22:42 / 03.02.2025
59

Alisher Nikimbayev bilan katta intervyu (1-qism)

Alisher Nikimbayev bilan katta intervyu (1-qism)
Taniqli xalqaro futbol mutaxassisi, Katar Futbol Assotsiatsiyaning katta texnik eksperti Alisher Nikimbayev bilan katta intervyu tashkil qildik. Suhbat jarayonida Nikimbayev OʻzPFL va umuman oʻzbek futbolidagi muammolar, Katanesning murabbiylik faoliyati hamda Husanovning "Siti"ga oʻtishi haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

- Assalomu alaykum, Alisher aka. Avvalambor, karerangiz qanday davom etayotgani va kelajak rejalaringiz haqida qisqacha gapirsangiz?

- Va alaykum assalom. Kareram doimgidek davom etmoqda. Hozircha Qatar futbol assotsiatsiyasida ishlashda davom etyapman. Koʻpchilik Jahon chempionatidan keyin Qatarda futbolga qiziqish hamda musobaqalar kamayadi deyishgandi. Biroq aksincha boʻlmoqda. Oʻtgan yili Osiyo kubogini, undan keyin esa 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasida Osiyo kubogini qabul qildik. Shuningdek, qit'alararo kubok hamda Fransiya superkubogi ham oʻtkazildi. Bundan tashqari, yana 2 ta katta turnir kutib turibdi. Bu - 17 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Jahon chempionati va Arab kubogi. 17 yoshgacha boʻlgan Jahon chempionatini kimdir katta turnir emas demasligi mumkin. Lekin yangi turnirda 24 ta emas, 48 ta jamoa ishtirok etadi va tashkiliy jihatlardan ham bir qator yangiliklar boʻlishi kutilmoqda. Yana aytadigan boʻlsam, oʻtgan yili Oʻzbekistondagi ilk jahon chempionatida (futzal boʻyicha) ishlash baxtiga muyassar boʻldim. Aslida, Kolumbiyada boʻladigan 20 yoshgacha boʻlgan ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatiga borishim kerak edi, lekin FIFA bilan kelishuvimizdan keyin Andijonga bordim. Oʻtgan yili bizga aloqasi boʻlmasa ham "Kopa Amerika"da ishlashga ulgurdim. Shunday ekan, davom etayotgan kareramdan kelib chiqib, oʻzimni baxtli inson deyishim mumkin.

- Koʻpchilik Srechko Katanesning yigʻinlarga koʻp marotaba kela olmaganidan tashqari oʻyin uslubini ham keskin tanqid qildi. Ularning aytishicha, biz ham chiroyli oʻynab, ishonchli tarzda raqiblarni magʻlub etishimiz mumkin ekan. Xoʻsh, sizning Katanes haqidagi fikrlaringiz qanday?

- Katanesni ishiga baho berish juda qiyin. Koʻpchilikka uning oʻyin uslubi yoqmadi, ammo natijalar yomon emasdi. Magʻlubiyatsiz seriya, toʻplangan ochkolar bundan dalolat. Qaysidir ma'noda Katanesga berilgan tayyorgarlik imkoniyati boshqalarda boʻlmagani ham haqiqat. Katanes 2021 yilda termani qabul qilib, ilk rasmiy oʻyinni 1 yildan soʻng oʻtkazgan va u jamoani bemalol shakllantirishga vaqti boʻldi. Biroq oxirgi 1,5 yilda kasalligi sababli terma yigʻinlariga kelmasligi va onlayn tarzda mashgʻulotlarni oʻtkazishi ham notoʻgʻri boʻldi. Hammasi u baribir lavozimini tark etishiga qarab ketayotgandi. Shunday boʻlsa-da, u Oʻzbekiston futboli tarixida eng koʻp oʻyin oʻtkazganlardan va gʻalabalar foizi boʻyicha ham eng yaxshilaridan biri boʻladi. Katanesga nisbatan ikki xil taassurot oʻrtasida qolamiz. Agar Oʻzbekiston jahon chempionatiga chiqsa, 70 foiz ishni u qilgan boʻladi.

- Temur Kapadzega ayni vaqtda butun futbol jamoatchiligi ishonmoqda va uni pozitiv kutib olishdi. Nima deb oʻylaysiz, Kapadze qoʻl ostida terma jamoamiz Katanes davridagidan koʻra yaxshiroq oʻyin va natijalar koʻrsatishi mumkinmi? Umuman olganda, uning murabbiylik salohiyatiga qanday baho bera olasiz?

