Ayni paytda koʻplab klublarimiz Antaliyada oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini olib borishmoqda va nazorat bellashuvlari ham tashkil qilinmoqda.
Kuni kecha “Andijon” Bosniya va Gertsegovina chempioni – “Boras Banya-Luka” jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Ushbu uchrashuvni koʻrish uchun stadionga bir qancha futbol mutaxassislari tashrif buyurishdi. Ularning orasida esa Ulugʻbek Asanbayev ham bor edi.
Uni yaxshi bilsangiz kerak, ayniqsa, yaqinda Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtishida eng birinchi xabar aynan Asanbayevning Husanov va Gvardiola bilan tushgan surati butun dunyoga tarqalgach, ovoza boʻlgandi.
Futbol menejeri sifatida faoliyat yuritayotgan Ulugʻbek Asanbayevning Abduqodirni Evropaga kelishiga va xususan “Manchester Siti”ga oʻtishida ham xizmati bor.
Fursatdan foydalangan holda “Andijon” – “Boras Banya-Luka” uchrashuvidan keyin Asanbayev bilan qisqacha suhbatda boʻldik.
- Ulugʻbek aka, avvalo “Andijon” ishtirokidagi uchrashuvga baho bersangiz?
- Yigʻin paytida hisobga e'tibor berilmaydi. Asosiysi, chempionat boshlanishiga tayyorgarlik koʻrish qanday ketayotganiga ahamiyat qaratgan ma'qul. Shu bilan birga oʻtgan yilgi va hozirgi “Andijon”ni bir-biriga taqqoslab chiqish kerak boʻladi. Bugungi “Andijon” oldingisiga nisbatan katta oʻsishga erishgan. Bundan keyin ham viloyat rahbariyati, homiylar va muxlislar klubga yanada koʻproq e'tibor qaratishadigan boʻlishsa, “Andijon” tez orada bayroqdor jamoalardan biri darajasiga chiqadi.
- Abduqodir Husanovning transferi boʻyicha juda koʻp gapirildi. Bu xususida nima degan boʻlardingiz?
- Abduqodir Husanov bilan bogʻliq vaziyatga alohida toʻxtalib oʻtmoqchi emasman. Nega deganda, uning “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtishi borasida kichik film tayyorlanyapti. Unda hammasi qay tarzda roʻy bergani, bu xususidagi intervyu va mulohazalar bayon etiladi. Muxlislar shuni koʻrib, hammasini oʻzlari bilib oladilar.
- Futbolchimiz debyutini “Chelsi”ga qarshi oʻtkazdi va nimalar boʻlganini hamma koʻrdi. Sizning munosabatingiz qanday?
- Bu - Gvardiola! Uning pullari juda ham koʻp. Shu sabab u nimani istayotgan boʻlsa, shuni amalga oshiraveradi. Futbolchining qandayligini bilish muhim. Gvardiola oxirgi 20 kun davomida tuzukroq tayyorgarlik koʻrmagan futbolchini “Chelsi”dek kuchli raqibga qarshi bahsga qoʻydi. Oʻylaymanki, bir yildan keyin Husanov jahonning eng zoʻr oʻn himoyachilaridan biriga aylanadi.
- Nima deb oʻylaysiz, Husanov orqali endi Gvardiola oʻzbek futbolidan xabardor boʻlib boryaptimi?
- Gvardiola oʻzbek emas, ingliz futbolini zoʻr biladi! Agar u oʻzbek futbolchisining Angliya futboliga mos keladi, degan toʻxtamga kelgan boʻlsa, demak, toʻgʻri qaror qabul qilgan. Xudo nasib qilsa, bu kabi futbolchilarimiz yanada koʻpaysin va ular Angliya, Ispaniya va Evropadagi yana boshqa kuchli chempionatlarda oʻynasinlar! Buning uchun faqat astoydil ishlash, akademiyalarga kuchli mutaxassislarni jalb etish kerak.
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar