksak natijalar xalqimizga katta g‘urur bag‘ishlaganini ta’kidlab, sportchilarni olqishladi:

Shu kunlarda butun xalqimiz Mustaqillik bayramining ruhi va shukuhi bilan yashamoqda. Sizlar erishgan yorqin g‘alabalar eng ulug‘ va qadrli bayramimizga munosib sovg‘a bo‘ldi. Sizlarning qahramonligingiz yoshlarimizga, chekka joylardagi sportsevar bolalarga kuch-qudrat berdi. Butun xalqimizni g‘ururlantirdi, yanada birlashtirdi. Sharaf sizlarga, rahmat sizlarga!

Davlat rahbari sportchilarga, ularning ustoz va murabbiylariga, sport delegatsiyasi a’zolariga minnatdorchilik bildirdi. Shu kunlarda Paralimpiya o‘yinlarida qatnashayotgan matonatli sportchilarimizga kuch-g‘ayrat va omad tiladi.

Uchrashuvda 2028 yili Los-Anjelesda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Suv sporti turlari, yengil atletika, velosport, o‘q otish va kamondan otish, gimnastika bo‘yicha federatsiyalar, sharoit va iqtidorli sportchilar borligi, lekin natijalar kamligi ko‘rsatib o‘tildi. Chim ustida xokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlari yetarlicha rivojlanmagan. Yunon-rum kurashi, ot sporti, zamonaviy beshkurash, triatlon, qilichbozlik, eshkak eshish, velosport kabi sport turlari bo‘yicha ham hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p.

Mazkur sport federatsiyalari tegishli xulosa qilib, kelgusi Olimpiadagacha katta tayyorgarlik ko‘rishi kerakligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, kelgusi to‘rt yilda sportchilarni tayyorlash bo‘yicha katta dasturlar qabul qilinadi. Har bir yo‘nalishda sport meditsinasi, farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va muhandisligi bo‘yicha chet eldan malakali mutaxassislar jalb etiladi.

Bu borada Olimpiya shaharchasida musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulotlarni ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘tkazish bo‘yicha alohida tizim yaratiladi. Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina maktablari kabi ixtisoslashgan sport muassasalari har bir hududda, har bir sport yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, joylarda, ayniqsa, mahallalarda yangi-yangi iqtidorlarni kashf qilish, ularni manzilli seleksiya asosida xalqaro musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha ham alohida dastur joriy etiladi.

Zarur sport infratuzilmasiga ega bo‘lgan 15 ta Olimpiya va paralimpiyaga tayyorlash markazi, 6 ta Respublika oliy sport mahorati maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabiga mahalliy va xorijiy murabbiylar biriktiriladi.

Davlat rahbari ommaviy sportni rivojlantirish milliy olimpiya harakatining ajralmas qismi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Hukumatga bu borada takliflar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

O‘zbekiston prezidentining shu yil 23 avgustdagi farmoniga muvofiq, Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvon va ordenlar bilan taqdirlangan edi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.





Sportchi va murabbiylar, ota-onalar so‘zga chiqib, yuksak hurmat va e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Olimpiada qahramonlariga mukofotlar topshirildi