- Kapadzening termaga kelish davri biroz noqulay boʻldi. Katanesning ilk jiddiy rasmiy oʻyinigacha deyarli ikki yil (Eronga qarshi bahs) vaqt bor edi, Temurda esa atigi ikki oy. Yaxshi hamki, yaqinda Qatarda yigʻin boʻldi. Nima boʻlsa ham, bitta uchrashuv oʻtkazishga ulgurdi (Iordaniya bilan). Temur Kapadze bilan Qatarga kelganida gaplashdik. Bilamizki, Srechko 5 nafar himoyachi bilan, Temur esa 4 nafar himoyachi bilan oʻynaydi. Biroq Kapadze tizimni oʻzgartirishga vaqt yoʻqligini va ishlayotgan mexanizmni buzib qoʻyishni istamayotganini aytdi. Shuningdek, u Katanes bilan ishlagan ayrim murabbiylarni ham qoldirmoqchi. Sababi, ular bilan hammasi osonroq boʻladi. Kapadze tanloviga kelsak, bu toʻgʻri boʻldi. Sababi, Temur yaxshi natija koʻrsatgan mahalliy murabbiylardan biri, xorijlik mutaxassis olib kelishga esa vaqt ham yoʻq. Bu Kapadze uchun yangi chaqiruv va oʻzini koʻrsatish uchun imkoniyat. Aytganimdek, Katanes 70 foiz ishni qildi va u qolgan 30 foiz ishni qilsa, yana millat qahramoniga aylanadi.

- Koʻpchilik Srechko Katanesning yigʻinlarga koʻp marotaba kela olmaganidan tashqari oʻyin uslubini ham keskin tanqid qildi. Ularning aytishicha, biz ham chiroyli oʻynab, ishonchli tarzda raqiblarni magʻlub etishimiz mumkin ekan. Xoʻsh, sizning Katanes haqidagi fikrlaringiz qanday?

- Oʻzi bu ancha qiyin savol. Sababi, har bir murabbiyning oʻziga yarasha tanlovi bor. Misol uchun, siz yoki mendan eng yaxshi 11 nafar futbolchini tanlashni soʻrashsa, sizdagi 11 futbolchi, mening tanlovimdan keskin farq qilishi mumkin. Har bir futbol muxlisi va mutaxassisining oʻzi yaxshi koʻrgan va kuchli deb bilgan oʻyinchilari boʻladi. Menimcha, kimga murabbiylik posti ishonib topshirilgan boʻlsa, unga ishonish kerak va uning tanlovlarini hurmat qilish lozim.

- Abduqodir Husanovning "Siti"ga transferi soʻnggi paytlarda juda koʻp muhokamalarga sabab boʻldi. "Oʻzbek futbolini tanqid qilganlar, qanisizlar", kabi fikrlar koʻp oldimdan chiqdi. Sizningcha, Husanovning "Siti"ga oʻtishi va bunday "katta sakrash" oʻzbek futbolida progress boʻlganidan, hammasi yaxshi ishlayotganidan dalolatmi?

- Husanov Oʻzbekiston terma jamoasi a'zosi, oʻzbek. Biroq uni Oʻzbekiston futbolining "mahsuloti" deyish qiyin. Sababi, 2022 yildan buyon Oʻzbekiston klublarida oʻynamagan va hattoki "Bunyodkor"ning oʻrinbosarlar tarkibidan oʻrin ololmagan. U Belorusga bordi va oʻsha erda oʻsdi. Shundan soʻng U-20, olimpiya va milliy terma jamoamizga chaqirildi. Shuning uchun, Husanovni koʻrsatib, ishlarimiz zoʻr deyish - kulgili. Toʻgʻri, talantlarimiz bor va buni avvaldan aytib kelganmiz. Shunday boʻlsa-da, ularga imkoniyat yaratish kerak. Shunday holat vujudga keldiki, unga Oʻzbekistonda hech qanday imkon berilmadi. U Belorusga bordi va u erda Husanov kashf qilindi. Shundan soʻng "Lans"ga bordi va oʻzini koʻrsatib, mana hozir "Siti" safiga koʻchib oʻtdi. Shunday ekan, Husanovning oʻzini oʻzbek futbolidagi progress deb koʻrsatish kulgili, nazdimda.

Karim Xudayqulov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport