
“Roma” UYeFAning eng nufuzli turnirlaridan biri – Evropa ligasining pley-off oʻtish uchrashuvida kuchli raqib “Portu”ga duch kelib, bu toʻsiqdan muvaffaqiyatli oʻtdi.
Safardagi birinchi bellashuvdan rimliklar 1:1 hisobidagi durang bilan qaytgan edi. “Olimpiko”dagi bahs ham rimliklar uchun qiyin boshlandi. Mezbonlar 27-daqiqada darvozabon Svilarning xatosi tufayli gol oʻtkazib yubordi.
Oʻyinda burilishni Eldor Shomurodov va Paulo Dibala yasadi. Legionerimiz argentinalik yulduzni chiroyli kombinatsiya bilan darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqardi. Eldordan assist. Keyinroq Shomurodovning oʻzi ham gol urgandi. Biroq offsayd tufayli bu hisobga olinmadi.

Bahs 3:2 hisobida “Roma” foydasiga hal boʻldi. Shu tariqa, “Roma” qatorisiga 11-marotaba Evropa miqyosidagi xalqaro turnirlarda 1/8 finalda oʻynaydigan boʻldi. “Boʻrilar” 2015 yildan beri UYeFA tasnifidagi uch musobaqa – Chempionlar ligasi, Evropa ligasi va Konferentsiyalar ligasida bu bosqichga yoʻllanma olib kelayotgan Italiyaning yagona jamoasi hisoblanadi.
Bu orada rimliklar 2022 yili ilk bor oʻtkazilgan Konferentsiyalar ligasining birinchi gʻolibi boʻldi. Keyingi yili Evropa ligasi finalida oʻynadi. Bu gal ham Klaudio Raneri Evropa ligasi bosh sovrinini qoʻlga kiritib, jamoasini Evropa Chempionlar ligasiga olib chiqmoqchi.
73 yoshli taniqli murabbiy oʻyindan keyin intervyu berib, Eldor Shomurodov haqida ham alohida toʻxtalib oʻtdi.
- Jamoada zoʻr futbolchilarning jamlangani qiyin raqiblarni engishda qoʻl kelmoqda. Xususan, Paulo Dibala kabi oʻyinchining tarkibda borligi koʻp narsani hal qiladi. U jamoani oʻz ortidan ergashtira oladi.
Paulo kam gapiradi. Lekin gapirganida doim kerakli gaplarni topa oladi. Aynan uning yordamida oʻyin stsenariysini oʻzgartira oldik.
Natijadan xursandman. Lekin bu bilan toʻxtab boʻlmaydi. Biz jamoa sifatida hali takomillashib borishimiz kerak. Biz qarshi hujumlarda gol oʻtkazib yuborayotganimizni hamma biladi. Chunki oʻzimiz shunga sharoit yaratib beryapmiz. Masalan bu galgi bahsda ham 3:1 hisobida oldinda borayotgan boʻlsak-da, futbolchilar yana oldinga tashlanishdi. Oqibatda hisobdagi farq qisqardi. Bunga yoʻl qoʻyish kerak emas.
Men Eldor Shomurodovning hisobiga gol yozilmaganidan afsuslandim. Bu futbolchi borini beryapti, juda koʻp yuguryapti. U har doim yordam berishga tayyor. Yugurganda ham shunchaki yugurmaydi. Eldor maydonni yaxshi koʻra oladi, texnikasi ham joyida. Men uni butun qalbim bilan yaxshi koʻraman, - dedi Klaudio Raneri.
29 yoshli Eldor Shomurodov joriy mavsumda A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida jami 22 ta uchrashuvda ishtirok etib, uchta gol va ikkita assist muallifi boʻldi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar