
Oʻzbekistondan etishib chiqqan eng yorqin iste'dodlar orasida Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullayevning oʻz oʻrni bor.
20 yoshli himoyachi Abduqodir Husanov qisqa fursatda Evropaning eng qudratli klublaridan “Manchester Siti” safiga qoʻshildi. Ayni paytda Rossiya Premer-ligasida SSKA jamoasi sharafini himoya qilayotgan 21 yoshli Abbosbek Fayzullayevning “koʻhna qit'a”ga yoʻl olishi oxirgi ikki yil ichida eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzulardan hisoblanadi.
“Surxon” jamoasida faoliyat yuritayotgan murabbiy Stanislav Kudryashov Rossiyaning “BIZNES Online” nashriga bergan intervyusida har ikki futbolchi haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.
- Abduqodir Husanov jismoniy koʻrsatkichlari tabiatan kuchli boʻlgan baquvvat futbolchi. Uning ustun jihatlari atletizm va kuch-qudratida.
Husanovni yorqin kelajak kutmoqda, lekin u oʻzini bir yil davomida kuzatib kelgan “Nyukasl”ga oʻtganida yaxshi boʻlardi. Aslida oʻsha jamoaga oʻtishi kerak edi, biroq futbol – bu biznes, pul degani. Unga Fransiyadan Angliya futboliga moslashishida oʻtish davri boʻlishi kerak edi.
SSKAda toʻp tepayotgan Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” yoshlar jamoasida mening qoʻl ostimda ikki yil oʻynagan.
Juda talantli yigit, Xudo uni iqtidor bilan siylagan, juda yaxshi futbol oʻynaydi. Agar keyinchalik yana yaxshi klubga tushsa, kelajagi porloq.
Men uni Ispaniya va Portugaliya futboliga mos oʻyinchi, oʻsha mamlakatlar klublarida oʻynaydigan futbolchi sifatida koʻraman. Angliyada jismoniy tomondan biroz qiyin boʻladi, chunki koʻrsatkichlari unchalik toʻgʻri kelmaydi, - dedi Stanislav Kudryashov.
Eslatib oʻtamiz, Abduqodir Husanov futbolning dastlabki sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida oʻrgangan. Professional faoliyatini 2022 yili Belarus chempionatida “Energetik-BGU” jamoasida boshlagan.
Bir yildan keyin Fransiyaning oʻsha paytdagi vitse-chempioni “Lans”ga koʻchib oʻtdi. Bu jamoada oʻz iqtidorini namoyish qilgan markaziy himoyachi Evropaning bir qator grand klublari oʻrtasida talash boʻldi.
20 yanvar kuni Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti” Abduqodir Husanovni bonuslar bilan qoʻshib hisoblaganda 50 million yevro evaziga oʻz safiga qoʻshib oldi.
Husanov Fransiya va Angliya yuqori divizionida ishtirok etgan birinchi va hozircha yagona oʻzbek futbolchisi hisoblanadi.
Abbosbek Fayzullayev esa, “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va professional faoliyatini Oʻzbekiston superligasida boshlagan. Fayzullayev 2023 yilning avgustida Moskvaning SSKA klubiga koʻchib oʻtdi.
Legioner sifatida yuqori saviyada oʻynab kelayotgan futbolchimizga keyingi yillarda Italiya, Ispaniya, Fransiya va Germaniya jamoalaridan qiziqish boʻlayotgani haqida ma'lumotlar tarqatilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar