Futbolda "el-klasiko" va "Milan derbisi" juda mashhur va muxlislar ushbu qarama-qarshilikni intiqlik bilan kutishadi. Chunki ular futbolni san'at darajasiga chiqarib yuboradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Toʻgʻri, soʻngi vaqtlarda "Milan derbisi"ga boʻlgan qiziqish biroz susaygan boʻlsa-da, lekin "Milan" va "Inter"ning shonli davrida butun jahon futbol ixlosmandlari ikkiga boʻlinganligi rost. "Barselona" va "Real" qarama-qarshiligi esa ortiqcha izohga muhtoj emas...
Aslida bugun men futbol haqida emas, yuqorida aytib oʻtgan futbol olamidagi har ikki atamaga mos keluvchi havaskor boksdagi qarama-qarshilikka e'tibor qaratmoqchiman. Ya'ni, havaskor boksdagi "el-klasiko" yoxud "Markaziy Osiyo derbisi" borasida... Ha, anglab turganizdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston boksidagi raqobat haqida soʻz ketmoqda.
Sobiq Ittifoq parchalanganidan soʻng, Olimpiada, Jahon chempionati va Qit'a chempionatlarida Oʻzbekiston va qozogʻistonlik bokschilar har doim sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelishgan. Dastavval mintaqada qozogʻistonlik charmqoʻlqop ustalari Olimpiadada anchagina salmoqli natijalar qayd etdi. Soʻngi 10 yillikda esa Oʻzbekiston terma jamoasi nafaqat mintaqada balki jahonda tengsiz ekanliklarini isbotlab kelishmoqda. Quvonarlisi, har doim "uloq"ni olib ketadigan Kuba, Rossiya va ukrainalik bokschilarni Oʻzbekiston hamda Qozogʻiston bokschilari ortda qoldira oldi.
Albatta, har ikki yurtning boks mamlakatiga aylanishining sababi oʻzaro sogʻlom raqobat ekanligi sir emas. Shuncha bosib oʻtilgan yillar mobaynida xalqaro musobaqalarda koʻplab oʻzbek-qozoq bokschilarining toʻqnashuviga guvoh boʻlganmiz. Ular orasida Bahodir Jalolov-Kamshibek Kunkabayev qarama-qarshiligi esa alohida tarix! Ha, bularga qadar, Narimon Otayev-Nurjan Smanov, Rustam Saidov-Muxtarxon Dildabekov, Elshod Rasulov-Adilbek Niyazimbetovlarning murosasiz janglariga guvoh boʻlganmiz. Biroq, Jalolov-Kunkabayev davri uzoq davom etdi.
Oʻzaro natija 7:3 koʻrinish oldi. Albatta, Jalolov foydasiga! Shuningdek Lazizbek Mullajonov ham bir bora ustun kelgandi. Biroq, bu erda biz natijaga urgʻu qaratmoqchi emasmiz. Shunchaki Kamshibek Kunkabayevning faoliyatini yakunlaganini bee'tibor qoldira olmadik. Zero, Bahodirga u munosib raqib boʻla oldi.
Shu oʻrinda qozoq bokschisining natijalariga e'tibor qaratsak, Kunkabayev faoliyati mobaynida salmoqli natijalar qayd eta oldi. Olimpiada bronza medali sohibi, ikki karra Jahon chempionatida kumush, 4 karra Osiyo chempionatida kumush, bir marotaba Osiyo oʻyinlarida kumush, Butunjahon armiya oʻyinlarida ham kumush medalni qoʻlga kiritdi.
Ajoyib natijalar a? Garchi, oltin boʻlmasa ham. Ha, bitta bokschi orzu qilishi mumkin boʻlgan sovrinlar qoʻlga kiritilgan. Aksariyat finallarda u Bahodir Jalolovdan magʻlubiyatga uchragan. Ammo yuqorida ta'kidlab oʻtganimizdek munosib jang koʻrsata olgan. Shu oʻrinda uning insoniylik jihati ham maqtovga loyiq ekanligini aytib oʻtishimiz joiz. Kamshibek bir necha bor yurtimizga tashrif buyurgan va u bilan hamsuhbat boʻlganmiz. Qolaversa, Bahodir Jalolov hamda Toʻlqin Qilichevlar ham uning xulqiga yuqori baho berganligini aytib oʻtish kerak. Xullas, biz faqat uning yaxshi taraflarini e'tirof etamiz.
Qisqa qilib aytganda, Bahodir Jalolov havaskor boksdagi faoliyatini yakunlagan boʻlsa, Kamshibek Kunkabayev rasman boksdan ketganligini ma'lum qildi. Xullas, oʻzbek-qozoq boksi qarama -qarshiligidagi yana bir epoxa oʻz poyoniga etdi.
Biz esa qozoq bokschisining keyingi faoliyatiga omad tilaymiz. Kamshibek, ajoyib raqobat uchun senga rahmat!
Shu oʻrinda ba'zi qoʻshni yurt saytlariga oʻxshab "prosmotr" uchun kurakda turmaydigan sarlavhalardan foydalanmasdan, insoniylikni birinchi oʻringa qoʻygan holda, munosib raqibni mardlarcha olqishlay olsak, muxlislar oʻrtasida oʻzaro nizo qoʻzgʻamasdan, har bir voqelikka xolis yondoshsak va sogʻlom raqobatni ilgari sursak, albatta oʻzbek-qozoq boksi yanada yuksalaveradi.
Ahmadbek EShMATOV tayyorladi
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar