11:30 / 05.01.2025
39

Srechko Katanesdan "kuyganlar"...

Srechko Katanesdan "kuyganlar"...
Srechko Kanates 2025 yilning yanvar oyidagi ilk yigʻini va oʻrtoqlik oʻyini uchun olib ketiladigan futbolchilar roʻyxatini e'lon qildi. Unga koʻra, legionerlarning aksariyatiga dam olish imkoni berilgani bois, avval vaqt va e'tibor qaratilmagan boshqa futbolchilarga urgʻu berildi.

Mister Katanes oʻz-oʻziga qarshi borib rotatsiyaga qoʻl urganiga qaramay, bir nechta futbolchi yigʻinlardan tashqarida qolgani bor gap. Xoʻsh, ular kimlar?

Markaziy himoya chizigʻidagi kichik yongʻinni oʻchirishi mumkin boʻlgan “Neftchi“ sardori Anvar Gʻofurov

“Yoʻlbarslar“ sardori Fargʻona klubining soʻnggi yillardagi almashtirib boʻlmas futbolchisiga aylanib boʻldi. U Vitaliy Levchenkoning 3 ta markaziy himoyachiga suyangan sxemasidagi eng muhim rollardan birini ijro etadi. U kerak pallada raqibni kutib olishi va shu bilan birgalikda “sugʻurtalash” uchun soʻnggi himoyachi vazifasini ham bajarishi mumkin. Soʻnggi oʻyinlarda Eshmurodov va Ashurmatovning oʻyinidagi pasayish kuzatilgani fonida, “kichik oʻt oʻchiruvchi“ ijrochini muhim bahslarga tayyorlab borish zarar qilmaydi. Qatar va Shimoliy Koreyaga qarshi bahslar koʻrsatdi-ki, birgina Abdulla Abdullayev himoya chizigʻidagi fors-major holatlarni berkita olmaydi. Anvar oʻzining pik formasida boʻlgan paytda, terma jamoa uchun naf keltirishiga shubha yoʻq.

Qanotda yangi qon quyishi mumkin boʻlgan — Ibrohimhalil Yoʻldoshev “Qayrat”

Ortda qolgan mavsumda Qozogʻiston chempioni, kompramisga bormaydigan qanot himoyachimiz bu safargi yigʻindan ham chetda qoldi. Uning pozitsiyasidagi variantlarni koʻp ekanligi oʻz yoʻliga, ammo oʻrtoqlik oʻyinlarida Sayfiyev va Nasrullayevga biroz hordiq chiqarish imkonini berish mumkin edi. Boz ustiga, hali toʻliq sinovdan oʻtmagan Ibrohimhalil Yoʻldoshev kolibridagi futbolchi bor paytda. Yoʻldoshev kerakli pallada hujumdagi bosimni oshirishi, toʻliq qanotni bir oʻzi berkitgan holda, vingerlarga oldingi chiziqda erkin harakat qilish imkonini berishi mumkin. Uning tezkorligi va kerakli pallada reydlarni amalga oshirishi murabbiylar shtabiga oʻyinda oʻzgarish qilish uchun richag vazifasini oʻtab berishga qodir.

Yarim himoyadagi rang-baranglik — Aziz Gʻaniyev “Al Batex”

Ancha yillardan beri legioner maqomida toʻp surib kelayotgan yarim himoyachimiz klass borasida hech kimda hech qanday savol qoldirmagani turgan gap. Negadir, u Srechko Katanesning rejalaridan har safar tushib qolmoqda. Hatto, oʻrtoqlik oʻyini va boshqalarga imkon berish koʻzda tutilgan yigʻinda ham sloveniyalik murabbiy Odil Hamrabekovni olib ketishga qaror qildi. “Bunyodkor” futbolchisiga hech qanday e'tiroz yoʻq, ammo koʻpchilik uchun imkon berilishi koʻzda tutilgan yigʻinda shundoq ham barcha oʻyinda 90 daqiqa almashtirilmay toʻp suradigan Hamrabekov oʻrniga BAAdagi Aziz Gʻaniyev variantini hech yoʻq bir oʻyinda koʻrib olish toʻgʻri boʻlar edi, menimcha. Aziz standartlarni yaxshi ijro etibgina qolmay, chuqur himoyalanayotgan jamoalarga qarshi oʻyinda nozik uzatmalar bilan zarba nuqtasiga olib chiqishi mumkin. Uzoq masofadan beriladigan zarbalar haqida indamadim. Strategik tomondan, u bizga Qirgʻiz Respublikasi va Shimoliy Koreyaga qarshi oʻyinlarda kerak boʻlishi mumkin edi. Afsus, katta ehtimol Gʻaniyevni yaqin 2 yil ichida terma jamoada koʻrmasak kerak.

Xurshid Gʻiyosov

“Konchilar” safida bir necha mavsumdan beri eng stabil samaradorlik namoyish etayotgan yarim himoyachi Srechko Katanes e'tiboridan bu safar ham chetda qoldi. Xurshid Gʻiyosov oʻng va chap qanotda birdek faol boʻlish bilan birgalikda, kerakli pallada zarba nuqtasida paydo boʻlish bobida benazir ekanligi hech kimga sir emas. Xurshid hech yoʻq terma jamoa uchun nomzodlarni koʻrib olish uchun tashkil etilgan yigʻindan joy olishini koʻpchilik kutgani aniq, ammo yakunda unday boʻlib chiqmadi. U allaqachon yigʻinlarda murabbiylar shtabining falsafasini uqib boʻlgan Aziz Amonovni almashtirishi mumkin edi. Jahon chempionati saralashining hal qiluvchi oʻyinlari oldidan yana bir ijrochini koʻrib olish foydadan xoli boʻlmas edi.

Nodirbek Abdurazzoqov

Xuddi Abbosbek singari yurtimizda oʻtkazilgan U20 Osiyo chempionatida porlab chiqqan vinger OKMKda tobora asosiy ijrochiga aylanib bormoqda. Uning Aziz Xolmurodov bilan tandemi ortda qolgan mavsumda Olmaliq klubi oʻyinlarining final qismini yuqori tempda oʻtkazishiga katta hissa qoʻshdi. Katanes bu yigʻinga Aziz Xolmurodovni chaqirgan edi, ammo jarohat sababli forvard yigʻinga bora olmadi. Boʻshagan oʻrin uchun Nodirbek mantiqan olib qaralganda asosiy nomzod edi. Vaqt oʻtmoqda. Keyingi avlodlar almashinuviga hozirdan asta-sekinlik bilan tayyorgarlik koʻrish lozim. Abdurazzoqovni termada debyut qilishi vaqt masalasi.

Oybek Yuldoshev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Srechko Katanesdan "kuyganlar"...